Jamiyat | 21:00 / 30.08.2019
99205
22 daqiqa o‘qiladi

«Jurnalistdan qochgan rahbar emas». Kabinetni yoqtirmaydigan Andijon viloyat hokimining ish kuniga nazar

21 avgust kuni tahririyat ijodiy guruhi hokim bilan bir kun loyihasi doirasida vodiyda bo‘ldi. Bu safar Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning bir ish kuniga guvoh bo‘ldik.

Hokimning hafta kunlari turli masalalar uchun taqsimlangan ekan. Shunga ko‘ra, hokim dushanba, seshanba va chorshanba kunlari hududlarni aylanishi belgilangan. 21 avgust kuni chorshanba kuniga to‘g‘ri kelgani bois, viloyat hokimi bilan tumanlardagi olib borilayotgan ishlarni birgalikda kuzatdik.

Hokim ish kunini ertalab soat 6:00da kabinetiga kelib, yangiliklar bilan tanishishdan boshlar ekan. Ijodiy guruh bilan soat 6:30da hokim huzurida bo‘ldik va o‘zaro kichik suhbat o‘tkazdik.

«Har kuni ertalab kelib birinchi qiladigan ishim ijtimoiy tarmoqlarda Andijon bo‘yicha qanday masalalar ko‘tarilgani bilan tanishish bo‘ladi. Keyin esa viloyatimizda bir sutka davomida tegishli tashkilot va organlardan berilgan axborot bilan tanishib chiqaman. Axborot xizmatiga OAV orqali ko‘tarilgan masalalarni o‘rganib chiqishni ko‘rsatma qilaman. Kuni kecha viloyat haqida 3ta ma'lumot chiqdi. Shaxsiy telefonimga hamma ijtimoiy tarmoqlar ulangan», deydi hokim.

U blogerlarni ham o‘qib borarkan.

«Albatta blogerlar ham bor. Blogersiz hayot yo‘q bo‘lib qoldi hozir. Shuningdek, o‘zimning ham feysbuk va instagramda sahifalarim bor. Ertalabdan bir ayol feysbukim orqali maktab-internat masalasida murojaat qilibdi. Shuni o‘qib viloyat xalq ta'limi boshlig‘i bilan gaplashdim. Yechim sifatida internat ham joyida qoladi, eski foydalanilmay yotgan kollejni yangi maktab qilib ochamiz. Bu murojaatchi ham bir bloger. Agar shu sahifalar bo‘lmasa bu muammo ancha vaqtgacha yechilmasdan qolib ketib, yangi muammolarni keltirib chiqarardi», deydi viloyat hokimi.

Shundan so‘ng hokim va uning o‘rinbosarlari ishtirokida ertalabki kichik yig‘ilish boshlandi. Unda bir kunlik ishlar rejalashtirildi. Bunga taxminan 10 daqiqa ketdi.

7:00. Hokimlik binosida xitoylik investor va biznes ombudsman vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Xitoylik investorlar millionlab tonna qalampirga talab mavjudligi sabab sotib olishga tayyorligi, yer berilsa yetishtirib o‘zlari eksport qilishlari haqida ma'lum qilishdi. Hokim kerakli barcha ishlarni bajarishni o‘z zimmasiga olishini aytdi. Uchrashuv so‘ngida mehmonlarga hokimlik sovg‘alari berildi. Ikkinchi uchrashuv biznes-ombudsman vakillari bilan o‘tkazildi va investitsiya masalalari muhokama qilindi.

7:40. Yig‘ilishlardan so‘ng, hududlarni aylanishga yo‘l oldik. Jarayon viloyat markazi Andijon shahridan boshlandi. Dastavval, viloyat rahbari markaziy dehqon bozorida (xalq tilida Eski shahar) narxlar bilan tanishdi.

«Xalqimizni qiziqtirayotgan eng katta masala sabzavotlar va go‘sht narxi. Go‘sht narxi hozir o‘ynab turibdi. Hozir borib bir ko‘rib chiqamiz. Bu bozor Andijondagi eng katta bozor. Hozir hamma joylar gipermarketlarga o‘tkazilmoqda. Yurtboshimizga rahmat, iltimosimizni qabul qilib bu bozor saqlab qolindi. Sababi shundaki, bu bozor tarixiy ahamiyatga ega», deydi hokim.

Shundan so‘ng, bozordagi sabzavot va go‘sht narxlari bilan tanishdik. Bozordan chiqqanimizdan so‘ng, hokim savdogarlar aytgan narxlar qanchalik haqiqiyligini alohida odam qo‘yib tekshirtirib olishini aytdi.

8:00. Andijon shahrida 30 million dollarlik xorij investitsiyasi asosida tashkil etilayotgan «Bobur XBK» MChJ korxonasining ikki obektidagi qurilish ishlari bilan tanishildi. Turk tadbirkori hokim bilan suhbatda jami 3 ming kishilik ishchi o‘rni yaratish bo‘yicha rejalarini ma'lum qildi.

8:45. Hokim shaharda joylashgan 40-sonli jismoniy nuqsonlarga ega bolalar uchun ixtisoslashtirilgan bolalar bog‘chasidagi sharoitlar bilan tanishdi. Tashrif mobaynida hokim bilan suhbatlashgan qizaloq «Orzuing nima?» deb berilgan savolga «Yurib ketish» deya oddiy va samimiy javob berdi. Hokim buning uchun barcha ishlar qilinishini aytib o‘tdi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari bilan shahar hududidan chiqib ketdik. Navbatdagi manzil Baliqchi tumani edi. Bu tumanning O‘rmonbek qishlog‘idagi sobiq kollej binosi o‘rnida trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan «Tajmahal xakan savdo» MChJ korxonasining ochilish marosimi bo‘lishi rejalashtirilgan ekan.

9:40. Hokim ushbu tekstil korxonasi ochilish marosimida nutq so‘zladi. «Bu yigit xuddi mana shu yerda bir necha oy muqaddam menga chet davlatlarga eksport qilinadigan mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishini, ishchi o‘rni yaratishini ma'lum qilgandi. Ikkovimiz qo‘l tashlashganimizni eslayman. Bu yerda 150 kishilik ishchi o‘rni yaratilgan. Ertaga ular ishlariga yarasha ish haqlari olsa, demak yurtboshimiz qo‘ygan vazifaning kichik bir belgisini tashkil qilibman deyman. Ikkinchidan, bu yerda yana bitta menga soliq to‘lovchi qo‘shilmoqda», deya ta'kidladi hokim o‘z nutqida.

Kirish so‘zidan so‘ng yoshi ulug‘lar bilan korxonaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi va korxona o‘z faoliyatini boshladi.

«Birorta budjet tashkiloti xodimini dalaga yaqinlashtirmayman»

Korxonaning ochilish marosimidan so‘ng, yo‘l ko‘rsatkichimizni Ulug‘nor tumani, Do‘stlik massivida joylashgan «Shaxrixonlik Zaynura» fermer xo‘jaligi tomon burdik. Yo‘l davomida hokim bu tashrifning mazmuni ramziy ma'noga egaligi, g‘alla ekish oldidan bu fermer ayolga mo‘ysafidlar bilan duo berilishini tushuntirib ketdi.

10:00. Fermer xo‘jaligi hududida bizni yoshi ulug‘ insonlar va fermer Zaynura Sharipova kutib oldi. Mavsum dehqonchiligi oldidan Qur'on tilovat qilindi va yaxshi niyatlar bilan duo qilindi.

10:30. Dala maydonidan qaytish vaqtida tuman fermerlari va mutasaddilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda hokim nutq so‘zladi: «Bu yil oldimizda katta sinov turibdi. Qasam ichib aytamanki, paxta terimida birorta budjet tashkiloti xodimini dalaga yaqinlashtirmayman. Undan ko‘ra, paxta dalada qolsa qolib ketsin. Qolmaydi albatta. Hammasini teramiz. Lekin budjet tashkilotlari bilan emas».

«Hokim ham bir odam»

11:00. Dehqonlar bilan suhbatdan so‘ng, yo‘l-yo‘lakay «Real milk» MChJ qoramolchilik kompleksiga kirib o‘tdik. Bu yerda chorvador fermer bilan suhbat qurildi va u o‘z rejalarini aytib o‘tdi.

Ulug‘nor tumanidan so‘ng, Bo‘z tumani tomon yo‘lga otlandik.

