Sport | 20:31 / 31.08.2019
16131
3 daqiqa o‘qiladi

Dzyudo - jahon chempionati. Mutlaq vaznda chempion yangilandi

Dzyudo bo‘yicha jahon chempionati so‘nggi kunida mutlaq vazn sportchilari — erkaklar +100, qizlar +78 kgda tatamiga tushdi.

Chexiyalik Lukas Krpalik erkaklar o‘rtasida 100 kgdan og‘ir dzyudochilar bellashuvida g‘olib bo‘ldi. U finalda dzyudo vatani vakili Hisayoshi Harasavani ogohlantirishlar (hansoke) hisobiga mag‘lub etdi. Uchinchi o‘rinni gollandiyalik Roy Meyyer va J.Koreyalik Kim Minjong qo‘lga kiritdi.

 

Ushbu vaznda J.Koreyalik Kim Minjong yangi nom sifatida turnir kashfiyoti bo‘ldi. Endi 18 yoshni qarshilagan Kim bronza uchun kurashda braziliyalik tajribali dzyudochi Rafael Silvadan ustun keldi.

Amaldagi chempion Tushishvili Guram beshinchi o‘rin bilan kifoyalandi. U yarimfinalda Harasavaga, uchinchi o‘rin uchun kurashda Roy Meyyerga yutqazdi. Bu vaznda musobaqada qatnashgan o‘zbekistonlik Bekmurod Oltiboyev ikkinchi davrada bahslarga qo‘shildi va shu raunddayoq mag‘lub bo‘ldi.

Qizlar o‘rtasida +78 kgda yaponiyalik Sone Akira barcha raqibalarini yengib jahon chempioni bo‘ldi. U finalda kubalik Ortiz Idalysdan ustun keldi. Uchinchi o‘rin turkiyalik Kayra Sayit va yana bir yaponiyalik Asahina Sarahlarga nasib etdi.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida Yaponiya birinchi o‘rinni egallagan. Mezbonlar 4 ta oltin, 6 ta kumush, 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi. Ikkinchi o‘ringa Fransiya ega chiqqan, ular hisobida 3 ta oltin, 2 ta bronza medali mavjud. Kuchli uchlikni bitta oltin, bitta kumush bilan Portugaliya egallagan. O‘zbekiston dzyudochilari bitta kumush medal bilan 13-o‘rinni ishg‘ol etdi.

Shu bilan bir hafta davomida dzyudo ixlosmandlari e'tiborida bo‘lgan jahon chempionati o‘z yakuniga yetdi. Dzyudo bo‘yicha keyingi nufuzli musobaqa — Toshkent Gran-pri turniri 20-22 sentabr kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

 

Mavzuga oid