O‘zbekiston | 16:42 / 30.07.2019
20689
3 daqiqa o‘qiladi

Deputat «snos»lar haqida: «O‘n nafar deputat boshqa fikrda bo‘lsa ham, bir hokimning aytgani bo‘lmoqda»

Rasul Kusherbayev

Kecha, 29 iyul kuni O‘zbekiston telekanalida «Munosabat» ko‘rsatuvining navbatdagi soni efirga uzatildi. 

Ko‘rsatuvning mazkur soni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 iyul kuni kichik biznes va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bildirgan fikrlari, jumladan, «Barcha hokimlarni qat'iy ogohlantiraman – asosli zarurat bo‘lmagan holda tadbirkorlarga tegishli mol-mulkni buzishga umuman yo‘l qo‘yilmasligi zarur va shart», degan topshirig‘ining ijrosi bo‘yicha joylarda amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlandi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ko‘rsatuv boshlovchisining qonunlar ijrosi ustidan jamoatchilik nazorati yaxshi ishlamasligi, xususan, deputatlarning sust faoliyati borasidagi savoli yuzasidan fikr bildirgan.

«Oliy Majlis deputatlari har oyning oxirgi haftasida joylarga chiqib saylovchilar bilan uchrashgan holda muammolarni o‘rganishadi. Bu amaliyotga kiritilgan jarayon. Qolgan paytda ular qonun ijodkorligi sohasi bilan band bo‘lishadi. Lekin odamlar deputat deganda faqat Oliy Majlis deputatlarini tushunmasligi kerak, chunki joylarda viloyat va tuman mahalliy kengashlarining deputatlari ham bor. 

To‘g‘ri, bu yerda turli sabablar keltirilmoqda, biroq ochig‘ini aytganda, deputatlarning gapiga quloq soladigan hokimlar juda kam. Hokimlik va hokimlarga berilgan vakolatlarning juda kattaligi deputatlarning ular bilan teng bahs-munozara olib borishiga yo‘l bermaydi.

O‘n nafar deputat bir narsani aytsin, lekin bitta hokim boshqa narsani xohlasa, albatta, hokimning aytgani bo‘ladi. Eng yomoni, bizda bir psixologiyadan qutulolmayapmiz, ayniqsa, hokimliklarda «men shu yerdaman, men qonunman, men sudyaman, men prokurorman va men hammasini qilaman», degan manmanlik bor. Afsuski, bu holatga juda ko‘p duch kelmoqdamiz. Qonun bormi, qaror bormi aynan mana shu joyga kelganda to‘xtab qolyapti», - deydi deputat.

Rasul Kusherbayev joylarda mahalliy hokimlarning amalga oshirayotgan qurilish ishlariga qanday qarashi borasida ham fikr bildirgan. 

«Joylarda bo‘layotgan qurilishlar bo‘yicha hokimlarning nazarida ikkita maqsad bor: birinchisi odamlarga haqiqatda farovonlik yaratib berish yoki ikkinchisi nima bo‘lishidan qat'i nazar berilgan topshiriqni bajarib, yaxshi ko‘rinish (ochko olish).

Agar xalqini o‘ylagan hokim bo‘lsa, qanday og‘ir topshiriq bo‘lmasin, albatta, xalqi bilan maslahatlashib, hisoblashib ish qiladi. Ammo natija uchun ishlayotgan hokimlar nima bo‘lishi, kim norozi bo‘lishidan qat'i nazar «buzish kerakmi, buzish kerak» qabilida ish qilishmoqda», - deydi deputat Rasul Kusherbayev.

Mavzuga oid