Jahon | 23:17 / 26.08.2019
41572
2 daqiqa o‘qiladi

Muslima ayol komil eri bilan ajrashishga qaror qildi

Birlashgan Arab Amirliklarida yashovchi ayol g‘alati sabab tufayli eri bilan ajrashish haqida Al-Fujayraning shariat sudiga ariza topshirdi, deb xabar beradi «Islam i semya». Muslima ayol komil oilaviy hayot va erining haddan ziyod muhabbatini ko‘tara olmay qolgan.

Taloq iltimosnomasida ayol eri bilan yashagan yillar davomida biror marta janjal bo‘lmagani, turmush o‘rtog‘ining juda ham mehribon ekanini, hatto hech qachon ovozini baland ko‘tarib gapirmaganini, baqirmaganini ko‘rsatgan. Bundan tashqari, eri unga ba'zan uy ishlarida qarashib turgan, hatto ovqat ham tayyorlagan.

Muslima ayol sudda erining «haddan ortiq muhabbati»dan bo‘g‘ilib ketayotganini va hech bo‘lmasa «ba'zan urishib turishni» istayotganini, ammo «sermuhabbat» eri tufayli buning imkoni yo‘qligini, jufti haloli uning har qanday kamchiligini kechirib, sovg‘alarga ko‘mib yuborayotgani haqida bayonot bergan. 

«U hech qachon menga baqirmagan, hech qaysi iltimosimni yerda qoldirmagan», — deb tan oladi ayol.

Shuningdek, ayol erining ortiqcha vazni haqida hazillashganida, u jiddiy parhez qilib, sport bilan shu darajada faol shug‘ullanganki, hatto oyog‘ini ham sindirib olgan. 

«Menga muammosiz, tinch hayot emas, balki janjal, shovqin-suron kerak», — deb bayonot berdi ayol.

Rafiqasining bunday bayonotlaridan hayron bo‘lgan er shunchaki munosib bo‘lishga harakat qilganini aytib, sudyadan taloq iltimosnomasini rad qilishni so‘ragan. Yakunda sud er-xotin o‘zaro kelishib olishi uchun imkon berib, ishni ko‘rib chiqishni boshqa sanaga qoldirgan.

Mavzuga oid