O‘zbekiston | 20:00 / 24.07.2019
31810
5 daqiqa o‘qiladi

«Lukoyl»dan 146 dollarga gaz olib, 40 dollarga sotdik - «O‘ztransgaz» raisi o‘rinbosari gaz eksportining ichki iste'molga ta'siri haqida gapirdi

Bugun, 24 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «O‘ztransgaz» AJ mutasaddilari tomonidan tashkil etilgan tadbirda aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta'minlash, eksport masalalari va tizimdagi qator muammolar o‘zaro muhokama etildi.

Tadbirda boshqaruv raisi o‘rinbosari Murodulla Boshmanov tabiiy gaz eksporti bo‘yicha ma'lumot berdi.

«Tabiiy gaz eksporti ichki iste'molga ta'siri bo‘lyapti. «Lukoyl» kompaniyasidagi qarzdorligimiz shunga sabab bo‘ldi. Aslida, bunday bo‘lishi kerakmas. O‘tgan yili balans ko‘rsatkichlaridagi ayrim xatoliklar tufayli ushbu vaziyat yuzaga keldi. «Lukoyl»dan 146 AQSh dollariga gaz olib, 40 dollardan sotdik. Natijada biz zarar ko‘rdik. Bu xato bizniki va uni o‘zimiz to‘g‘irlashimiz kerak. Aholining gaz iste'moliga ta'sir o‘tkazmasligimiz kerak», - deya Boshmanovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, anjumanda O‘zbekiston tabiiy gazi qaysi davlatlarga eksport qilinayotgani ma'lum qilindi. Unga ko‘ra, «O‘ztransgaz» AJ ayni vaqtda Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Xitoyga tabiiy gaz yetkazib bermoqda. Shu yilning boshidan eksport ko‘rsatkichlari fizik hajmda 6454,7 mln kub metrni tashkil etdi. Yil yakunida esa bu raqam 15 565,0 mln kub metrga yetishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Reuters agentligi shu yilning mart oyida O‘zbekiston «Lukoyl»dan 2018 yilda gaz yetkazib bergani uchun 600 million dollarga yaqin qarz bo‘lib qolgani haqida xabar bergan edi.

Bu xabar ortidan, aprel oyi boshida Baxtiyor Anorqulov «O‘ztransgaz» kompaniyasi raisining moliya bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi lavozimidan ozod etildi.

«Lukoyl»ning qazib olish bo‘yicha katta vitse-prezidenti Azat Shamsuarov qarzdorlik mahsulotni bo‘lishib olish to‘g‘risidagi kelishuvda qazib olingan gaz to‘liq eksport qilinishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa ham, O‘zbekiston qazib olingan gazning bir qismini ichki bozorga olib qolgani sababli vujudga kelganini ma'lum qilgandi.

«O‘zbekneftgaz» o‘sha vaqtda hech qanday izoh bermagan edi.

May oyi boshida O‘zbekiston energetika vazirining birinchi o‘rinbosari, «O‘zatom» agentligi boshlig‘i Jo‘rabek Mirzamahmudov «O‘zbekneftegaz»ning «Lukoyl»dan qarzdorligi bo‘yicha izoh bergandi.

«Bu ikki kompaniyaning o‘zaro munosabati va bu munosabatlar o‘zaro bir-birini tushunish asosida muvaffaqiyatli kechmoqda. Iste'mol o‘sishi munosabati bilan gaz olingan. Ammo vaziyat nazorat ostida. Tomonlarning kelishuviga muvofiq munosabatlar tartibga solinmoqda. Qarz bilan bog‘liq muammo yo‘q», – degandi Mirzamahmudov.

Ma'lumot uchun, «Lukoyl» O‘zbekistonda Qandim-Havuzak-Shodi-Qo‘ng‘irot va Janubi-Sharqiy Hisor loyihalarida mahsulotlarni bo‘lib olish sharti bilan ish olib bormoqda. Loyihalarda ishlab chiqarilgan gaz asosan Xitoyga yetkazib beriladi.

«Praym» agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, martda «Lukoyl» O‘zbekiston bilan Qandim loyihasidan yiliga 5 mlrd kub metrgacha gazni ichki bozor uchun eksport netbekiga 12,5 foizlik chegirma bilan yetkazib berishga kelishgan.

Iyun oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Senatdagi chiqishi vaqtida «Lukoyl» kompaniyasidan 600 mln dollar miqdoridagi qarzdorlik haqida gapirgandi. Prezident mas'ullar mahsulotni bo‘lib olish to‘g‘risidagi bitim imzolash oldidan milliy manfaatlarni hisobga olishi kerakligi, lekin bu holatda milliy manfaatlar hisobga olinmaganini aytgan.

Mavzuga oid