Jamiyat | 19:13 / 02.08.2019
48256
13 daqiqa o‘qiladi

«Hammasi Rishton uchun». «Mehnat fronti»ga ixtiyoriyga o‘xshamagan safarbarlik

Bugungi kunda yurtimizning turli nuqtalarida keng ko‘lamdagi bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. So‘nggi kunlarda esa bu ishlar avj pallasiga kirdi. Qashqadaryoning Yakkabog‘i va Xorazmning Chondirqiyotida ro‘y bergan shov-shuvli voqealardan keyin uylari va do‘konlari buzilganlarga kompensatsiyalar to‘lanib, qurilish ishlari jadallashib ketdi. Hamma «o‘zbek tilida paydo bo‘lgan yangi so‘z» - «snos» haqida gapira boshladi, bosh vazir, bosh vazir o‘rinbosari, vazirlar, deputatlar, jurnalistlar... Endi hammasi zo‘r bo‘lib ketadigandek taassurot uyg‘ondi, qayerdadir «favqulodda vaziyat» ham joriy etildi, Farg‘onada esa ommaviy safarbarlik e'lon qilindi.

Balki, Farg‘ona viloyatining Rishton tumani markaziy ko‘chalarida amalga oshirilayotgan qayta qurish ishlarining ko‘lami kengroq va kattaroqdir, lekin vodiyda xuddi shunday «Obod markaz» loyihasi Namangan viloyatining Chust, Andijon viloyatining Marhamat va boshqa qator tumanlarda ham olib borilmoqda. Aytish mumkinki, boshqa hududlardagi «snos» va kompensatsiya to‘lash jarayoni, qurilish ishlari aholi va tadbirkorlar uchun og‘riqli kechmayapti.

Rishton xalqining tinchi buzilganiga ancha bo‘lgan. Bahordayoq saytimizda Rishton markazidagi bozor buzilishi tufayli savdogarlar muammolarga duch kela boshlagan, saytimizda ularning murojaati asosida «Rishtonda nima gaplar?» Tuman markazidagi buzilish ishlari haqida» sarlavhali material e'lon qilingan, unda tadbirkorlar ogohlantirishsiz buzilgan do‘konlari uchun yer va kompensatsiya berilishini kutayotgani bayon qilingandi.

Iyun oyida ijtimoiy tarmoqda aldab uyi buzilgan rishtonliklar prezidentdan yordam so‘ragan videomurojaat tarqalgandi. Ushbu holat ham o‘rganilib, «Yoqmasa, Qirg‘izistonga ko‘chib ketinglar!»: Rishtonda buzilayotgan uylar egalari nega o‘z holiga tashlab qo‘yildi?» sarlavhali maqola e'lon qilindi.

So‘nggi kunlarda esa Rishtondagi vaziyat boshqa yo‘nalishda rivojlanib ketdi, endi bu hududdagi aholiga yordam ko‘rsatila boshlandi, rahbarlar aholi bilan uchrashib, ularning dardini tinglash uchun uyma-uy yura boshladi, internetni ushbu hududda boshlangan obodonlashtirish ishlari tasvirlari to‘ldirdi, hammayoqni taqa-tuq ovoz qamrab oldi. Ammo bu ishlar viloyatning boshqa hududlaridan minglab odamni shu tumanga tashlash orqali kechmoqda. Internetda Rishton markazidagi qurilish-buzilish ishlariga viloyatdagi ko‘plab korxona, tashkilot, muassasa xodimlari majburlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

O‘zA saytida nashr qilingan «Rishtonda uyi buzilishga tushgan har bir oilaga ko‘mak berilmoqda» sarlavhali maqolada 27-28 iyul kunlarida Farg‘ona viloyatining Rishton tumanidagi obodonlashtirish va qurilish ishlariga viloyatning barcha shahar va tumanlaridan 13562 nafar hasharchi jalb qilingani to‘g‘risida ma'lumot berildi.

Ma'lum bo‘lishicha, bir necha kundan buyon har kuni viloyatning 11ta shahar-tumanidan Rishtonga minglab hasharchilar jalb qilingan bo‘lib, har bir tuman hokimi shtab tuzib o‘zi boshchilik qilib, bu yerdagi hasharchilarga sharoit yaratish, aholiga qurilishda yordam berish ishlariga bosh-qosh bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Farg‘ona viloyati hokimligidan bu xildagi tadbirlarni ommaviy mehnat deb atadi va majburiy mehnatni to‘xtatishni talab etdi.

Shundan so‘ng hokimiyat vakillari o‘zlariga qarashli bo‘lgan nashrlarda tanqidlarga nisbatan, «Odamlar hasharga ko‘ngilli ravishda kelishyapti. Hech kim majburiy mehnatga jalb etilayotgani yo‘q», deya javob qaytarishmoqda. Abror Dehqonov muallifligida «Qo‘lingdan kelsa yordam ber, kelmasa....», Himmat Davlatyor muallifligida «Rishtondan reportaj: Bo‘lar-bo‘lmasga majburiy mehnat deyaversak, mehr-oqibat tuyg‘ularimizni boy berib qo‘yamiz», Muhammadjon Obidov muallifligida «Odamiylikmi, «majburiy mehnat»?», Azamat Ahmedov muallifligidagi «Hashar biz uchun qadriyatga aylangan» kabi materiallar shular jumlasidan.

