O‘zbekiston | 07:44 / 24.07.2019
36369
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda hokimlar ishi yangi tizim bo‘yicha baholanadi

O‘zbekistonda barcha darajadagi hokimlar ishi yangi tizim bo‘yicha baholab boriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kichik biznes va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma'lum qilindi.

Davlat rahbari viloyat, tuman, shahar hokimlari va ularning birinchi o‘rinbosarlari mutlaqo yangicha ishlab, 70 foiz vaqtini hududda tadbirkorlikni rivojlantirishga sarflashi kerakligini ta'kidladi. 

Har bir viloyat, tuman va shahar hokimlari va ularning birinchi o‘rinbosarlari faoliyatiga yangi tashkil etilgan yoki faoliyati qayta tiklangan kichik korxonalar va ularda yaratilgan ish o‘rinlari sonidan kelib chiqqan holda baho berib, rag‘batlantirish bo‘yicha yangi tizim joriy etish vazifasi qo‘yildi. 

Baho berishda korxonalarning yashovchanlik ko‘rsatkichi asosiy mezonlardan biri bo‘lishi kerakligi belgilandi. Ya'ni, tashkil etilayotgan korxonalarning kamida 50 foizi keyingi 3 yil davomida ishlasa, hokim va uning tadbirkorlik bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘limlari rahbarlarini qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish nazarda tutilmoqda. 

Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga ushbu yangi tizimni joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid