O‘zbekiston | 10:05 / 27.08.2019
4763
4 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlar uchun zamonaviy o‘quv kurslari tashkil qilinadi

Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlar va tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun zamonaviy o‘quv kurslarini tashkil qilish va o‘tkazishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2019 yil 14 yanvardagi PF-5630-sonli Farmoniga muvofiq Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazi O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi yurituviga berilgan.

Markaz Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Toshkent shahri, Mirobod tumani, Amir Temur ko‘chasi, 6-uy manzilidagi ma'muriy binosining bir qismiga belgilangan tartibda ijara shartnomasi asosida joylashtiriladi.

Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:

Markazning joriy shtatidagi xodimlariga ish haqi uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 14 yanvardagi “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5630-sonli Farmoniga muvofiq Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasining Palataga tushadigan maqsadli ravishda tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan tadbirkorlar uchun tashkil etiladigan o‘quv kurslarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan mablag‘lari;

Markazga davlat va nodavlat tashkilotlari uchun maqsadli o‘qitishni tashkil qilish bo‘yicha shartnomalar asosida qo‘shimcha jalb qilinadigan mablag‘lari; 

xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy hukumat tashkilotlari hamda boshqa tashkilotlarning grant mablag‘lari;

manfaatdor tashkilotlarning xomiylik mablag‘lari; 

xo‘jalik faoliyatidan olingan mablag‘lar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalarning mablag‘lari.

Quyidagilar Palataga tavsiya etildi:

Markazning hududiy filiallari Palataning hududiy bo‘linmalarining binolariga joylashtirish;

xodimlarning belgilangan umumiy soni va mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi doirasida Markaz tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish;

Markaz faoliyati hamda o‘quv kurslari tinglovchilari uchun zarur bo‘lgan o‘quv materiallar va tarqatma materiallarni qayta inventarizatsiyadan o‘tkazish hamda zarurat bo‘lganda, yangi o‘quv materiallarini ishlab chiqish.

Belgilab qo‘yilishicha:

Palata yurituviga o‘tishi jarayonida balansdan balansga beriladigan Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazi va uning hududiy filiallarining mol-mulklari daromad solig‘i obekti hisoblanmaydi;

Markaz va uning hududiy filiallari tomonidan aholi va tadbirkorlar uchun o‘quv kurslarini tashkil etish uchun egallanadigan va foydalaniladigan davlat mulki bo‘lgan bino va xonalarning maydonlariga hamda oliy va o‘rta-maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari auditoriyalaridan ta'lim jarayonidan bo‘sh vaqtlarida foydalaniladi.

Markaz va uning hududiy filiallari tomonidan tadbirkorlar va tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun tashkil etiladigan bepul o‘quv kurslariga vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlarining mutaxassislarini o‘qituvchi sifatida jalb etish tegishli vazirliklar, idoralar va davlat tashkilotlari hamda Markaz o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq mutaxassislarni yuborgan vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga hamda Markaz tomonidan haqiqatda o‘tkazilgan o‘quv soatlari sonini tasdiqlovchi ma'lumotlarga ko‘ra amalga oshiriladi.

Mavzuga oid