Holat bilan tanishish uchun Farg‘onada bo‘ldik.  

Rishton

30 iyul kuni tush payti Rishtonda edik. Darhaqiqat, bugungi Rishton markazi katta qurilish maydoniga aylangan.

Qayta qurish ishlari ketayotgan ko‘chalarning ikki yoqasidagi uylar, noturar joylar buzilib bo‘lgan. Ayni paytda qurilish ishlariga zo‘r berilmoqda. O‘n kilometr yo‘l bosib, faqat ana shu jarayonni ko‘rasiz. Qurilish ishlari ketayotgan xonadonlar ishlayotgan odamlar bilan gavjum. Beton quyish, devor urish ishlari ketayotgan uylarda guruh-guruh odamlar turnaqator bo‘lib, g‘isht va boshqa qurilish materiallarini qo‘lma-qo‘l qilib uzatayotganini kuzatdik.

Farg‘ona viloyatining turli tumanlaridan kelgan hasharchilar yo‘llarni kengaytirish chizig‘iga tushgan uylarda, noturar joylarda qurilish ishlari bilan band.

Ma'lumotlarga ko‘ra, yo‘l bo‘yida ikki qavatli aholi turar joylari, uylarning birinchi qavatida tadbirkorlik, savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari qad rostlaydi.

Farg‘ona, Rashidoniy ko‘chalarida ish qizg‘in. Yuzlab hasharchilar qo‘li-qo‘liga tegmay mehnat qilishmoqda.

Farg‘ona viloyatining boshqa tumanlari Rishtonga ko‘mak sifatida qurilish materiallari jo‘natmoqda. Qurilish shtablari tashkil etilgan. Har bir buzilishga tushgan uyga tumanlardan mas'ul vakil ajratilgani haqida yorliqlar osib tashlangan.

Qurilish materiallari ortilgan mashinalar oldi tomoniga «Quvaliklardan rishtonliklarga sovg‘a», «Log‘onliklardan rishtonliklarga sovg‘a» deya yozilganini ko‘rasiz.

Ishlayotgan hasharchilar uchun tushlikka doshqozonlarda pishirilgan taomlar tarqatilyapti. Jarayonni ko‘rib, o‘tgan asrda sovetlar zamonida uyushtirilgan hasharlar haqidagi xronikali kadrlar yodga tushadi.

Yarim soatcha tuman markazini aylandik. So‘ng, qurilish shtabiga borib hokimiyat vakili, ma'naviyat-ma'rifat boshqarmasi xodimasi Xursanoy opa Islamovaga uchradik.

«Bugun Rishtonga Farg‘ona viloyatining deyarli barcha burchaklaridan hasharchilar kelib, tuman markazi zamonaviy va obod ko‘rinishga kelishi uchun mehnat qilishmoqda. Buzilgan uylar uchun xonadon egalariga kompensatsiya pullari to‘lanib, hokimiyat tomonidan sement, shag‘al, g‘isht qo‘yingki, barcha qurilish materiallari tarqatilib, qurib berilyapti. Qurilish ishlari, xalqimizning qadimdan kelayotgan ezgu udumlardan biri bo‘lgan - hashar yo‘li orqali amalga oshirilmoqda. Hasharchilar tumanlardan o‘z xohishlari bilan mana shu Rishton xalqiga ko‘mak berish uchun kelishgan. Ularga deyarli barcha sharoitlarni yaratib berganmiz. Sentabr oyi Qo‘qon shahrida judayam katta festival bo‘lib o‘tadi. Maqsadimiz, festival boshlangunga qadar Rishtonni chiroyli holatga keltirish va aholining uylarini bitirib berish», deydi Xursanoy opa.

Shundan so‘ng hokimiyat vakili bilan Farg‘ona ko‘chasida uyi «snos»ga tushib yangitdan qurilayotgan Madinaxon Bozorovaning xonadoniga bordik. Biroz avvalroq internetda Farg‘ona viloyati hokimi Shuhratbek G‘aniyev velosipedda tuman markazini aylanib, mana shu xonadon sohibasi bilan suhbatlashgani haqida fotosuratlar tarqalgandi.

«Uyimiz qizil chiziqqa tushgani uchun buzildi. Boshida tushunmovchiliklar sabab ijtimoiy tarmoqlarda norozi bo‘lib intervyular bergandim. Uyimizdagi xonalarning barchasi ko‘cha tarafda bo‘lgani uchun «snos»dan so‘ng yashashga xonamiz qolmagan edi. Uyimiz Quva tumani hokimligi tomonidan o‘n kun ichida bitkazib beriladigan bo‘lyapti. 10 million so‘m kompensatsiya puli berishdi. Qolganini ham tez kunlarda berishni va'da qilishgan. Uyimizning birinchi qavatini savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qilamiz. Ikkinchi qavati esa yashash joyi bo‘ladi», deydi ayol.

Hasharchilar kimlar?