11-55. Tumanda tashkil etilishi kutilayotgan «Sayyora favvorasi» MChJ trikotaj fabrikasining qurilish ishlari bilan tanishildi. Bu korxona 300 ish o‘rniga ega bo‘lishi belgilangan ekan.

Bu obektdan so‘ng Shahrixonga qarab yo‘lga tushdik.

Yo‘l davomida hokim shunday gaplarni aytib o‘tdi: «Bilasizmi, qaysiki kasb bo‘lsin, uni tayyorlovchi institutlar bor. Shifokor, o‘qituvchi, mashinasozlar va boshqa kasb egalarini olaylik. Hammasini tayyorlovchi muassasalar mavjud. Lekin hokim tayyorlovchi institut yo‘q. Hokim hamma narsani bilishga majbur. Dalaga borsa, dehqon bo‘lishi kerak. Qurilishga borsa, quruvchi bo‘lishi kerak. Ta'limga borsa, o‘qituvchi bo‘lish kerak. Tadbirkorning oldida tadbirkor bo‘lishi kerak, yo‘qsa aldanadi. Lekin hamma narsani bilaman deyish noto‘g‘ri. Hokim ham bir odam. U ham adashishi mumkin. O‘zimizning ustimizda ishlayapmiz, ammo baribir qayerdadir xatoga yo‘l qo‘yayotgan bo‘lishimiz mumkin».

12:20. Og‘ir hudud sanalmish «Birlashgan», «Tumor» mahallaridagi olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirib borar ekan, hokim bizni hududdagi yo‘l, ichimlik suvi bo‘yicha ishlar bilan tanishtirib bordi. Shu orada ta'mirlanayotgan qabristonga ham to‘xtab o‘tdi va mas'ullarga ko‘rsatma berdi. Ancha vaqtdan beri mulkdori foydalanmay yotgan binoni bolalar bog‘chasi sifatida rekonstruksiya ishlarini tekshirib o‘tdi.

12:40. Bu vaqtda ushbu og‘ir hudud aholisi uchun mo‘ljallab qurilgan 45-maktabning ochilish marosimida bo‘ldik. Hokim o‘z nutqida maktab 420 o‘rinli bo‘lib, 4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangani, bundan maqsad hududdagi bolalar yaxshi o‘qib tahsil olishiga erishish ekanini ta'kidladi. Marosim davomida o‘quvchi bolalar suhbatlashdi va yangi maktabni ko‘zdan kechirdi.

Maktab foydalanishga topshirilganidan so‘ng, viloyat hokimi va tuman tadbirkorlari uchrashishi uchun belgilangan maishiy xizmat kolleji binosiga yo‘l oldik.

13:10. Tadbirkorlar hokimga o‘zlarining loyihalarini tanishtirib berishdi. Tadbirkorlardan biri o‘z mablag‘lari hisobidan ish boshlayotganini aytdi va Navro‘z bayramida faoliyatini boshlashni rejalashtirganini ma'lum qildi. Hokim tomonidan «bizga qanday xizmat?» deya berilgan savolga «Ochilish marosimiga shaxsan o‘zingiz kelsangiz» deya javob qaytarildi va hokim tomonidan taklif qabul qilindi. Tadbirkorlar bilan suhbat davomida hokim muammo bo‘lsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘ziga aloqaga chiqishlari mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Asakaga tashrif: ikki tadbirkor bellashuvi, muhojir yigit janozasi va kutilmagan murojaat

Pichoqchilar yurti bo‘lmish Shahrixondan so‘ng, avtomobilchilar yurtiga aylangan Asaka tomon yo‘l oldik. Hokimning ushbu tumanga tashrifi biz uchun kutilmagan holatlarga boy kechdi.

14:30. Niyozbotir qishlog‘i, «Mehnatobod» MFYda bo‘sh yotgan sobiq parrandachilik kompleksi yangi egalariga topshirilishi rejalashtirilgan va bu masalada ikki tadbirkor talabgor ekan. Obektni topshirish bo‘yicha qaror qabul qilish uchun hudud mo‘ysafidlari chaqirtirilgan.

