Jamiyat | 18:27 / 22.07.2019
35298
6 daqiqa o‘qiladi

Navoiylik hunarmand: «Viloyatdagi byurokratik to‘siqlardan to‘ydim»

Kun.uz tahririyatiga Navoiy shahridan murojaat yo‘llagan hunarmand Jahongir Irgashev bilan uchrashib, e'tirozlarini tinglaganimizda, u gapni aynan sarlavhadagi so‘zlar bilan boshladi.

Xo‘sh, u qanday to‘siq va muammolardan aziyat chekmoqda?

«Tol novdalaridan buyum yasash bilan shug‘ullanaman. 25-maktab internatida imkoniyati cheklangan tarbiyalanuvchilarga ham o‘z hunarimni o‘rgatib kelmoqdaman. Ammo xomashyo doim muammo bo‘lgani uchun yer olib «Amerika toli»ni o‘zim yetishtirishni maqsad qildim. Juda ko‘p ovoragarchiliklar bo‘ldi. Tashabbusimni hech kim qo‘llab-quvvatlamadi. Ancha sarson bo‘lganimdan keyin Karmana tumanidagi Navoiy davlat o‘rmon xo‘jaligiga tegishli hududdan ijara asosida uch gektar yer ajratishdi. Zarafshon daryosi qirg‘og‘iga yaqin hududdan. Shu yerni olishga majbur bo‘ldim. Keyin mablag‘ masalasidan ham ancha qiynaldim. Bankdan mablag‘ ajratilishi ham oson bo‘lmadi. Daryo bo‘yida «Amerika toli»ni ekdim. Ammo muammolar juda ko‘p. Navoiy davlat o‘rmon xo‘jaligi bilan tuzgan shartnomamiz ham mukammal emas. Pudratchining manfaatlariga ko‘p tomonlama zid. Bularning hammasi hunarmand uchun byurokratik to‘siqlar. Shu tufayli hozir faoliyatim ham boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Hunarmandni viloyatda hech kim qo‘llab-quvvatlamaydi», – deydi murojaatchi.

O‘rganish davomida ma'lum bo‘lishicha, Jahongir Irgashev bir necha yildan buyon toldan turli buyumlar yasash bilan shug‘ullanib keladi. U 2015 yili 25-maktab internatda to‘garak ochgan va hozirgacha imkoniyati cheklangan tarbiyalanuvchilariga ham o‘z hunari sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqda.

Ammo xomashyo muammo bo‘lgani tufayli «Amerika toli»ni o‘zi yetishtirishga qaror qiladi va yer so‘rab turli joylarga murojaat qiladi. 2018 yilda unga Zarafshon daryosi bo‘yidagi Navoiy davlat o‘rmon xo‘jaligiga tegishli hududdan ijara asosida 3 gektar yer ajratiladi. Shartnoma 40/60 shaklida, ya'ni yetishtirilgan mahsulotning 40 foizi o‘rmon xo‘jaligiga, qolgan 60 foizi pudratchiga shaklida tuzilgan va bir yilga tuzilib, har yili yangilanadi.

Irgashevning ta'kidlashicha, u shuncha byurokratik to‘siqlardan so‘ng yer va mablag‘ga erishganidan keyin ham muammolar davom etmoqda. Misol uchun, yer Zarafshon daryosi bo‘yida joylashgani uchun suv toshqinlari bo‘lib turadi va u yetishtirayotgan mahsulotlarga katta zarar yetkazadi. Bu yil ekilgan tollar ham suv toshqinlari tufayli talafot ko‘rgan.

Ammo shartnoma bandlarida bu holatlar ko‘rsatilmagan. Shuning uchun ham ko‘rilgan ziyon tufayli o‘rmon xo‘jaligidan qarz bo‘lib qolgan. Shartnoma mukammal bo‘lmasa-da, yer zarurligi uchun uni imzolashga majbur bo‘lgan. Hunarmand yangi shartnoma tuzilishida shu tomonlarga e'tibor qaratilishini istamoqda.

Shuningdek, hunarmand viloyat irrigatsiya boshqarmasi va Karmana tumani irrigatsiya bo‘limi mas'ullaridan ham norozi. Ta'kidlanishicha, bu tashkilotlar daryo bo‘yidan ijara asosida yer olib faoliyat yuritayotgan hunarmand va tadbirkorlar bilan yetarlicha hamkorlik qilmaydi. Zarur ko‘rsatma va tavsiyalar bermaydi.

Irgashevning e'tirozlari asosida tegishli tashkilotlar mutasaddilari bilan ham suhbatlashdik. Navoiy viloyati irrigatsiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O.Sadinov va Karmana tumani irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i D.Rajabovning bildirishicha, yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgani tufayli suv toshqinlari bo‘lib turadi. Hunarmand ularga biror marta ham bu masalada murojaat qilmagan. Mutasaddilar masala joyida o‘rganilib, mutaxassislar tomonidan tegishli choralar ko‘rilishiga, hunarmandga tavsiyalar berilishiga va'da berdi.

Navoiy davlat o‘rmon xo‘jaligi mas'ul xodimi E.Bozorovdan hunarmand bilan tuzilgan shartnoma yuzasidan izoh so‘radik.

«Bizga o‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasidan shartnoma namunalari taqdim qilingan. Shu asosida shartnoma tuzilgan. Pudratchi zarar ko‘rsa ham shartnoma bo‘yicha mablag‘ni to‘lashi lozim», – deydi Bozorov.

Murojaatchi ta'kidlaganidek, shartnoma mukammal emasmi?

Ushbu savolga javob topish maqsadida Navoiy shahar adliya bo‘limi boshlig‘i A.Xolmo‘minov bilan tomonlar ishtirokida suhbatlashdik.

A.Xolmo‘minov shartnoma ikki tomonlama tuzilib, imzolangandan keyin huquqiy asosga ega bo‘lishini ta'kidlab, ko‘proq o‘rmon xo‘jaligi manfaatlari ustun qo‘yilgani, yangi shartnoma tuzilayotganda ayrim bandlar qayta ko‘rib chiqilishi lozimligi, nizolar yuzaga kelsa sud orqali hal qilinishini bildirdi va har ikki tomonga tegishli tavsiyalarni berdi.

Hunarmand J.Irgashevning ta'kidlashicha, u ayni vaqtda «Hunarmand» uyushmasiga a'zo emas va ko‘rilgan zarar tufayli bunga mablag‘i ham yo‘q. U viloyatdagi tegishli tashkilotlar tomondan yetarlicha qo‘llab-quvvatlov bo‘lmagani tufayli hunarmandchilik mahsulotlarini sotishda ham qator muammolarga duch kelmoqda.

Kun.uz hunarmand J.Irgashevni qiynayotgan qator masalalar Navoiy viloyatidagi tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganilib, unga amaliy yordam berilishiga ishonch bildiradi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid