Jamiyat | 14:29 / 02.08.2019
61798
9 daqiqa o‘qiladi

Bizga investorlar kerakmi yo yo‘q: Hindistonlik investorni Surxondaryoda qiynayotgan muammolar haqida

Bugungi kunda respublikada investitsion muhitni yaxshilash, xorijiy investorlarni jalb qilish va yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha izchil va tizimli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, prezident Shavkat Mirziyoyev qator yig‘ilishlarda bu masalaga to‘xtalib, investitsiya jalb qilish yuzasidan qator vazifalarni belgilab bermoqda.

Bu vazifalar ijrosi hududlarda yetarlicha ta'minlanyaptimi? Xorijiy investorlarga qulay sharoitlar yaratib berilyaptimi? Ularga berilayotgan va'dalar bajarilyaptimi?

Tan olib aytish kerak, xorijiy investorlar mamlakatimizda o‘z loyihalarini amalga oshirishida qator to‘siqlarga uchrayotgani bu borada hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolar borligini ko‘rsatib bermoqda. Mavjud salbiy holatlar xorijiy investorlarning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Xorijiy investorlar duch kelayotgan muammolar haqida saytimizda ham jurnalistik surishtiruvlar asosida tanqidiy maqolalar muntazam berib borilmoqda.

Kun.uz tahririyatiga shu masalada navbatdagi murojaat Surxondaryo viloyati, Uzun tumanida investitsion loyihasini amalga oshirayotgan hindistonlik investor Narayan Sundaramdan keldi.

Xorijiy investor murojaatini o‘rganish maqsadida Uzun tumanida bo‘ldik va Narayan Sundaram bilan uchrashib, uning e'tirozlarini tingladik.

«Loyihamiz kovrak o‘simligini yetishtirish, yig‘ib olish, qayta ishlash va eksport qilishni o‘z ichiga oladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yilning 19–20 yanvar kunlarida Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida kovrak o‘simligi yuzasidan loyihalar bilan tanishgan edi. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi Davlat qo‘mitasi va boshqaruvimdagi Rossiyaning «TK Kometa» kompaniyasi o‘rtasida 2018 yil 6 martda imzolangan Memorandumga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida faoliyat olib borish uchun «Ferula Shifobaxsh» MChJni tashkil etganmiz.

Loyiha Uzun tumanidagi Bobotog‘ yonbag‘irlaridagi o‘rmon xo‘jaligiga tegishli yerlarda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Shu asosida «Bobotog‘» davlat o‘rmon xo‘jaligi bilan «Ferula Shifobaxsh» MChJ o‘rtasida o‘rmon fondi yerlarini uzoq muddatga ijaraga berish shartnomasi tuzilgan. Shuningdek, «Bobotog‘» davlat o‘rmon xo‘jaligi bilan boshqaruvimizdagi yana uchta mas'uliyati cheklangan jamiyat ham shartnoma tuzgan.

Ushbu loyiha asosida katta mablag‘ sarfladik, ammo investitsiya majburiyatlarini bajarishda bir qator qiyinchiliklarga duch kelmoqdamiz. Jumladan, shartnomada ko‘rsatilgan hududlarda mahalliy aholi tomonidan kovrak o‘simligi ochiqchasiga talon-toroj qilinmoqda. Achinarlisi, «Bobotog‘» davlat o‘rmon xo‘jaligi xodimlari ular bilan til biriktirgan holda shunga  sharoit yaratib bermoqda.

Surxondaryo viloyati va Uzun tumani hokimliklari, prokuratura va ichki ishlar organlari, «Bobotog‘» davlat o‘rmon xo‘jaligi rahbarlariga bir necha marta bu borda amaliy yordam so‘rab, murojaat qildik. Afsuski, bizga yordam berilmayapti, qulay investitsion sharoit yo‘q. Bu ahvolda biz qanday qilib investitsiya majburiyatlarini bajarishimiz mumkin? O‘zbekistondagi qonunchilikni hurmat qilamiz, ammo bizning huquqlarimiz himoya qilinmayapti», — deydi hindistonlik investor.

Shu o‘rinda kovrak o‘simligi haqida ma'lumot beradigan bo‘lsak, u dorivor o‘simlik bo‘lib, xalq tabobatida bo‘g‘in, bronxial astma, sariq kasalligi, ko‘k yo‘tal, sil, diabet, qon ketishiga qarshi, tutqanoq, inson organizmidagi gelmintlarni yo‘q qilish hamda nafas qisishiga qarshi vosita sifatida foydalaniladi.

Sassiq kovrak va Ko‘histon kovragining shirasi antiseptik xususiyatga ega bo‘lgani bois Kichik Osiyo, Yaqin Sharq va Osiyoning boshqa ko‘plab davlatlarida oziq-ovqat ziravori sifatida, farmatsevtika sanoati, o‘simlik kasalliklari va zararkunandalarga qarshi kurashda qo‘llanadi. O‘simlik asosan MDH davlatlari, Hindiston, Afg‘oniston, Pokiston, qisman Yevropa mamlakatlariga eksport qilinadi.

Xorijiy investor duch kelayotgan muammo yuzasidan mahalliy hokimlik va tegishli tashkilotlar mutasaddilari bilan uchrashdik.

Dastlab Uzun tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Usmon Alimov bilan suhbatlashdik.

«Bu masala yuzasidan investor bizga murojaat qilmagan. Muammodan xabarimiz yo‘q. Bu masala asosan «Bobotog‘» davlat o‘rmon xo‘jaligi bilan bog‘liq. Muammodan xabar topdik, endi biz ham zarur choralarni amalga oshiramiz», — deydi u.

Ammo tuman hokimligiga bu masalada yordam so‘rab, xat bilan murojaat qilingan. Bizga ushbu xat nusxasi taqdim etildi. Tuman hokimi birinchi o‘rinbosarining «muammodan xabarimiz yo‘q», deyishi tushunarsiz holat.

Ushbu holat yuzasidan Uzun tumani IIB boshlig‘i Anvar Normamatov bilan ko‘rishib, investorga ko‘mak berish imkoniyatlari haqida suhbatlashdik.

«Bu masalada uch kun avval bizga ariza bilan murojaat qilishgan. Ammo hudud juda ham katta. Buncha katta hududni doimiy qo‘riqlash imkoniyatiga ega emasmiz. Bu ish bilan «Bobotog‘» davlat o‘rmon xo‘jaligi shug‘ullanishi kerak. Ularning o‘zlarida qorovullar bor. Zarur vaqtda ko‘mak so‘rashsa, men xodimlarimni chiqarishim mumkin. Bizga tushgan ariza bo‘yicha albatta chora ko‘ramiz. Xodimlarimiz chiqishadi va hududni talon-toroj qilayotganlardan tozalab beramiz. Ammo doimiy qo‘riqlashga imkoniyatimiz yetmaydi. O‘rmon xo‘jaligi xodimlariga qarshiliklar bo‘lsa, bizga chiqishsin, yordam beramiz», — deydi Normamatov.

O‘zbekiston Respublikasining «O‘rmon to‘g‘risida»gi qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 iyuldagi 530-son qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi to‘g‘risida»gi Nizomda o‘rmon xo‘jaligining majburiyatlari, xususan, tasarrufidagi hududlarni muhofaza qilish ham belgilangan.

Mazkur masala yuzasidan «Bobotog‘» davlat o‘rmon xo‘jaligida bo‘ldik va xo‘jalik rahbari Tursunpo‘lat Mirzayevdan izoh so‘radik.

«Biz bu borada yordam beramiz va bu bizning vazifamiz. Ertagayoq tegishli choralarni ko‘ramiz. Bunday holatga yo‘l qo‘yayottgan xodimlarimiz ham jazosini oladi. Hammasini hal qilamiz», — deydi Mirzayev.

Tursunpo‘lat Mirzayev «Bobotog‘» davlat o‘rmon xo‘jaligi tasarrufidagi yerlarda xorijiy investor va shartnoma imzolagan MChJlar duch kelayottgan asosiy muammo, ya'ni ular ijaraga olgan hududlarda kovrak o‘simligi talon-toroj qilinayotgani, xo‘jalik tomonidan hududlarga qo‘yilgan nazoratchi va qorovullarning o‘zlari til biriktirib, shu qing‘irliklarda ishtirok etayotganini inkor etmadi.

O‘rmon xo‘jaligi rahbarining va'dalaridan tadbirkorlar biroz taskin topgandek, biznesni xotirjam davom ettirishlariga oz bo‘lsa-da ishonch paydo bo‘lgandek edi.

Ammo, maqolani tayyorlash chog‘ida hindistonlik investor Narayan Sundaram bilan qayta suhbatlashganimizda, mutasaddilar tomonidan berilgan va'dalar bajarilmagani, nima qilishni bilmay boshi qotgani ma'lum bo‘ldi.

Bugungi kunda Prezident tomonidan investorlarni mamlakatga jalb qilish, qulay investitsion muhit yaratish bo‘yicha tashabbus va takliflar bildirilayotgan, bu borada qator vazifalar belgilab berilayotgan bir vaqtda hududlardagi ahvol kishini taajjubga solmay qo‘ymaydi. Muammoga mahalliy hokimlik va tegishli tashkilotlar panja orasidan qarayotgani yanada achinarli holdir.

Kun.uz bu masalaga Surxondaryo viloyati hokimligi va tegishli tashkilotlar jiddiy e'tibor qaratishiga, hindistonlik investorning muammolari tez kunlarda hal etilishiga ishonch bildirib qoladi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid