Jahon | 08:14 / 05.08.2019
4022
2 daqiqa o‘qiladi

Qohiradagi yo‘l-transport hodisasida 17 kishi halok bo‘ldi  

Foto: AP Photo / Hatem Moussa

Misr poytaxti Qohirada yo‘l-transport hodisasi oqibatida yuz bergan portlashda 17 kishi halok bo‘ldi, 32 kishi jarohat oldi. Bu haqda Misr sog‘liqni saqlash vaziri Xalya Zayd ma'lum qildi. 

Misr ichki ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi Qohira markaziy qismidagi Manyal tumanidan o‘tgan shosseda yuz bergan. 

Avtohalokatda bir avtomobil yuqori tezlikda qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib, boshqa mashinalar bilan to‘qnashgan va bu kuchli portlash keltirib chiqargan.

Portlash zarbasidan voqea joyidan bir necha o‘n metr uzoqlikda joylashgan saratonni tadqiq qilish milliy instituti binosi old qismiga shikast yetgan. Oqibatda institutdagi bir necha bemorni evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelgan.

Misr politsiyasi voqea sabablarini aniqlashtirmoqda. 

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, portlashga institut hududidagi avtomobilda bo‘lgan kislorod balloni sabab bo‘lgan. Voqea joyida yong‘in yuzaga kelgan, u ayni vaqtda o‘chirilgan.  

Mavzuga oid