Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina hukumatini 35 yoshli Aleksey Goncharuk boshqaradi. U mamlakat tarixidagi eng yosh bosh vazir
Ukraina prezidenti ma'muriyati rahbari o‘rinbosari Aleksey Goncharuk Oliy Rada tomonidan mamlakat bosh vaziri lavozimiga tasdiqlandi. Uning nomzodi 450 nafar deputatning 290 nafari tomonidan ma'qullandi.
Sergey Supinskiy / AFP / Scanpix / LETA
Ayni vaqtda 35 yoshda bo‘lgan Goncharuk Ukraina tarixidagi eng yosh bosh vazir bo‘ldi. U bu lavozimda 2016 yildan buyon ishlab kelgan Vladimir Groysman o‘rnini egalladi. Groysman hukumat tepasiga kelganida 38 yoshda edi.
Goncharukni hukumat rahbarligiga tayinlashni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy parlamentga murojaati davomida tavsiya qilgandi.
Deputatlar mamlakatning yangi mudofaa vazirini ham saylashdi - bu lavozimni Zelenskiyning maslahatchilaridan biri Andrey Zagorodnyuk egalladi. Ukrainaning NATO qoshidagi missiyasining sobiq rahbari Vadim Pristayko esa Tashqi ishlar vaziri bo‘ldi.
29 avgust kuni Oliy Rada to‘qqizinchi chaqiriqning birinchi yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Bugun parlamentga spiker ham saylandi — u «Sluga naroda» partiyasi rahbari Dmitriy Razumkov bo‘ldi. Bu lavozimga undan boshqa nomzod ilgari surilmagandi.
Yangi tarkibdagi parlamentning birinchi ish kunida yangi tayinlovlar ham bo‘lishi kutilmoqda.
Goncharuk kim?
Aleksey Goncharuk - mutaxassisligi bo‘yicha huquqshunos. U Xodimlarni boshqarish mintaqaviy akademiyasini tamomlagan. Bundan tashqari, Goncharuk Ukraina prezidenti huzuridagi davlat boshqaruv akademiyasida tahsil olgan.
Yurist Goncharukning ish faoliyati Gorodnyadagi oziq-ovqat mahsulotlari fabrikasida boshlagan. 2007 yilda u advokat maqomini olgan va o‘zining Constructive Lawers yuridik firmasiga asos solgan, bu firma investitsiya va qurilish sohalarida xizmatlar ko‘rsatishga ixtisoslashgandi.
Goncharukning siyosatdagi debyuti omadsiz bo‘lgandi: 2014 yilda u «Sila lyudey» partiyasi asoschilari qatorida bo‘lgan va bu partiya Oliy Rada uchun saylovlarda atigi 0,1 foiz ovoz olgandi. Shundan so‘ng, u bir qancha vaqt davomida Poroshenko hukumatidagi Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Arseniy Yatsenyukning maslahatchisi sifatida ishladi.
2015 yildan Goncharuk Samarali tartibga solish ofisi (BRDO - Better Regulation Delivery Office) - ekspertlik markazini boshqara boshlagan, bu markaz sobiq iqtisodiy taraqqiyot va savdo vaziri Ayvaras Abromavichyus tomonidan Yevroittifoq ko‘magida ochilgandi. BRDO o‘z missiyasi sifatida kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga qaratilgan samarali boshqaruv vositalarini ishlab chiqish va joriy etishni belgilagandi.
Iyul oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida Zelenskiyning «Sluga naroda» partiyasi ro‘yxati bo‘yicha BRDO markazining bir necha xodimi Oliy Radaga o‘tdi.
2019 yilgi prezidentlik saylovlari arafasida Goncharuk Ukrainadagi mashhur siyosatchilar bilan birgalikda «Lyudi vajny» nomli siyosiy harakati tuzilishida ishtirok etgandi. 2019 yilda bu harakat partiyaga aylanishi va keyinroq parlament saylovlarida ishtirok etishi ko‘zda tutilgandi. Ammo bu rejalar amalga oshirilmadi, harakat tashabbuskorlarining aksar qismi esa, jumladan Goncharuk ham Zelenskiy jamoasiga o‘tishdi.
Ukrain nashrlari ma'lumotiga ko‘ra, prezident jamoasiga Goncharukni oligarx Igor Kolomoyskiyning sobiq advokati, Zelenskiy administratsiyasi boshlig‘i Andrey Bogdan olib kelgan.
Prezident ofisida ishlab ulgurgan Goncharuk ipoteka foizlarini kamaytirish, yer bozorini ochish va Ukrainada qimor biznesini qonuniylashtirish niyatini bildirgan. Bundan tashqari, u o‘z islohotlarida davlat banklarini, temir yo‘l va Ukraina pochtasini xususiylashtirishni ustuvor vazifalar sifatida belgilab olgan.
Goncharuk Ukrainani World Bank Doing Business reytingi o‘nligida ko‘rish orzusi haqida gapirib keladi. «Men bu ro‘y berishi uchun o‘zimga bog‘liq barcha ishni qilaman», - deya yozgan u «Feysbuk»dagi sahifasida.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:37 / 27.05.2025
Kellog: Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 million kishidan oshdi
20:17 / 27.05.2025