Jamiyat | 21:20 / 28.07.2019
60292
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda «snos»: Parkent ko‘chasida qanday o‘zgarish bo‘ldi?

13 iyul kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Parkent 2 ko‘chasida yashovchi aholi vakillari bilan uy-joy buzilishi masalasida uchrashgandi. Hokim buzilish ishiga mas'ul qurilish kompaniyasi vakiliga ijobiy natijani ko‘rsatish uchun muddat belgilangan.

Muddat yakunlangach, Kun.uz muxbiri Parkent 2 ko‘chasidagi aholi bilan muloqot qildi. Vaziyat deyarli o‘zgarishsiz qolgan.Biz buzish ishlarini yakunlashga nimalar to‘g‘anoq bo‘layotgani bilan qiziqdik.

«Buzish ishlari boshlanganda hokimning tegishli qarori ko‘rsatilmadi, hech qanday xat va ogohlantirishsiz ish boshlangandi. Ayrim xonadon egalari bilan oldi-sotdi shartnomasi ko‘rinishida kelishuvga erishib, uylar buzilishi boshlandi. Kompaniya hech kim bilan muzokara olib bormadi, balki ko‘chirib yuborish bilan tahdidlar qildi. Qo‘shnimiz uyda bo‘lmagan payt buldozer bilan hojatxonani buzib tashlashdi», — deydi Lolita Melixova. 

Ta'kidlanishicha, «Ali akbar stroy servis» MChJ Parkent 2 ko‘chasida belgilangan hududda buzish ishlarini o‘rnatilgan tartibda yakuniga yetkazsa, qurilish kompaniyasiga shaharning boshqa hududidan bo‘sh yer-maydon taqdim etilishi aytilgan. Kompaniya ishonchli vakili Sanjar Isroilovning aytishicha, hozirga qadar 64ta xonadonning 32tasi rozi qilindi.

Hokim ishtirokida o‘tgan tadbirkor va aholi uchrashuvida, shundan so‘ng, muxbir bilan so‘zlashgan aholi vakillarining gaplaridan bir narsani xulosa qilish mumkin: buzish ishlariga hech kim qarshi emas, kompensatsiya masalasini o‘rnatilgan tartibda hal qilish lozim, xolos.

«Shu yilning 18 fevral kuni bizga notanish odamlar uyimiz atrofida paydo bo‘lib, yollanma ishchilar bilan bir xonadonda buzish ishlarini boshladi. Ularning kimligi, nimaga asoslanib shunday qilayotganiga qiziqdik. Odamlar yashab turgan uyning qo‘shni devorlari buzilayotgani bizni ajablantirdi. Ular mazkur uyni sotib olganini gapirdi, lekin hujjatlar taqdim etilmadi. Bir necha kun o‘tib, shu uyning tom qismini ham buzish boshlandi. Ichki ishlar xodimlari va hokimiyat vakillari aralashuvi bilan ish to‘xtadi. Agar mahallada buzish ishlari boshlansa, tartib va qoida bo‘yicha ishlar tashkil etilishi kerak emasmi?», — deya qo‘shimcha qiladi Lolita. 

Mavhum vaziyatda buzish ishlari boshlanganidan cho‘chigan xalq noroziligini keskin ko‘rsatib, ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqatgan, bu masala OAVda yoritila boshlandi.

Mahallada 1975 yildan buyon istiqomat qiluvchi nafaqadagi harbiy Botir Rahimmirzayev yashab turgan xonadonida oshxona, hojatxona va hammomni qayta qurganini ta'kidladi.

«O‘zboshimcha qurilishlarni qonuniylashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan bir martalik davlat aksiyasida ishtirok etib, hujjatlarni topshirdim. Hamma keldi, o‘rganishlar bo‘ldi. Qaror chiqdi, to‘lovni qildik. Xursand bo‘ldik. Yana ta'mirlash ishini boshladim. Shu payt qurilish kompaniyasi vakili paydo bo‘ldi, gaplashaylik, deb qoldi. Uyimdan uzoqroq bo‘lmagan joydagi ko‘p qavatli uylardan 4 xonali xonadon taklif qildi. Sakkiz kishi bilan qanday sig‘aman, degan savolni berganimda, yashab turgan uyimning kvadratini so‘radi. 225 kv. m. maydon haqida eshitib, jim ortiga qaytdi. To‘satdan shahar prokuraturasidan tuman hokimi qarori (aksiya bo‘yicha chiqarilgan - tahr.) ga protest chiqdi. Yigitlar ham sodda emasligini tushundim», — deydi u.

Nafaqadagi harbiy Mudofaa vazirligi tasarrufidagi tashkilot ehtiyoji uchun olinayotgan uyda yashashini ta'kidlab, bir masalada tushkunligini izhor etdi:

«Men nimaiki egaligim bo‘lsa, berdim. Lekin Mudofaa vazirligidan hech qanday vakil nafaqadagi harbiy qay ahvolda yashayapti, nima qiyinchiliklar ko‘ryapti, deb hol so‘ramadi. Bu — sharmandalik. Xizmat qilganingda keraksan-u, nafaqaga chiqqanda boshqachami?», — deydi u.

Mahallada yashovchi Oleg Sharafutdinov mol-mulkiga shunchaki tahdid bo‘layotganini tasvirlab berdi.

«Yigitlar ma'muriy resurslarga egaligi bilinyapti. Bu qaysi tashkiloti, qaysi instansiya ekanligini bilmayman. Shunchaki, his qilyapman. Odamlarga munosabati qo‘pol, shu ajablantiradi. Bu yerdan hech kim ko‘chib ketmagan bo‘lardi, ular kelguncha sharoitimiz yaxshi edi. Shunga qaramay, qonun bo‘yicha yer-joyimiz olinsa, buzish ishlari bo‘lib, kimning uylari buzilishi aytilsa, biz ko‘chamiz. Hech kim qarshilik qilmaydi. Lekin kompensatsiya berish kerak-ku, biz takliflarni eshitishga tayyormiz, faqat qurilish kompaniyasi hokim oldida va'da berib, keyin qorasini ham ko‘rsatmadi-ku», — deydi Oleg.

Biz masalani kuzatishda davom etamiz. Ushbu vaziyatda hokimiyat qurilish kompaniyasiga aholini rozi qilish shartini qo‘ygan va qat'iy talab bilan nizolarni o‘zaro muzokaralar orqali yechilishi tarafdori. Kompaniya vakilining ham o‘z haqiqati bor. Buni kelgusida maqolada batafsil e'lon qilamiz.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid