O‘zbekiston | 10:08 / 30.08.2019
69489
3 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta’limi vazirligi maktab formasi bo‘yicha ota-onalarga murojaatnoma bilan chiqdi

Foto: Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati

So‘nggi kunlarda turli ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in munozaralarga sabab bo‘layotgan davlat umumta’lim muassasalarida o‘quvchilar uchun yangi o‘quv yilida kiyishi lozim bo‘lgan maktab formasi xususida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bayonot bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda respublikadagi umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning maktab formasi va uni kiyib yurish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 666-sonli Qarori bilan tasdiqlangan.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 iyundagi “Vazirlar Mahkamasining davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2018 yil 15 avgustdagi 666-son qaroriga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qaroriga binoan davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formalarini majburiy qilib belgilash 2024/2025-o‘quv yilidan deb belgilandi.

“Garchi, yagona maktab formasining majburiyligi kechiktirilgan bo‘lsa-da, Vazirlar Mahkamasining 666-sonli qarori bilan tasdiqlangan davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab amalda saqlanib qolmoqda”, - deyiladi bayonotda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib vazirlik yangi o‘quv yilida davlat umumta’lim maktablarida maktab formasi sifatida quyidagi kiyim-kechaklarni tavsiya qilgan:

1) o‘g‘il va qiz bolalar uchun – tepasi oq (klassik ko‘ylak), pasti qora (klassik shim va yubka) bo‘lgan kiyim;
            
2) maktab tomonidan avvalgi yillarda joriy etilgan va bugungi kunga qadar kiyishga yaroqlilikni saqlab qolgan forma;
            
3) Vazirlar Mahkamasining 666-sonli qarori bilan tasdiqlangan o‘quvchilar uchun zamonaviy yagona maktab formalari.

“Farzandingizni vazirlik tomonidan tavsiya etilgan variantlardan tashqari boshqa kiyim-kechaklarda hamda turli bosh kiyimlarda (ta’lim muassasasida o‘tkaziladigan turli tadbirlar jarayoni bundan mustasno) maktab hududida yurishi ta’lim muassasasining ichki tartib hamda odob-axloq qoidalarining buzilishiga olib keladi. Mazkur holat ta’lim muassasalarida o‘quvchi yoshlar o‘rtasida ijtimoiy tenglikni ta’minlashga qaratilgan.

Maktab direktorlari tomonidan maktab formasini markazlashgan holda oldi-sotdi ishlarini tashkil qilinishi qat’iyan taqiqlanganligini sizga yana bir bor eslatib qo‘ymoqchimiz”, - deyiladi vazirlik ma’lumotida.

Mavzuga oid