O‘zbekiston | 13:40 / 28.08.2019
44860
3 daqiqa o‘qiladi

Senator Sodiqjon Turdiyev shifoxonaga yotgan, Jalaquduq tumaniga yangi rahbar tayinlandi

Ommaviy axborot vositalarida Oliy Majlis Senati a'zosi, Andijon viloyati Jalaquduq tumani hokimi Sodiqjon Turdiyev salomatligi tufayli o‘z arizasiga muvofiq vazifasidan ozod etilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu haqda «Andijonnoma» gazetasi sayti ham ma'lumot bergan.

Unda aytilishicha, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirokida Andijon shahridagi Yoshlar markazida o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida Sodiqjon Turdiyev davolanishga yotgani, uning o‘rniga Zokirjon Davronov tuman hokimi vazifasini bajaruvchi bo‘lgani ma'lum qilingan.

«So‘nggi paytlarda Sodiqjon aka ko‘p kasal bo‘lmoqda. Bir necha oydan buyon vazifasidan ozod etishni iltimos qilib kelardi. Salomatligi ko‘tarmagani bois iltimosini qabul qildik. O‘rniga tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Zokirjon Qobulovich Davronovni vaqtincha hokim vazifasini bajaruvchi etib tayinladik», deya hokimning so‘zlari keltirilgan xabarda.

Kun.uz xabarga oydinlik kiritish uchun Zokirjon Davronov bilan bog‘landi.

«Ayni paytda Sodiqjon Turdiyev kasalxonada davolanmoqda. U kishining ishdan ketish to‘g‘risida ariza yozgani haqida ma'lumotga ega emasman. Davolangach, sog‘ayib o‘z ishiga qaytish-qaytmasligini esa vaqt ko‘rsatadi. Menga tuman hokimi vazifasini vaqtinchalik bajarib turish vazifasi yuklatilgan», deydi u.

Zokirjon Davronov 1968 yilda Jalaquduq tumanida tug‘ilgan, ma'lumoti bo‘yicha mutaxassisligi iqtisodchi, moliyachi. 1997 yilda Andijon iqtisodiyot va boshqaruv instituti hamda 1999 yilda O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasini tamomlagan. Turli yillarda Jalaquduq, Izboskan tumanlari, Qorasuv shahar soliq inspeksiyasi, Andijon shahar budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi, Qo‘rg‘ontepa tumani g‘azna bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. 2017 yildan buyon Jalaquduq tumani hokimining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgandi.

Ma'lumot uchun, Sodiqjon Turdiyev 2010—2013 yillarda Xalq deputatlari Asaka tuman kengashi deputati bo‘lgan. 2012 yilga qadar «Asaka jilosi» fermer xo‘jaligiga rahbarlik qilgan. 2012 yil noyabrida O‘zbekiston Fermerlar kengashi raisligiga saylangan. U 2013 yil dekabrida O‘zLiDeP yetakchiligiga saylangan, 2015 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari bo‘lgandi. 2018 yilning avgustida esa partiya liderligini tark etib, Andijon viloyatining Jalaquduq tumani hokimi lavozimiga tayinlangandi.

Sodiqjon Turdiyev Senatda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi a'zosi hisoblanadi.

Mavzuga oid