O‘zbekiston va Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirlari o‘zbekistonlik sportchi bilan bog‘liq voqeani muhokama qilishdi
22-avgust kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
TIV matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, muloqot chog‘ida 18 avgust kuni Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Qorasuv shahrida “qulatuv” jangi bo‘yicha “WEF PROFFIGHT” turnirida sodir bo‘lgan voqea yuzasidan internetda paydo bo‘lgan videolavhalar va izohlarga e'tibor qaratildi.
“Ishning barcha jihatlarini birgalikda o‘rganish va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona aloqalar ruhida vaziyatni hal qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi”, deyiladi xabarda.
Qirg‘iziston OAVning ma'lumot berishicha, O‘sh viloyati ichki ishlar boshqarmasi o‘zbekistonlik 27 yoshli sportchi Nursulton Ro‘ziboyevning videomurojaati bo‘yicha sudga qadar tekshiruv boshlagan.
O‘sh viloyati IIB matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, Ro‘ziboyev 20 avgust kuni o‘zining Instagram kanalida «diniy va irqiy adovat qo‘zg‘atuvchi chaqiriqlar bo‘lgan ig‘vogarona tusdagi” videomurojaatini joylagan.
«Qirg‘iziston jinoyat kodeksining 313-moddasiga muvofiq (irqiy, etnik, milliy, diniy yoki hududlararo adovat qo‘zg‘atish) sudga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda», - deyiladi IIB xabarida.
Keyinroq Nursulton Ro‘ziboyev ijtimoiy tarmoqdagi videomurojaatini Qorasuv shahrida qulatuv bo‘yicha “WEF PROFFIGHT” turnirida qatnashganlarga yo‘llaganini bildirdi.
“Birinchidan, hakam bizning bayrog‘imizni uloqtirib yubordi, so‘kinib, itara boshladi. Bayrog‘imizni uloqtirishga uning nima haqqi bor?! Bizni nega so‘kadi?! Bir guruh odamlar meni do‘pposlamoqchi bo‘ldi... Ular mehmonlarga nima uchun bunday munosabatda bo‘lishdi?! Yomon millat yo‘q, yomon odamlar bor deysizlar. Yaxshi, o‘sha minglab sportchilardan qaysi biriga murojaat qilish kerak?
Mening murojaatim janglarda qatnashgan Qorasuv ahliga yo‘llangandi. Men avvalroq yozgan videoni o‘zlariga moslab montaj qilishgan, men Qirg‘iziston haqida emas, Qorasuvdagi turnir haqida gapirgandim. Videoni esa men go‘yoki Qirg‘iziston haqida gapirgandek keltirishgan. Qirg‘izistonda men bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan aka va ukalarim, sportchilar bor”, - dedi u.
Eslatib o‘tamiz, 18 avgust kuni Qorasuvdagi markaziy stadionda qulatuv bo‘yicha “WEF PROFFIGHT” xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi. Turnir doirasida 26ta jang, jumladan unvon va kamar uchun uchta jang o‘tkazildi. 84 kg vazn toifasida Altinbek Arikbayev va Nursulton Ro‘ziboyev o‘rtasida jang bo‘lib o‘tdi.
Mavzuga oid
13:40 / 24.11.2024
Qirg‘izistonda elektron sigaretalar taqiqlanadi
13:51 / 23.11.2024
Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi O‘zbekistonda sezildi
21:37 / 20.11.2024
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘li bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda – OAV
20:34 / 20.11.2024