Yuqorida keltirganimizdek, Rishtondagi qurilishlarga viloyatning ko‘plab tumanlari, yirik korxona va tashkilotlari jalb qilingani ko‘rinib turibdi.

«Azot» AJ, «Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi», «Vatanparvar» tashkiloti, «Hududiy gaz tarmoqlari» va yana ko‘plab tashkilotlarning xizmat mashinalari va xodimlarini uchratdik. Yoshlar ittifoqi vakillari ham qurilishlarda astoydil mehnat qilishyapti.

Hasharchilar bilan suhbatlashmoqchi bo‘lsangiz, ularning aksari o‘zlarining qayerda ishlashini aytishni xohlashmaydi va obodonlashtirish boshqarmasi xodimi ekanini aytadi. Qiziq, unda ular nega maxsus formada emas. Farg‘ona viloyatida obodonlashtirish boshqarmasining xodimlari shuncha ko‘pmi? Ular nega o‘z tumanidagi ish joyida emas.

Oltiariq ko‘chasida ishlayotgan ayollar o‘zlarini «Bag‘dod don mahsulotlari» xodimlari sifatida tanishtirishdi. Oltiariq hududiy yo‘l-qurish va ekspluatatsiya korxonasi xodimlari bilan ham qurilish ustida suhbatlashdik.

Vodiyda shu kunlarda juda issiq havo hukm surmoqda. Kunduz soat 10dan, soat 17gacha ishlash tugul ko‘chada yurishning o‘zi qiyin. Bag‘dod tumanidan kelgan ayollar issiqda ishlash juda qiyin bo‘layotganini aytishdi.

Hashar xalqimizning qadimiy urf-odatlaridan hisoblanadi. Asrlar davomida ajdodlarimiz ezgu ishlarni jam bo‘lib, yig‘ilib, xolisona, hech qanday haq talab qilmasdan amalga oshirishgan. Mahallalarda uy qurishga uringan oila sinchni tiklab bo‘lgach, guvala urishga, tomga loy bosishga yoki ko‘cha devorini bir kunda tiklab olish uchun mahallaga hashar e'lon qilgan va hasharlar bir bayramdek o‘tgan. Masjid, qabriston va ariqlarni tozalash uchun ham hashar uyushtirilgan. Har bir oiladan bittadan vakil borib, jamoat bo‘lib, bir-ikki kunda ko‘p ishchi kuchi, ko‘p vaqt va katta mablag‘ sarflanadigan ish bitkazilgan. Hasharlarga asosan erkaklar borgan. Oilada erkagi yo‘q, yoki boshqa joyda zarur yumushi bor odam hashar bo‘layotgan xonadonga biror tovoqda ovqat chiqargan.

Gapning indallosi, ko‘ngilli ravishda, o‘z xohishi bilan ma'lum bir joydagi ish jarayonida jismoniy mehnat qilishni «hashar» deb atash mumkin bo‘lsa kerak. Lekin shanbalik va hashar - boshqa-boshqa tushunchalar.

Bizningcha, milliy qadriyatlarimiz, udumlarimizdan biri bo‘lgan hashar bugun boshqacha ma'noda ishlatila boshlandi.

O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, chindan ham shuncha odamning hammasi ham o‘z ixtiyori bilan kun issig‘ida yo‘l bosib hasharga kelishganmikin? Ulardan avtobuslarga solib, boshqa tumanga olib borib tashlashdan oldin rozilik so‘rab ko‘rilganmikin? Ularga hasharga chiqmagani uchun ish joyidan ayrilib qolish tahdid solmasmikin? Tashkilotlarning xodimlari o‘z ishi qolib qurilish ishlariga olib ketilayotgani davlatga qancha zarar keltirayotgan ekan? Nega viloyat hokimligi bunday ishlar uchun maxsus fond mablag‘larini sarflamasdan odamlarni tekinga ishlatishni ma'qul ko‘ryapti ekan? Axir hududlarni obodonlashtirish uchun budjet hisobidan milliardlab mablag‘ ajratiladi-ku?

Nega hududlardagi rahbarlar o‘z hududlarida bilganini qilmoqda? Minbarlarda, kameralar qarshisida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi haqida takror va takror aytilsa-da, hayotiy haqiqat butunlay boshqacha? Bu nimani anglatadi? Yuqoridagilar qachongacha jim qarab turishadi? Yana bir shov-shuvli voqeagachami?

Shu kunlarda OAVda Rishtondagi hashardan qaytayotgan Qo‘shtepa tumani obodonlashtirish bo‘limi xodimi YTH oqibatida halok bo‘lgani haqida ham xabar tarqaldi. Mantiqan, bunday hashar qancha ko‘p vaqtga cho‘zilsa, navbatdagi qurbonlar bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas.

Darvoqe, Rishtondagi hashar OAVda yozilganidek faqat 27-28 iyul kunlaridagina o‘tkazilmagan, hashar 30 iyul kuni ham davom etayotgan edi.

Farg‘ona matbuoti esa Rishtondagi qurilish ishlarida xalq o‘z xohishi bilan ishtirok etayotgani haqidagi maqolalarni e'lon qilishda davom etmoqda.

Mavzuga oid