O‘zbekiston | 18:29 / 03.09.2024
17226
7 daqiqa o‘qiladi

“Ko‘z o‘ngimda do‘stimga o‘q tegib, joni uzildi”: Sariosiyo janglarida qatnashgan harbiy hikoyasi

2000 yilning avgust oyi. Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlariga terrorchilar to‘dasi hujum uyushtirdi. O‘sha paytda maxsus operatsiyalar batalonida xizmat qilayotgan Bobomurod Nurotov jangarilarga qarshi kurashish uchun jang maydoniga jo‘nab ketdi. “Bosqinchilarni yer tishlatdik, lekin qurbonlar evaziga. Ko‘z o‘ngingizda do‘stingizga o‘q tegib joni uzilsa, bundan dahshati yo‘q. Jang maydonida bir necha safdoshlarimdan ayrildim”, deydi u.

Sariosiyo voqealari ishtirokchisi bo‘lgan zaxiradagi serjant Bobomurod Nurotov Kun.uz jurnalistiga urush dahshatlari haqida so‘zlab berdi.

Harbiy libosga mehr

“Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanining chekka qishloqlaridan birida tug‘ilganman. Yoshlikdan chiniqib katta bo‘lganmiz, polvonlar sulolasidanman, bobom mashhur polvon bo‘lgan.

Bobomurod Nurotov

Akalarimning biri harbiy, yana biri MXX (hozirgi DXX) xodimi bo‘lgani uchun ham sohaga muhabbat bolalikdan uyg‘ongan. Harbiy liboslarini ko‘rib ularday bo‘lishga intilganman.

Muddatli harbiy xizmatni milliy gvardiya tizimida o‘tkazdim. 65-batalonda shartnoma asosida xizmatni davom ettirdim. Bizning batalon maxsus operatsiyalarni bajarish uchun tayyorgarlik ko‘rardi va shu sababdan unga chiniqqan, tezkor qaror qabul qiluvchi yosh yigitlar saralab olingandi.

Mustaqillikka erishganimizga endi 7-8 yil bo‘lgandi. Yurt himoyasi mard va jasur yigitlarning zimmasida bo‘ladi doim. Biz ham vatan himoyasi uchun tayyorgarlik ko‘radigan guruh edik.

Ba’zi guruhlar, jamiyatlar O‘zbekistonimizdagi tinchlikka raxna solish uchun bosqinchilik harakatlarini uyushtirib turishardi. Bulardan biri Surxondaryoning Uzun va Sariosiyo tumanlarida yuz berdi. Surxon tog‘larida ko‘plab safdoshlarimizning jon berganiga guvoh bo‘ldim. Bu voqealarni shunchaki aytib berish azob.

O‘lyapman, o‘rtoq komandir”

2020 yilning avgust oyida terroristlar suqilib kirgan Sariosiyoga yetib bordik. Asosiy jang tog‘ tepasida bo‘lgan. Tog‘li hududlarda joylashgan 5 qishloqni jangarilar egallab olgan ekan.

Urush qurbonlarsiz bo‘lmaydi, albatta. Bu jangda Sayyor Sadinov, Mahmudjon Jalilov, Ulug‘bek Barnoyev, Yunusjon Oxunov, Doniyor Tojiboyev, Ismatjon Xadjayev kabi safdoshlarimiz qahramonlarcha halok bo‘lishdi. Hozir ismlarni sanayapman va har birining bir xislati ko‘z oldimda gavdalanmoqda. Biz safdoshlar ularni unutishimiz juda qiyin.

Hamon yodimda. Mahmudjon Jalilov jangda o‘zi o‘q yesa ham, shifokor yordam berish uchun kelganda meni emas, boshqa safdoshimni qutqaring deb buyruq bergan. Mana shu ham bu yigitlarning qanchalar fidokor, vatan himoyasi uchun jonini berishga ham tayyor ekanliklaridan dalolatdir.

