O‘zbekiston | 14:00 / 26.08.2019
26995
5 daqiqa o‘qiladi

«Surxondaryo sanoatlashgan viloyatga aylanib bormoqda» - viloyat hokimi To‘ra Bobolov bilan intervyu

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Abdiyevich Bobolov

Kun.uz muxbirlarining mahalliy hokimliklar va davlat idoralari rahbarlari bilan muntazam uyushtirilayotgan intervyularining navbatdagi soni Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Abdiyevich Bobolov bilan bo‘ldi.

— O‘tgan davr mobaynida Surxondaryoda qanday ahamiyatli ishlar amalga oshirildi.

— Surxondaryo azaldan qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan agrar viloyat hisoblagan. Hozir katta katta qurilishlar bo‘lyapti. Sanoat korxonalari ko‘paymoqda. Investitsiya dasturlari amalga oshirilmoqda. Viloyatda turizm sohasini rivojlantirish, yo‘l-transport infrastrukturasini rivojlantirishga katta e'tibor qaratilmoqda.

— Viloyatda ekoturizm, etnoturizm va ziyorat turizmini rivojlantirish uchun katta salohiyat bor. Bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar qay ahvolda?

— Viloyatda 384ta tarixiy obida mavjud. Xususan, ziyorat turizmini oladigan bo‘lsak, al Hakim at-Termiziy, Imom Termiziy, Sulton Saodat kabi ziyoratgohlarimizga turistlar oqimi ko‘paymoqda. Chet eldan kelayotgan ziyoratchilar oqimi ham oshmoqda. Termiziy bobolar ziyoratgohlariga eltuvchi infrastrukturada barcha sharoitlar yaratilgan.

Bundan tashqari, Surxondaryoning o‘ziga xos iqlimi nuqtai nazaridan ekoturizmni rivojlantirish uchun imkoniyat bor. Surxondaryoda shunday go‘shalar borki, yoz o‘rtasida ham to‘rt faslga guvoh bo‘lish mumkin. Bu yerlarning havosi ekologik jihatdan juda toza. Bunday joylarga ham tashrifchilar soni ortmoqda. U yerlarga eltadigan yo‘llarni rekonstruksiya qilish, zarur infrastruktura obektlarini yaratish ustida ish olib borilmoqda.

Sangardak va Boysunga xorijdan ham tashrif buyuruvchilar soni ortib bormoqda.

Surxondaryoda agroturizmni ham rivojlantirish uchun yetarli imkoniyatlar bor. Chunki iqlimimiz boshqacha. Meva-chevalar va poliz ekinlari boshqa joylarga nisbatan 1 oy avval yetiladi.

Termiz tumanida 100 gektarlik issiqxona barpo etilgan. Bu yerda yil bo‘yi mahsulot yetishtiriladi. Sherobodning anorlari mashhur, Angorda turli ko‘katlar yetishtirilmoqda.

— Surxondaryoda yetishtirilayotgan mahsulotlarni xorijiy davlatlarga eksport qilish borasida ham ishlar olib borilmoqdami?

— Surxondaryoda yirik «Karvonsaroy» logistika markazimiz faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yerda mahsulotlar yig‘iladi, saqlanadi va eksportga yo‘naltiriladi. Lekin, tan olib aytishimiz kerak, mahalliy tadbirkorlarimizda mahsulotlarni saqlash va o‘rash bo‘yicha ko‘nikma yetarli emas. Hozir bu borada ham ishlar olib borilyapti. Mahsulot saqlovchi sovuqxonalar qurilmoqda.

Sherobodning anorini esa ko‘proq Qashqadaryoning Varganza hududidan tadbirkorlar kelib olib ketib, saqlab, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa xorijiy davlatlarga eksport qilishmoqda.

— M-39 «Olmaota — Termiz» trassasining viloyatdan o‘tuvchi qismi juda sifatli qilib ta'mirlandi. Biroq, viloyat markazidan o‘tuvchi ichki yo‘llar, M-41 yo‘li, Boysun – Sariosiyo yo‘llarining ahvoli juda abgor. Bu yo‘llarga qachon e'tibor qaratiladi?

— Yo‘l masalasi Surxondaryodagi juda og‘riqli masalalardan biri bo‘lib turibdi. M39 xalqaro yo‘li Termizdan Dehqonobodgacha xalqaro standartlar talabi bo‘yicha mukammal ta'mirdan chiqdi.

Boysundan Sariosiyogacha bo‘lgan ichki yo‘lini ikki polosali qilib, xalqaro standartlar darajasida ta'mirlash bo‘yicha aniq dastur tuzilgan. Bu ishga shu yildan kirishamiz. Bu borada ishlar boshlangan.

M41 «Termiz – Dushanbe» yo‘lining Sariosiyogacha bo‘lgan qismini kapital ta'mirlash ishlariga kelgusi yilning fevral oyidan kirishiladi. «O‘zavtoyo‘l» davlat qo‘mitasi mutaxassislari bilan birgalikda ish olib bormoqdamiz. Bu yo‘l to‘rt polosali yo‘l qilib kengaytiriladi. Nafaqat vaqt va masofani qisqartirish, shuningdek, xavfsizlikni ta'minlash uchun ham ayrim tuman markazlari — Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on va Sho‘rchi tumanlari markazlarini chetlab o‘tadigan yo‘l bo‘ladi.

Intervyuning to‘liq video ko‘rinishi:

Tahririyatdan: To‘ra Bobolovning ma'lum bir mavzularda bildirgan fikrlari bilan keyingi chiqishlarimizda tanishtirib boramiz.

Shuhrat ShOKIRJONOV suhbatlashdi.
Tasvirchi: Muhammadjon G‘ANIYeV.

Mavzuga oid