Jamiyat | 19:30 / 20.07.2019
97080
13 daqiqa o‘qiladi

Faktlarga qarshi yurish. Muxbir nega hamkasbiga tosh otib, qurilish maydonida o‘qituvchilarni izlab yuribdi?

Kun.uz tahririyatiga juda ko‘plab murojaatlar kelib tushadi. Imkoniyatlardan kelib chiqqan holda eng dolzarb, ko‘pchilikning muammosini hal qilib berishi mumkin bo‘lgan mavzularni tanlaymiz.

Murojaatni joyiga borib o‘rganish ham alohida murakkab jarayon. Ba'zida yillar davomida shakllangan, ikki-uch to‘plam hujjatlarga jo bo‘lgan muammoli holatlarni tahlil qilishga to‘g‘ri keladi. Masala bilan tanishib, uning ichiga kirib borguncha aql shoshadi. Surishtiruvlar barcha ziddiyatli tomonlarni tinglagan holda olib boriladi.

Eng muhimi esa masalani to‘g‘ri va xolis yondashuv bilan maqola yoki videomaterial ko‘rinishiga keltirib e'lon qilishda. Hamisha bilib-bilmay, «oqni qora, qorani oq», demadikmikin, kimningdir manfaatini himoya qilib qo‘ymadikmikin, haqiqatdan uzoq ketib qolmadikmikin, degan xavotirlar bo‘ladi.

Qarangki, bir necha kun oldin Kun.uz saytida e'lon qilingan «Chustdagi maktab muallimalari qurilish ishlarida javlon urishmoqda. «O‘z xohishi» bilan...» sarlavhali maqoladan keyin «Sevimli TV» muxbiri ham Chustga borib, «Zamon» ko‘rsatuvi uchun jurnalistik surishtiruv o‘tkazibdi va maktab hududida o‘qituvchilarni va hatto maktab direktorini «topa olmasdan», «O‘qituvchilar ta'mirlash ishlariga jalb etilganmidi?» sarlavhali videolavhasida saytdagi maqolada keltirilgan faktlar yolg‘onligini «fosh etib» qaytibdi...

Keling, hammasini boshidan boshlaylik.

Video: Youtube

Voqeaning asli

Chust shahridagi 9-maktab o‘qituvchilari sayt tahririyatiga ta'til chog‘ida dam olish o‘rniga maktabdagi qurilish ishlariga majburan jalb qilinayotganliklari haqida foto va videolavhalar jo‘natib yordam so‘rashdi.

«Namangan viloyati, Chust shahridagi 9-maktab o‘qituvchilari mehnat ta'tili davrida majburiy mehnatga jalb qilinmoqda. O‘qituvchilar direktorning «Kelmasangiz dars soati berilmaydi», degan dag‘dag‘asidan qo‘rqib ishga chiqishmoqda. Bunday ishlar qachon tugaydi? Kim biz o‘qituvchilarni himoya qiladi?», deyilgandi murojaatda.

Ma'lum qilinishicha, ishlar 12 iyul kunidan boshlangan.

Shundan so‘ng, sayt vakillari vaziyatni o‘rganish uchun Chustda bo‘lishdi va maktab hududida jazirama issiqda quruvchilar bilan tengma-teng mehnat qilayotgan muallimalarni uchratishdi. Turli yumushlarni bajarayotgan pedagoglar fotokamera nigohidan qochishga harakat qilishgan va suhbatlashishni istashmagan.

Maktab direktori Ravshanoy Ismoilova o‘qituvchilar maktab hududida ishlayotganini tasdiqlagan.

«Maktabimizda «Obod markaz» dasturi asosida kapital ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. 1 avgustgacha topshirilishi kerak.

O‘qituvchilar ta'tilga chiqishgan. Faqat bir kunga hashar qilib chaqirdim. Hech kimni majburlab ishlatayotganim yo‘q. Qaysi o‘qituvchi e'tiroz bildiribdi? Familiyasini aytmadimi? Maktab ichida-ku, tashqarida emas-ku? Hashar qilib chaqirgandim. Maktab atrofida ishlar ko‘p, birov chetdan kelib qilib bermaydi-ku? Men bir o‘zim qila olmayman-ku?

Shukrona keltirishimiz kerakki, maktabimiz qanday ahvolda edi-yu qanday bo‘lyapti? Yurgandik-ku yomon sharoitlarda», degan maktab direktori.

(Unga qo‘shilgan boshqa bir o‘qituvchi esa ora-orada bir kundan kelib ketishayotganini aytgan. Ya'ni, maktab direktori aytganidek faqat bir kun emas. Tahririyatda boshqa kuni ham o‘qituvchilar tozalash ishlarida ishlagani tasvirlangan video bor. Qolaversa, maktab direktori bir safar o‘qituvchilar maktab ichida ishlayotganini ro‘kach qilsa, uning davomidan maktab atrofida ishlar ko‘pligini aytmoqda).

