Jamiyat | 15:00 / 30.08.2019
56787
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda haydovchilar yo‘ldagi itni bosib o‘tishga harakat qilishdi. It quturgan bo‘lgani taxmin qilinmoqda

28 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahri markaziy ko‘chalaridan birida avtomobil haydovchilari yo‘ldagi itni bosib o‘tishga uringani tasvirlangan video tarqaldi. Videoda avvaliga «Nexia» haydovchisi itni mashinada turtib o‘tgani, undan keyin Spark «Spark» mashinasi uni bosib ketishga harakat qilgani ko‘rinadi. Yana bir videoda esa ichki ishlar organi xodimi itga hujum qilgani ko‘rsatilgan.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan haydovchilar va ichki ishlar organlarining xatti-harakatlari keskin qoralanmoqda. Foydalanuvchilar jonivorga bunday noinsoniy munosabatni keskin tanqid ostiga olib, aybdorlar qonunda belgilanganidek jazolanishini talab qilishmoqda.

Samarqand viloyat IIB matbuot xizmati Kun.uz’ga mazkur masala yuzasidan aslida nimalar bo‘lgani haqida ma'lumot berdi.

«Videoda ko‘rsatilgan it quturgan deb gumon qilinmoqda. Chunki u jami 15 nafar fuqaroga tashlanib, ularning barchasini turli darajada tirnab, tishlagani aniqlangan.

Itdan jabr ko‘rgan fuqarolarning barchasi shifoxonaga yotqizilgan va ayni paytda ular zudlik bilan antirabik emlash kursini olishmoqda.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra quturgani aytilgan it hujumidan jarohat olgan barcha bemorlar viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi nazoratiga olingan.

Holat yuzasidan 2019 yil 28 avgust kuni soat 03:00da Samarqand shahar IIB PPXB va JTSB karantin tadbirlarini ta'minlash guruhi xodimlari va it ovlash brigadasi xodimlari tomonidan olib borilgan ushlab olish tadbiri davomida quturganlikda gumon qilingan it yana boshqa fuqarolarni va yosh bolalarni tishlab olishi hamda jarohat yetkazishining oldini olish maqsadida ko‘rilgan choralar natijasida ushlandi», deyiladi ma'lumotda.

Ushlash jarayonida it tadbir ishtirokchisi bo‘lgan IIB xodimini ham tishlab olgan. Ushbu it «uxlatilgan» va uning miyasi shahar veterinariya bo‘limi tomonidan belgilangan tartibda viloyat veterinariya boshqarmasining virusologiya laboratoriyasiga yuborilgan.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan Kun.uz’ga xabar qilishicha, itning miyasi tahlillardan o‘tkazilib, uning quturgan yo quturmagani haqidagi tahlillar natijasi kamida uch haftadan so‘ng ma'lum bo‘ladi.

Agar it chindan ham quturish kasaliga yo‘liqqani tasdiqlansa, davolanish yana davom ettiriladi.

Bizga ma'lum bo‘lishicha, ushbu it Samarqand shahri temir yo‘l vokzalidan shimoldagi mahalla hududida joylashgan uylardan biridan bo‘shalib chiqqan va shahar bo‘ylab odamlarga tashlanib Mirzo Ulug‘bek ko‘chasigacha kelgan.

Viloyat SSB mas'ul xodimining so‘zlariga ko‘ra, viloyat ortopediya va travmatologiya shifoxonasiga 8 kishi zudlik bilan yotqizilgan. Ertasi kuni shahar hududidagi oilaviy poliklinikalarga murojaat qilgan fuqarolar aniqlangan va yana 7 kishiga it hujum qilgani ma'lum bo‘lgan. It tishlab olganlarning barchasi 18 yoshdan katta odamlar bo‘lgan. Ulardan ikki nafari ayol kishi. Ularning barchasiga qoqshol va quturishga qarshi zudlik bilan vaksinatsiya o‘tkazilgan.

SSV xodimi it hujum qilgan fuqarolardan uch nafariga itning faqat so‘lagi sachragani uchun javob berilgani, qolgan 12 nafarida tirnash va tishlash bilan jarohat yetkazilgani alomatlari bo‘lgani uchun ular hozir emlash jarayonida ekanini ham tasdiqladi.

Quturish kasalligi — neyrotrop virus qo‘zg‘atadigan, muloqot yo‘li bilan yuqadigan, nerv tizimining kuchli zararlanishi bilan kechadigan va o‘lim bilan tugaydigan o‘ta xavfli zooantroponoz yuqumli kasallikdir.

Shuhrat ShOKIRJONOV tayyorladi.

Mavzuga oid