Ota-bobolarimiz har bir farzandga mos ismlarni bejizga tanlab qo‘ymagan. Ismi bilan tug‘ilgan bir safdoshimiz bor edi. U yigit Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumanidan, Otajonov Elomon Xolmurod o‘g‘li.

Elomon Otajonov

Elomondagi jasoratni hatto filmlarda ham ochiq ko‘rsatib bera olishmaydi. Quloqlarimizda hanuz Elomonning ovozi jaranglaydi. Uning jasoratini shunchaki aytib bera olmayman. Doimo bu haqida o‘ylasam vujudim titraydi, yuragimda nimadir uzilganday bo‘ladi. U batalon boshlig‘i sifatida dushman bilan juda yaqin masofada jang olib borgan.

Elomon bizga yo‘lboshchi edi. Harbiy guruhimiz qayerga yo‘l olsa, u yo‘l ko‘rsatar, dushman pistirmasi bor-yo‘qligi haqida bizga xabar berib qo‘yardi. Bir vaqt ratsiya orqali o‘q yegani haqida aytdi, ammo o‘sha holatda ham jangchilarimizga topshiriqlar berib, dushmanning qayerda joylashganini aytib turdi. Tasavvur qiling, oxirgi joni chiqayotganida ham u o‘z kasbiga sodiq qolib, vazifani muvaffaqiyatli ado etishga harakat qildi. Bu qanchalar og‘ir holat aslida. Uning oxirgi so‘zlari hamon qulog‘im ostida jaranglaydi: “Men o‘lyapman, o‘rtoq komandir, oilamdan xabar olib turing!”. Shu uning so‘nggi so‘zlari bo‘lgan. Bugungi kunda Elomon Otajonovning ota-onasi holidan xabar olib turamiz.

Do‘stlarim o‘lmagan

Do‘stlarimiz o‘g‘illariga fidokor safdoshlarimizning nomlarini qo‘yib kelmoqda. Men ham o‘g‘limga Do‘stmurod deb ism qo‘yganman. Barchamizni umumiy murodimizga Alloh yetkazsin degan ma’noda.

Jangda o‘lgan Sadinov Sayyor, Dilshod aka, shuningdek, barcha halok bo‘lgan safdoshlarimizning oila a’zolari bilan doimiy aloqada bo‘lib, xabar olib turamiz. Vatanimiz, xalqimiz bu farzandlarini hech qachon unutmaydi.

Mustaqillikni saqlab qolishda jonlar fido bo‘lgan

Barcha davrlarda mard yigitlar Vatan himoyasiga otlangan. Harbiy libos kiyib ko‘chada yurgan yigitga hamma havas qilishi aniq. Lekin uning zimmasidagi mas’uliyat, kasbidagi mashaqqatni, libosning ortidagi javobgarlikni hamma ham ko‘tara olmaydi. Voqealar jarayonida ko‘zdan uyqu, qo‘rquvlar ketadi. Faqat bir narsa bo‘ladi xayolda: Vatan va uning kelajak avlod hayotini asrash. Tungi janglarga tayyorgarlik davrlari, o‘qlar yomg‘iri, har bir bosgan qadamingizdagi ehtiyotkorlik, bularning barchasi mas’uliyat aslida. Bu jinoyatchi, bosqinchilarga vatanimni berib qo‘ymayman degan fikr doim qalbimizda aylanaveradi.

Aytmoqchimanki, tinch zamonlarga yetib kelishda, mustaqillikni saqlab qolishda kimlarningdir joni fido bo‘lgan. Osuda hayot ortida matonatli insonlarning qahramonliklari turibdi. Buni unutmaslik kerak”.

Bobomurod Nurotov gul o‘stirishga qiziqar ekan. Devoriga bayroq o‘rnatilgan shinamgina hovlida zaxiradagi serjantning tuvakdagi gullari sahnni bezab turibdi.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov

Mavzuga oid