Jahon | 17:05 / 21.08.2019
34549
2 daqiqa o‘qiladi

Batukayev ishi bo‘yicha qo‘lga olingan Qirg‘iziston sobiq prokurori og‘ir ahvolda kasalxonaga tushdi

Foto: Sputnik

Qirg‘izistonning sobiq bosh prokurori Aida Salyanova og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan. Bu haqda Salyanovaning singlisi Chinara Turdaliyevaga asoslanib Elgezit.kg sayti yozmoqda. Sobiq bosh prokurorga yurak mushaklari yallig‘lanishi tashxisi qo‘yilgan.

Salyanova hozirda Bishkekdagi Qirg‘iziston milliy kardiologiya markazida saqlanmoqda. Salyanova xorijda operatsiya o‘tkazishga muhtoj bo‘lishi mumkin, ammo buni sud hal qiladi, deb yozadi manba.

Salyanova 3 iyun kuni qirg‘izistonlik kriminal Aziz Batukayevni qamoqdan ozod qilish ishi bo‘yicha qo‘lga olingandi. Batukayevning ozod qilinishi bilan bog‘liq ishda aybli deb gumonlangan ko‘plab sobiq hukumat vakillari, jumladan sobiq prezident Almazbek Atambayev ham qo‘lga olingan.

5 iyun quni sud Salyanovani uy qamog‘iga hukm qilgan. Advokat esa sobiq bosh prokuror 4 yoshli qizining qarovchisi bo‘lgani uchun jazoni yengillatishni so‘ragan. Aynan qizining qarovchisi bo‘lgani uchun Salyanovaning 5 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi uy qamog‘i bilan o‘zgartirilgan. 15-30 iyungacha kardiologiya markazida davolangan sobiq bosh prokuror unda yurak yetishmovchiligi aniqlangani haqida aytgandi.

Mavzuga oid