Maktabga tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri Shavkatbek Yo‘ldoshev yetib kelgan. U Chust tumanidagi 9ta ta'lim muassasasida qurilish ishlari ketayotgani haqida gapirib, o‘qituvchilar maktabda ishlayotganidan bexabarligi, texnik xodimlar ishlayotgan bo‘lishi mumkinligini aytib turganida, ichkarida quruvchilar bilan mehnat qilayotgan o‘qituvchilar chiqib kelishgan.

XTB boshlig‘i ularni ko‘rgach, «yo‘q, bular texnik xodimlar, o‘qituvchilar emas», deya olmagan.

Oftob urmasligi uchun oq yopinchiqlar yopingan ayollarning barchasi XTB boshlig‘i oldida o‘qituvchi ekanliklarini va o‘z xohishlari bilan maktabga kelib, ishlayotganini aytishgan. O‘zini boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Sanoatxon Abdurahmonova deb tanishtirgan o‘qituvchi 10 iyun kuni ta'tilga chiqqanini aytadi. Ingliz tili o‘qituvchisi Burayma Mamadaliyeva esa ikki oy ichida ikkinchi marta ishga chiqishgani haqida gapiradi.

«Ikki oy ichida ikkinchi marta kelishimiz. Ixtiyoriy keldik. Agar biz ishlasak mudirimiz va maktab direktori bundan xijolat bo‘lsa boshqa kelmaymiz.

Endi-da. Aytmoqchimanki, har kuni jalb qilishmaydi-da. Chunki o‘zimiz tashabbus qilib direktorga telefon qilib turamiz-da, bizdan nima xizmat, nima qilish kerak deb. Tashabbus bilan ikkinchi marta chiqishimiz-da, to‘g‘risi. Kimgadir malol kelib, shikoyat qilgan bo‘lsa o‘ziga-da. Javobgarligi o‘ziga. Ishlashni istamagandir-da. Kelmasinda unda.

Biz ko‘chadan o‘tayotganimizda hamisha direktor o‘tirgan bo‘ladi. Keyin telefon qilib, Ravshanoy bizdan nima yordam, bizam hissa qo‘shaylikmi, deb so‘raymiz. Bo‘pti ertaga kelinglar dedilar. Kelib ozroq tozalov qildik», deydi Burayma Mamadaliyeva.

Shunday qilib, barcha «quruvchi-o‘qituvchilar» bir ovozdan qurilishga o‘z xohishlari bilan kelishganini jo‘r bo‘lib izhor etishgan. Bularning barchasini audioyozuvlarda eshitib olishingiz mumkin.

E'tibor qarating, mana shu suratdagi, so‘ri atrofida turganlarning barchasi o‘qituvchilar...

Bundan bir necha kun o‘tib tayyorlangan lavhada telekanal muxbiri Chustdagi 9-maktabga borib, qurilishda ishlayotgan o‘qituvchilarni izlaydi.

Axir bu maktabda majburiy mehnat aniqlanib, bu masala ijtimoiy tarmoqda keng muhokama bo‘layotgan bir paytda o‘qituvchilarni yana maktabda ishlatilayotgan holda ko‘rmoqchi bo‘lish mantiqdanmi?

Chust tumani hokim o‘rinbosari Zuhriddin Boyboyev telekanal muxbiriga bergan intervyusida qurilish ishlariga o‘qituvchilar va shifokorlar jalb qilinmaganini aytib o‘tgan.

«Bu ishlarning barchasi tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan. Qurilish ishlariga xalq ta'limi, maktabgacha ta'lim yoki sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari jalb qilinmagan. Mutasaddilar, maktab direktorlari va sog‘liqni saqlash boshqarmalari, maktabgacha ta'lim boshqarmalari rahbarlarini yig‘ib, soha xodimlarining birortasini bu ishlarga jalb qilmaslik kerakligi tushuntirilgan», deydi hokim o‘rinbosari.

Vaholanki, yuqorida hech kim o‘qituvchilar maktabdagi ishlarga jalb etilganini inkor qilmagandi. U Chustdagi 4ta maktabda «Obod markaz» doirasida ishlar olib borilayotganini aytgani va bu gap xalq ta'limi bo‘limi mudiri Shavkatbek Yo‘ldoshevning 9ta ta'lim muassasasida qurilish ishlari ketayotgani to‘g‘risidagi gaplariga mos kelmayotgani esa boshqa masala.

Maktabdagi qurilishlarda o‘qituvchilar va texnik xodimlar ishlayotgani ustidan chiqmagan muxbir xalq ta'limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari Davron Aralovdan ham intervyu olgan.

«O‘qituvchilarni va texnik xodimlarni grafik asosida ta'tilga chiqaramiz. 1 iyul kuni maktab direktorlari ham to‘liq ta'tilga chiqib bo‘lgan. Mana, o‘zlaring ham ko‘rib turibsizlar, maktabda xodimlar, direktor o‘rinbosarlari va hatto direktor ham yo‘q. Aylanib, ko‘rib chiqdik», deydi mudir o‘rinbosari.

Holbuki, Kun.uz sayti muxbiri bir necha kun oldin shu maktabda bo‘lganida maktab direktori har kuni shu yerdaligi yashirib o‘tirilmagandi.