Yig‘ilganlarga hokim quyidagilarni aytib o‘tdi: «Bir vaqtlar xususiylashtirish boshlandi. Bu o‘zimniki degan qarash uyg‘onsin, shunda o‘g‘irlatmaydi, pul tikadi degan o‘y bilan qilingan. Shunda bir xato bo‘lganki, o‘sha odamlarga majburiyat yuklanmagan. Hech qanday majburiyat olmagan. Natija nima bo‘ldi? 70 foizi buzib ketdi. Andijon viloyati respublikaning 1 foiz hududini tashkil etadi, aholisi esa 10 foizini. Tadbirkorga berilgach ishlatishi kerak. O‘zi qilsin, investor topsin yoki ikki qo‘lini ko‘tarib topshirsin. Viloyat bo‘yicha xatlov qilgan edik, 3770ta shunday foydalanilmay, xonavayron bo‘lib yotgan obektlarni aniqladik. Bu yerga sizlarni yig‘ishimizdan maqsad ochiq o‘yin qilamiz. Bu yangi tadbirkorlarni birgalikda sinovdan o‘tkazamiz».

Ikki tadbirkor o‘z loyihalarini og‘zaki tarzda tanishtirib o‘tishdi. Viloyat hokimi va qishloq kattalari investitsiya va muddatlar masalasini puxta o‘rganib, so‘ngra qaror qabul qilishga kelishishdi.

15:30. Ushbu qishloq yo‘llaridan o‘tayotgan vaqtimizda bir qiziq holatga duch keldik. Eski holatga kelib qolgan ikki qavatli uy egalari, bir guruh ayollar norozi holda yo‘l chetida turishgan ekan. Viloyat rahbari mashinani ularning oldida to‘xtatishga buyruq berdi.

Bu ayollar uylari yomon holga kelib qolgani, uylarni ta'mirlash uchun bank tomonidan 9 foiz kredit ajratilayotgani, lekin buncha foizli kredit to‘lashga qurbi yetmasligi, sharoitlari faqat 6 foizlik kredit olishga yetishini aytishdi. Viloyat hokimi murojaatchilarni eshitib, so‘ng bank bilan gaplashib aholi uchun 6 foizga tushirib berishini, qolgan 3 foizi hokimlik hisobidan berilishini aytdi.

15:50. Ushbu kompleksdaligimizda shu qishloqda yashovchi bir yigit Rossiyaga ishlagani ketgan ukasini qidirib ketgani va begona yurtda vafot etib, mayiti qaytib kelganini aytib qoldi. Ta'ziya bildirish uchun ushbu xonadonga kirdik. Ta'ziya bildirar ekan hokim bu avvalo uning aybi ekani, bu fojia vaqtida ishchi o‘rinlari yaratmagani tufayli sodir bo‘lganini aytib oiladan uzr so‘radi. Hokim ma'rakaning xarajatlarini zimmasiga olish bilangina yordam qila olishini aytib hamdardlik bildirdi.

Asaka tumanidan so‘ng, Marhamat tumanida olib borilayotgan «Obod tuman markazi» dasturi doirasida qilinayotgan qurilish-ta'mirlash ishlari bilan tanishdik.

17:00. Ushbu qurilishlardan so‘ng, shoir Muhammad Yusuf yurti sanalmish Qovunchi qishlog‘ida bo‘ldik. Bu yerda ta'mirlanayotgan Muhammad Yusuf maktabi va qabristonga kirib o‘tdik. Qabristondagi ishlar bilan tanishish vaqtida hokim oldidan bir tadbirkor chiqib qoldi va o‘zining shikoyatini ayta ketdi.

«Men ham o‘zimning hisobimdan bir qabristonni ta'mirlayotgan edim. Bahorda sizga uchraganman. 500ta qoramol olib kelaman deb aytgandim. Hozircha 100ta qoramol, 150ta Shveytsariya echkisi olib keldim. Biroq, yerdan ozroq muammoimiz bor. Adirdan yer olganmiz. Bug‘doy rejasini ham bajarib berdik. Suvdan muammo borligi sababli, yerdan bir marta hosil olyapmiz. Shunga iloji bo‘lsa pastroq joydan ham 20-30 gektar yer kerak», deydi tadbirkor Ulug‘bek Yulchiyev.

«Bo‘ldi, yeringni men hal qilib beraman. Undan muammo yo‘q. Qoramol qachon 500ta bo‘ladi?», deya uning murojaati hal qilinishini aytdi hokim va tadbirkorning va'dasini oldi.

