O‘zbekiston | 16:35 / 28.08.2019
73004
7 daqiqa o‘qiladi

Nurxon Nafasov ishi: Sud uning ishdan bo‘shatilishi g‘ayriqonuniy bo‘lgani haqida qaror chiqardi

Nurxon Nafasov / Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati

27 avgust kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumanlararo fuqarolik sudida O‘zbekiston karate milliy federatsiyasining sobiq raisi Nurxon Nafasovning lavozimdan ozod etilishi masalasi bo‘yicha ish ko‘rildi va yakuniy qaror ma'lum qilindi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, sudda federatsiyaning Nurxon Nafasovni lavozimdan bo‘shatish to‘g‘risidagi 2018 yil 26 sentabr kungi yig‘ilish bayonnomasi va 2018 yil 27 sentabr kungi buyruq g‘ayriqonuniy deb topildi. Javobgar O‘zbekiston karate milliy federatsiyasining qarshi da'vo arizasi qanoatlantirilmadi.

Tomonlarga tegishli muddat davomida shikoyat berish tartibi tushuntirilgan.

Jinoiy ishlar bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida Nurxon Nafasov va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari - 167-modda («O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish») 3-qismi «a» bandi va 165-modda («Tovlamachilik») 1-qismi doirasida ish mazmunan ko‘rilishi davom etmoqda.

Ushbu ish yuzasidan O‘zbekiston Karate milliy federatsiyasi bosh kotibi Otabek Qosimov va yana bir sudlanuvchi Begzod Aralovning ko‘rsatmalari tinglandi. O.Qosimov unga nisbatan surishtiruv vaqtida tazyiq va bosimlar bo‘lganini aytib o‘tdi. B.Aralov ham o‘zi bilan bog‘liq holatlarni so‘zlab berdi.

Mazkur jinoiy ish bo‘yicha 8 avgust kuni bo‘lib o‘tgan avvalgi sud majlisida Nurxon Nafasovga ham so‘z berilgan. U federatsiyaga umuman aloqasi bo‘lmagan shaxslar tomonidan majlis o‘tkazilgani va tegishli tartiblarga amal qilinmay uni ishdan olib tashlashganini aytib bergan.

«To‘satdan o‘tkazilgan noqonuniy yig‘ilishdan so‘ng meni prezidentlik lavozimidan olib tashlashdi. Men avvalgi safar 10 yil ishlagan davrimda 70 mingdan ortiq shogird tayyorlaganman. Har bir tumanda minglab o‘smirlar karate bilan shug‘ullana boshlagandi. O‘tgan davrda O‘zbekistonda karate jar yoqasiga kelib qoldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev davriga kelib menga qayta imkon berildi. Noqonuniy ishdan olinganimdan keyin menga bosimlar boshlandi. Adliya vazirligiga bog‘langanimda tegishli fuqarolik sudiga murojaat qilishim zarurligini tushuntirishdi. Ulardan najot bo‘lmagach, cudga murojaat qildim. Menga bosim o‘tkazganlar qo‘l ostimda ishlaydigan O.Qosimovga ham shu ishni qilishdi. Menga qarshi ko‘rsatma olishga harakat qilishdi (O.Qosimov buni sudda tasdiqladi – tahr.). Lekin u ham rozi bo‘lmadi.

Milliy olimpiya qo‘mitasining o‘sha vaqtdagi raisi Umid Ahmadjonov menga aloqaga chiqqan. Ahmadjonov unga «yuqori»dan (Ixtiyor Abdullayev va uning qo‘l ostidagi ayrim shaxslar) topshiriq bo‘lganini tushuntirib, federatsiya prezidentligidan o‘z xohishimga ko‘ra ketishim kerakligini aytdi.

Bosh prokuratura tegishli departament rahbari Hasan Ishanxodjayev tushuntirish berishim uchun meni ishxonasiga chaqirdi. Nega hali ham federatsiya rahbarligini topshirmaganimni so‘rab, ustimdan menga qarshi ish ochishini ma'lum qildi. Men qo‘lidan kelgan istagan ishini qilishi mumkinligini aytdim. Bundan tashqari, Samarqand viloyat karate federatsiyasi rahbariga musobaqa uchun yig‘ilgan badal pullarini N.Nafasovga topshirganman, deb tuhmat qilishga ham undagan. Men shaxsan Hasan Ishanxodjayev bilan yuzlashishga ham tayyorman», deya ko‘rsatma bergandi u.

Fuqarolik ishi sud qarori o‘qib eshittirildi, jinoiy ish doirasida esa hozircha sud davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Nurxon Nafasov O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi rahbarligiga 12 yillik tanaffusdan so‘ng, 2018 yilning may oyida qaytgan, ammo sentyabrda ishdan olinib, u va ayrim qo‘l ostidagilarining ustidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandi va 165-moddasi (tovlamachilik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

2019 yil yanvarida Milliy Olimpiya qo‘mitasi rasmiy saytida Nurxon Nafasovning nomini qoralaydigan material e'lon qilingandi.

«O‘zbekiston Karate Milliy federatsiyasining sobiq raisi Nurxon Nafasov va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandi va 165-moddasi (Tovlamachilik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Tergov jarayonida amalga oshirilgan taftish natijasida noqonuniy xatti-harakatlar to‘g‘risidagi birlamchi ma'lumotlar o‘z tasdig‘ini topdi.

Xususan, N.Nafasovning federatsiya raisi lavozimiga tayinlangan kun – 2018 yil 16 maydan boshlab oktabr oyigacha 125 million 557 ming so‘mlik pul mablag‘ini belgilangan tarzda (terma jamoa a'zolari, ularni musobaqalarga tayyorlash xarajatlari) sarflash o‘rniga, ularni maqsadsiz va ortiqcha ishlatganligi, tovlamachilik va hujjatlarni qalbakilashtirishga yo‘l qo‘yilganligi, sportchilardan badal pullarini yig‘ib olib, federatsiya g‘aznasiga kirim qilinmaganligi aniqlandi. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda», deyilgandi «Nurxon Nafasovning kirdikorlari fosh bo‘ldi» sarlavhali xabarda.

Xabarning ruscha variantida esa Nurxon Nafasovning ilgari ham jinoiy javobgarlikka tortilganiga ishora qilindi.

Bosh prokuratura mazkur xabar bo‘yicha rasmiy munosabat bildirgan, unda Unda Milliy Olimpiya qo‘mitasiga aybsizlik prezumpsiyasi haqida eslatilgandi.

Nurxon Nafasov vazifasidan chetlatilgach «O‘zbekiston Karate milliy federatsiyasi(O‘KMF)ning tegishli yig‘ilish qarori va 27.09.2018 yildagi 1-sonli buyruqni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida» fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudiga murojaat qilgandi.

Mavzuga oid