Jamiyat | 22:00 / 29.07.2019
37056
3 daqiqa o‘qiladi

«Glushitel», juda ko‘p kamera, faqat tramvayga ochiq yo‘l – Samarqandda kirish imtihonlari qanday o‘tmoqda?

Bugun, 29 iyul kuni butun O‘zbekiston bo‘ylab OTMlarga kirish imtihonlari boshlandi. Bilasiz, hozir imtihonlar oldingi kabi bir kunda emas, 15 kun davomida o‘tkaziladi. Avval hamma OTM uchun biror maktab yoki qandaydir bino ajratilar va belgilangan oliygohga imtihon topshirganlarning bari o‘sha yerga yig‘ilardi. Bunday holatda qing‘irlik qilish oson edi. Ammo hozir testlar boshqacha o‘tadi.

Abituriyentlar viloyat yoki shahar markazidagi biror binoda to‘planib, imtihon topshirishadi. Bitta binoda bir necha xil oliygohga hujjat topshirgan abituriyentlar bir vaqtning o‘zida imtihon topshirishlari mumkin. Samarqanddagi testlar olimpiya zahiralari sport kollejida o‘tkazilmoqda.

Imtihonlar ertalab va tushdan so‘ng ikki smenada o‘tkazildi. Tashkilotchilarning aytishicha, binolardagi abituriyentlar yoshiga qarab bo‘lingan va bu test jarayonidagi shaffoflikni ta'minlash uchun muhim. Biz kunning ikkinchi yarmida test jarayonlarini kuzatish uchun borganimizda, ancha abituriyentlar hamon imtihon topshirayotgan edi.

Kollejdagi ikki yirik zalda ko‘plab nazoratchilar abituriyentlarning test ishlash jarayonini tekshirib turishibdi. Nazoratchilar maktab, kollej va OTM o‘qituvchilaridan tanlangan. Zalda konditsionerlar o‘rnatilgan va test ishlash uchun barcha sharoit bor.

Imtihon o‘tkazilgan zalda juda ko‘p nazorat kameralari borligini aytish kerak. Shuningdek zalda o‘rnatilgan «glushitel» e'tiborni tortdi. Nazoratchilarning aytishicha, abituriyent telefon olib kirganda ham buning foydasi yo‘q, chunki «glushitel» xonada mobil aloqani «bo‘g‘ib qo‘ygan». Bunday zamonaviy texnologiyalarning borligi esa testlar to‘g‘ri o‘tishiga zamin yaratadi.

Testdan chiqayotgan abituriyentlarning aytishicha, savollar oldingi yillarga qaraganda soddaroq. Balki o‘sha test topshirganlarga shunday tuyulgandir, bunisi bizga qorong‘u. Kollej hududida juda ko‘p IIB, Milliy gvardiya va boshqa organ xodimlari xavfsizlik hamda testlarga aralashuv holatlarini nazorat qilishmoqda.

Kollej shaharning markaziy ko‘chalaridan birida joylashgani bois ko‘chada mashina qatnovi to‘xtatilgan. Faqat tramvay yurib turibdi. Samarqand shahrida mavjud bo‘lgan ikkita tramvay liniyasining biri bo‘lgan bu marshrutda shaharning serqatnov yerlariga yetib olish mumkin bo‘lgani bois test topshiruvchilarning kelib-ketishida muammo bo‘lgani yo‘q. Shu tariqa testlarning birinchi kuni o‘tdi. Kun.uz voqealarni kuzatib boradi.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi

Mavzuga oid