Shu yerda qishloq oqsoqollari ham bitta namozxona qilib berishni iltimos qilishdi. Hokim loyiha tayyorlanib, bunga ham mablag‘ ajratilishiga ko‘rsatma berdi.

Marhamat tumanidan so‘ng, hududlarni aylanishni Xo‘jaobod tumaniga yo‘naltirdik. Soat taxminan 18:00dan soat 19:00gacha «Samo tekstil» korxonasi tomonidan yangi qurilayotgan beton ishlab chiqaruvchi kompleks va tekstil mahsulotlariga mo‘ljallangan «Oliy standart teks» MChJning ochilish marosimida bo‘ldik. Ochilish marosimida viloyat rahbari tadbirkor Nuriddin Abdurahmonovga alohida minnatdorchilik bildirdi. Ushbu korxona loyihasi vaqtida viloyat hokimi ochilish marosimida qatnashishga kelishini va'da qilgani, bunday ishlardan charchamasligini aytib o‘tdi va kabinetni yoqtirmasligini tilga oldi.

Hokim yo‘l davomida nega barcha ochilish marosimlarida qatnashishga harakat qilishini tushuntirib berdi.

«Bu tadbirkorlarga bu binolarni berish vaqtida ular bilan qo‘l tashlashamiz. Bu ishni yaxshi qilib yo‘lga qo‘ysa, ochilish marosimlariga borishni ham va'da qilaman. Ham va'daga vafo, ham aytilgan ishlar rostdan qilindimi, yo‘qmi tekshirib olaman. Ruslar aytadiku, «Doveryay, no proveryay» deb. Shuningdek, agar bitta tadbirkor paydo bo‘lsa, ishchi o‘rni bo‘ladi, ishlab chiqarish bo‘ladi hamda bitta soliq to‘lovchi ko‘payadi. Soliq bilan davlat budjetidan oshiq qismi mahalliy budjetga beriladi. Bu pul bilan men ko‘chalarni asfalt qilaman, ichimlik suvi va hokazolarni qilishim mumkin bo‘ladi», deydi u.

Xo‘jaoboddan Xonobodga o‘tdik. Shu orada Qo‘rg‘ontepa tumanida joylashgan «Muruvvat uyi»ga kirib bu yerdagi jismoniy holatida nuqsoni bor bolalar holidan xabar olindi. Hokim bolalarga sovg‘alar ulashdi. Ushbu joydan qaytar vaqtimizda hokim tez-tez shu joyga kirib o‘tishini, bolalar holidan xabar olsa, ko‘nglidagi g‘ashliklar, stresslar ozroq bo‘lsa-da kamayishini aytdi.

«Jurnalistdan qochgan rahbar, rahbar emas»

Uzoq vaqt hududlarni aylanib Andijonning eng xushmanzara joyi Xonobodga ham kirib keldik.

20:30. Shaharga kirish joyida adabiyotshunos Rahmon Qo‘chqor bilan uchrashib qoldik. U hokim bilan ba'zi masalalarda suhbatlashishi lozimligini, keyinroq bir yoniga kirib o‘tishini aytdi. Uning taklifiga javob sifatida viloyat hokimi quyidagilarni aytdi: «Har qanday vaqt oldimga kelishingiz mumkin. Eshigim doim ochiq. Shu o‘rinda bir gap. Jurnalistdan qochgan rahbar, rahbar emas. Nega masalan men jurnalistlardan qochishim kerak?! Men ishlayapman-ku? To‘g‘ri, uzoq yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni yechish og‘ir bo‘lyapti. Lekin shu ishlashda bo‘lsa, 1-2 yilda xalqimizni o‘ylantirayotgan hamma masalalarni yechamiz».

21:00. Hokim yangicha loyiha sanalmish «Kubikoin» korxonasi tomonidan Bitkoin (elektron pullar, 1,2 million dollar) hamda elektromobil ishlab chiqarilishini (7 million dollarlik) ko‘zdan kechirdi va xorijlik investorlar bilan uchrashdi.

21:30. Yuqoridagi ishlar bahonasida Xonoboddagi dam olish uchun mo‘ljallangan dala hovlilar kompleksiga tashrif buyurdik va hovlilardan birida bo‘ldik.

