O‘zbekiston | 10:23 / 07.08.2019
28992
5 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva Pan Gi Munga taklif bilan chiqdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya ayni kunlarda Koreya Milliy Assambleyasi spikerining taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Koreya Respublikasida bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, Koreyaga tashrifning birinchi kunida O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi qator samarali uchrashuvlar o‘tkazdi.

Foto: Oliy Majlisi Senati axborot xizmati

Jumladan, Inchon shahrining meri Pak Nam Chun va “Inchon” erkin iqtisodiy zonasi komissari Li Von Jye ishtirokidagi uchrashuv tashrif dasturining dastlabkisi bo‘ldi. Uchrashuv davomida tomonlar Inchon shahri meriyasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli loyihalari va dasturlarini tayyorlash hamda targ‘ib qilishga intilayotgani ta'kidlandi.

Tashrif dasturi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasining Yashil o‘sish global instituti prezidenti Pan Gi Mun bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda ekologiya va iqlim masalalari bo‘yicha O‘zbekiston va Koreya hamkorligini muvofiqlashtirish, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Orol dengizi bilan bog‘liq dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbuslarini targ‘ib qilishni davom ettirish imkoniyatlari muhokama etildi.

Foto: Oliy Majlisi Senati axborot xizmati

Bunda asosiy e'tibor Yashil o‘sish global instituti ko‘rib chiqishi uchun topshirilgan loyihalarni amalga oshirishni boshlash maqsadida O‘zbekistonning keyingi rejalariga, shuningdek mazkur Institutning O‘zbekistondagi vakolatxonasini ochish imkoniyatlariga qaratildi.

Qayd etilishicha, Institut vakillarining O‘zbekistonda bevosita bo‘lishi ekologik sof texnologiyalar ishlab chiqish va joriy qilish, “yashil” iqtisodiyot prinsiplarini, ekologik toza, energiya va suv tejaydigan texnologiyalarni kompleks joriy etish, cho‘llanish va ekologik migratsiyaning oldini olish, shuningdek Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish maqsadida Yashil iqlim jamg‘armasining, shuningdek boshqa jamg‘armalarning moliyaviy mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha GGGI institutsional imkoniyatlarini oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Pan Gi Munni va uning jamoasini joriy yil 25 oktyabrda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e'lon qilish bo‘yicha BMT rahnamoligidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etishga taklif qildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi a'zolari Yashil iqlim jamg‘armasi rahbariyati bilan ham uchrashdi. Qayd etilishicha, BMTning 2010 yil oxirida tashkil etilgan GCF jamg‘armasi rivojlangan mamlakatlarning mablag‘larini rivojlanayotgan mamlakatlarga yuboradi, ularga global iqlim isishi va suv toshqini, qurg‘oqchilik va normadan ortiq jaziramani yengib o‘tishda yordam beradi.

Butunjahon saylov organlari uyushmasi (BSOU) bosh direktori Kim Deil bilan uchrashuvda BSOUning O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan ikki tomonlama aloqalarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama etildi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi BSOUning to‘laqonli a'zosi hisoblanadi. BSOU O‘zbekistonda joriy yil dekabrda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovi haqida xabardor etildi.

Ta'kidlanganidek, O‘zbekiston va BSOU kotibiyati o‘rtasida samarali hamkorlik rivojlanmoqda, bu saylov tashkilotchilariga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida tajriba almashish hamda dolzarb masalalarni muhokama qilish, xorijiy mamlakatlarning ijobiy tajribasi bilan tanishish, ilg‘or saylov qonunchiligini va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish, O‘zbekistonda yuz berayotgan demokratik islohotlar haqida xolis axborotni xalqaro hamjamiyatga tezkorlik bilan yetkazish imkonini beradi. O‘zbekiston BSOU bilan hamkorlikni bundan buyon ham davom ettirishdan manfaatdorligiga urg‘u berildi.

Shuningdek, delegatsiyaning Koreya Respublikasi Ixtirochi ayollar uyushmasi raisi Insil Li, “Hyundai Motors” kompaniyasi vitse-prezidenti Sang Jun Kim bilan uchrashuvlari o‘tkazildi. Parlament delegatsiyasi a'zolari Koreya-O‘zbekiston Biznes-markaziga borib, uning faoliyati bilan tanishdilar.

Mavzuga oid