Telekanal muxbiri «ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan» (ya'ni, Kun.uz saytida) 10dan ziyod suratlar ichidan ikkitasini tanlab, o‘sha suratdagi ayollarni topibdi.

Muxbir XTB mudiri Shavkatbek Yo‘ldoshev, maktab direktori Ravshanoy Ismoilova va suratlardagi yigirmaga yaqin o‘qituvchilarni aylanib o‘tib, «Mehnatobod» MFY obodonlashtirish unitar korxonasi ish yurituvchisi Aziza O‘rinova hamda o‘sha kuni maktab hududida ishlagan ishchilar Ziyoda O‘zozaliyeva va Shoira Amanullayevani topib, ular bilan gaplashgan.

MFY mas'ulining tumtaroq gaplari bir necha marta kesilgan va juda ishonchsiz ko‘ringan. Lekin gap bundamas.

Ma'lumki, mahalladan jamoatchilik ishlariga jalb qilingan ayollar asosan tumandagi obodonlashtirish ishlarida faoliyat yuritishadi.

Unda ular 9-maktabni ta'mirlash uchun yollangan bosh pudratchi «Obidjon Akmalxon hamkor» MChJning qurilish maydonida nima qilishyapti? Yoki bu ayollar qurilish tashkiloti bilan shartnoma tuzganmi? Ish haqi oladimi? Agar jamoatchilik asosida ishlayotgan bo‘lsa ko‘chada o‘z ishini qilmaydimi? Bular mehnat inspeksiyasiga savollar.

Televideniye ijodkorlari suratlardagi qator turgan boshqa ayollar - o‘qituvchilarni topib gaplashishni istashmagan ko‘rinadi. Ularning yuzlari suratlarda aniq aks etgan bo‘lib, raddiyachi muxbir tuman xalq ta'limi bo‘limiga murojaat qilganida, maktab direktoridan so‘raganida o‘qituvchilarni topish mumkin edi.

Lavha davomida muxbir jon-jahdi bilan 9-maktabda o‘qituvchilar umuman majburiy mehnatga jalb qilinmaganini isbotlashga uringan, saytda, telemuxbir ta'biri bilan aytganda «ijtimoiy tarmoq»da yoritilgan masala qo‘shtirnoq ichidagi «majburiy mehnat» deb atalgan, muxbir mutasaddilar aytgan gaplarga ishonib qaytgan. Axir kimdir uni haqiqatni yashirishga majburlamagandir?

Lekin Kun.uz saytidagi birinchi maqolada o‘qituvchilar tomonidan yo‘llangan murojaatga fotolar va videolavhalar ilova qilingani aytilgandi-ku? Umuman, telemuxbir ishga kirishishdan oldin maqolani o‘qiganmidi?

Mutasaddilar maktab o‘qituvchilarini, umuman budjetdan maosh oluvchi sohalar xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilishi holatlari avval ham bo‘lgan, bugun ham bo‘lmoqda, bundan keyin ham davom etadi. Shu kunlarda ham respublikaning turli chekkalarida xalq ta'limi va sog‘liqni saqlash sohalari xodimlari majburiy mehnatga jalb etilayotgani to‘g‘risida ketma-ket xabarlar chiqib turibdi. Goh Kosonsoyda o‘nlab maktablardan safarbar etilgan o‘qituvchilar beton quyishsa, goh Buxoro davlat universiteti o‘qituvchilari tozalash-qurilish ishlarida qatnashmoqda, goh Marg‘ilon shahrida kollej o‘qituvchilari uy buzish ishlariga jalb etilsa, goh Zomin tumanida tibbiyot xodimlari magistral yo‘lda tozalash ishlariga majburiy olib chiqilmoqda.

O‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilayotganiga shuncha faktlar bo‘la turib, nega «Sevimli TV» muxbiri Umida Qo‘shoqova o‘zini go‘llikka soldi, bilib bilmaslikka, ko‘rib ko‘rmaslikka oldi, hamkasblariga tosh otdi va ishni to‘liq o‘rganmay turib o‘zini g‘olibdek tutdi? Telekanal nega o‘z auditoriyasiga yolg‘onni ko‘rsatmoqda? Nega hokimiyat vakillari aldashmoqda? Nega bir-birini inkor qiluvchi gaplar bilan sharmanda bo‘lishlari haqida o‘ylashmayapti?

Chustdagi maktabda ro‘y bergan majburiy mehnat voqeasi ham Bandlik va mehnat munosabatlar vazirligi va Xalq ta'limi vazirligi tomonidan o‘rganilmoqda. Ishonch bildiramizki, voqea chuqur tahlil qilinib, aybdorlar chora ko‘riladi.

Telekanallar muxbirlarini esa hadeb internet saytlari xabarlariga raddiya tayyorlashga shoshilmaslikka, lavha tayyorlayotganda voqeani chuqurroq tahlil qilishga, imkon qadar xolis bo‘lishga chaqirib qolamiz.

Qarshiyev Aziz,
Elmurod Ermatov

Mavzuga oid