«Bu hovlilar 24-25 kunda shu holatga keltirildi. Prezidentimizning g‘oyasi shunday bo‘lyaptiki, Andijon ahli shanba-yakshanba kunlari qayerda dam oladi? Andijonda hech qayerda joy yo‘q-ku. Xonobod bilan Andijon shahri o‘rtasida 6-7 daraja farqi bor. Bu yerni bejizga «O‘zbekiston Shveytsariya»si deb aytishmaydi. Shuning uchun, muhtaram prezidentimiz kelgan vaqtda «bu yerlarda odamlar uchun qulay, arzon loyiha qilinglar. Qimmati kerak emas», deb topshiriq bergandi. Shu sababli, buni hammaga e'lon qildim. Mana xohlovchilar bo‘lsa, mana loyihasi 60 million so‘mlik, mana yer 2 sotixdan deb aytdim. Budjet tashkilotlari xohlasa ham bermadim. Chunki ertaga menga ortiqcha gap kerak emas. Bu yerda qanaqa majburiy mehnat bo‘lishi mumkin?! Hashar deganda faqat Vazirlar Mahkamasining 17-18 avgust kunlari umumxalq hashari deb e'lon qilindi. Yakshanba kuni (18 avgust – tahr.) shu yerdan yer olgan tashkilotlarimiz, tadbirkorlarimiz o‘zlari chiqishib hasharni shu yerda o‘tkazishdi. Buning qanday noqonuniy joyi bor? Yo‘lni «Avtoyo‘l», suvni «Suvoqova» tashkiloti, elektrini elektr uchun mas'ul tashkilot, gul ko‘chatlarini obodonlashtirishdagilar qilishmoqda. Hammasiga mahalliy budjetdan mablag‘ o‘tkazib berdik. Tadbirkorlar, tashkilotlar xodimlarini jo‘natib tursa, madaniy hordiq olishi uchun zamin bu. Xudo xohlasa, keyingi yili Navro‘z bayramini shu yerda o‘tkazishni niyat qilyapman. Yurtboshimiz sayil tariqasida bo‘lsin deb aytmoqda», deydi hokim.

Shu bilan tumanlardagi ishlarni ko‘zdan kechirish jarayoni tugadi va viloyat markaziga qaytdik. Oldinda 1,5 soatli yo‘l bor edi.

«Qo‘limizda bir so‘m pul yo‘q edi»

23:00. Hokim ish kabinetiga qaytganidan so‘ng, bir kunlik yig‘ilib qolgan hujjat ishlari bilan mashg‘ul bo‘lar ekan.

Hujjatlarni ko‘rib chiqar ekan viloyat hokimi bizga yuzlandi.

«Mana salkam 18 soat yurib hududlarni ko‘zdan kechirib chiqdik. Prezidentimiz hokimlarga investitsiya, aholi muammolari, tadbirkorlar masalasida bemalol, to‘g‘ri ishlashi uchun hamma sharoitlarni qilib berdi. Men avval ham rahbar bo‘lib ishlaganman, lekin u vaqtlarda qo‘limizda bir so‘m pul yo‘q edi. Biror muammoni hal qilish uchun «yuqori»ga xat yozardik. Hozir ma'lum soliq tushumlarini qilsak, ortig‘ini mahalliy budjetga tushirish yo‘lga qo‘yildi. Bu yil hisobidan 1 trillion so‘m viloyat mahalliy budjetiga tushishini niyat qilganmiz. Hududlarda biror muammo bo‘lsa, mahalliy budjetimizdan hal qila olamiz. Shunday imkoniyatlarda qattiq ishlamasak vijdon ham qabul qilmaydi. Hozir hokim bo‘lish ham sharaf, ham juda katta mas'uliyatdir», deya so‘zlarini yakunladi viloyat hokimi.

Shundan so‘ng viloyat hokimi bilan xayrlashdik. Hokim hali ozroq hujjat ishlari borligini aytib uzr so‘rab, kabinetida qoldi.

Muxbir: Bahodir Ahmedov
Tasvirchilar: Muhammadjon G‘aniyev, Nuriddin Nursaidov

Qo‘shimcha o‘rnida: Kun.uz ushbu loyihani davom ettiradi va hokimlar, turli mansabdor shaxslarning bir ish kuni qanday o‘tishini o‘quvchilarga taqdim etib boradi.

Mavzuga oid