Sariosiyoda haydovchini kaltaklagan profilaktika inspektori ishdan olindi, yordamchi posbon ogohlantirildi
Saytimizda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanining «Gazarak» mahallasi hududida «To‘palang MG Holding» MChJga qarashli «MAN» rusumli yuk tashish mashinasi haydovchisi Abdusalom Nurovni «Chilonzor» mahallasining uchastka profilaktika inspektori Quvondiq Eshmirzayev va unga yordamchi posbon Tursun Ismatov haqoratlab, kaltaklashgani haqida xabar bergan edik.
«Men 24 iyun kuni soat 23:20larda tungi smenada, barcha hujjatlarga ega bo‘lib turib, «Gazarak» mahallasidagi stadion qurilishi uchun shag‘al olib borayotganimda yuqoridan oq tusli «Matiz» rusumli mashina uzoqni yorituvchi chiroqlarini yoqib tushib kela boshladi. Men ikki-uch marta chiroqni pasaytirishga o‘z avtomashinamni chirog‘i bilan ishora qildim. Biroq, «Matiz» haydovchisi ko‘zni qamashtiruvchi chiroqni pasaytirmadi. Shundan keyin «Matiz» yonimdan o‘tayotganida norozilik tariqasida signal chalib o‘tib ketdim.
Shundan so‘ng yukni to‘kayotgan chog‘imda «Matiz»dagi haydovchilar o‘sha yerga yetib borib, meni mashinadan tushirib, haqorat qilib ayovsiz kaltaklashdi. Ularning har ikkisi formada edi, ikkisi ham spirtli ichimlik ichib olishgandi, keyinchalik bilsam — ular bazmdan qaytishayotgan ekan», — deya tushuntirish bergan edi jabrlanuvchi Abdusalom Nurov.
Voqea yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ham o‘zining rasmiy munosabatini e'lon qilgan edi.
Jabrlanuvchilarning murojaatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Huquqbuzarliklar profilaktikasi Bosh boshqarmasi tomonidan profilaktika inspektori Quvondiq Eshmirzayevni vazifasidan ozod etish taklifi kiritilganini ma'lum qilingan.
Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining murojaatga javoban yo‘llagan xatida Sariosiyo tuman IIB profilaktika inspektori Q.Eshmirzayevni egallab turgan lavozimidan ozod qilish to‘g‘risida qaror kabul qilingani ma'lum qilingan.
Shuningdek Sariosiyo tuman IIB «Bog‘iston» mahallasi bo‘yicha profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchisi T.Ismatovga qattiq ogohlantirish berilgan.
Kun.uz Sariosiyo tuman IIBga mazkur masala bo‘yicha qo‘ng‘iroq qilganida Q.Eshmirzayev lavozimidan ozod qilingani, T.Ismatovga ogohlantirish berilgani tasdiqlandi.
O‘z muxbirimiz.
Mavzuga oid
18:29 / 03.09.2024
“Ko‘z o‘ngimda do‘stimga o‘q tegib, joni uzildi”: Sariosiyo janglarida qatnashgan harbiy hikoyasi
14:07 / 28.03.2024
Surxondaryoda YTHda haydovchi ayol va uning farzandlari halok bo‘ldi
16:47 / 16.11.2023
Sariosiyoda «Zarchob-3» kichik GES qurilishi boshlandi
13:36 / 04.02.2023