Abdusalom Azizov JCh saralashi oldidan milliy jamoa a'zolariga murojaat qildi
O‘zbekiston sporti rahbariyati mamlakat milliy va olimpiya terma jamoalari futbolchilari va murabbiylar shtabi vakillari bilan uchrashdi.
Bugun, 2 sentabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov, O‘zbekiston prezidentining davlat maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov hamda O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ishtirok etdi.
Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi Osiyo chempionati va JCh saralashiga tayyorgarlik doirasida milliy va olimpiya terma jamoalari ayni kunlarda Toshkentda yig‘in o‘tkazmoqda.
Ochiq va samimiy suhbat tarzida kechgan uchrashuvda Rustam Shoabdurahmonov hamda Abdujabbor Abduvohidov har ikki terma jamoadan ham muxlislar yuksak natijalar kutayotganini ta'kidlab, jamoa vakillaridagi kayfiyat qanday ekani bilan qiziqishdi va bo‘lajak o‘yinlarda omad tilashdi, deyiladi O‘FA xabarida.
Shuningdek, assotsiatsiya prezidenti Abdusalom Azizov futbolchilarga murojaat qildi.
«Bizni oldinda juda katta va mas'uliyatli o‘yinlar kutib turibdi. O‘zbekiston terma jamoasi hali biror marta Jahon chempionati va Olimpiya o‘yinlarida qatnashmagan. Har safar bizga nimadir – 1 ochko yoki 1ta gol yetmay qoladi. Muxlislar uchun esa bu alamli natija. Ko‘pincha bu narsani omad yuz o‘girishi bilan izohlaymiz. Lekin omadning ortida mehnat va harakat yotadi. Omad mehnat qilgan odam bilan hamisha yonma-yon yuradi. Shunday ekan bo‘lajak musobaqalarga biz har tomonlama tayyor bo‘lishimiz kerak. O‘tmishdagi xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz kerak.
Hozirgi paytda biz uchun ahamiyatsiz narsaning o‘zi yo‘q. Ayniqsa, har bir raqibga qarshi hal qiluvchi o‘yinga chiqqandek jiddiy yondoshishimiz kerak. Biz uchun har bir o‘yin va har bir gol muhim. So‘nggi daqiqalargacha yuz foiz kuch bilan o‘ynashimiz talab etiladi. Bitta gol urib olib, keyin xotirjamlikka berilish eng katta xatolardan biri bo‘lishi mumkin.
Davlatimiz rahbari menga ushbu mas'uliyatli lavozimni topshirayotganda yurtimizdagi millionlab muxlislar, ayniqsa, yoshlarimiz kayfiyatiga futbolning qanchalik ta'sir qilishi, shuning uchun ham futbolda eng avvalo adolat o‘rnatilishi, qolaversa, ijobiy natijalar qayd etilishi muhim ekanini ta'kidlab o‘tgan edilar.
Biz assotsiatsiyadagi faoliyatimizning dastlabki kunlaridan futbolda halol o‘yin prinsiplari ustuvorligini ta'minlashga e'tibor qaratdik. Kelishilgan o‘yinlar kabi illatlarga qarshi kurash boshlangan va bundan keyin ham davom etadi. Shunda muxlislar bizga ishonishadi, chempionatimizga, terma jamoamizga bo‘lgan e'tibor tiklanadi.
Hozirgi kundagi eng muhim vazifa – muxlislarimiz ishonchini oqlash. Moddiy masalalar esa ikkinchi darajali. Agar ijobiy natija qayd etilsa, siz tarixda qolasiz, muxlislarimiz orzulari ushaladi. Ana undan keyin moddiy tomoni ham o‘z-o‘zidan yaxshilanadi, sizni dunyo ko‘radi, transfer masalalariga ham bu yaxshi ta'sir qiladi. Qolaversa, hozirdan sizga aytib o‘tishim mumkinki, sizning har bir yutug‘ingiz munosib tarzda mukofotlanadi.
Sizda qanday muammo bo‘lsa, biz hal qilishga tayyormiz. Bemalol ochiq tarzda barcha muammo va kamchiliklar haqida aytib o‘tishingiz mumkin. Balki hozir gapira olmayotgandirsiz, ammo hamma vaqt sizning yoningizda terma jamoalar bo‘limi rahbari Aziz Haydarov bor. Uzoq yillar terma jamoa a'zosi bo‘lib o‘ynagan, bu sohani ichidan bilgan insonni bejizga bu lavozimga tayinlaganimiz yo‘q. U siz bilan bizning o‘rtamizda ko‘prik vazifasini bajara olishiga ishonamiz.
Futbolchi uchun eng muhim jihat – bu o‘ziga bo‘lgan ishonch. Men sizlardan aynan shuni kutmoqdaman. Siz hech qaysi bir futbol yulduzidan kam joyingiz yo‘q. O‘zingizga ishoning, ortingizda xalq turganini his eting, maqsad sari oxirigacha intiling. O‘z navbatida biz futbolchilar va murabbiylar shtabiga to‘liq ishonch bildiramiz. Hammamiz birgalikda harakat qilib, albatta o‘z maqsadimizga erishamiz», – dedi Abdusalom Azizov.
O‘z navbatida, O‘zbekiston milliy jamoasi ustozi Ektor Kuper ko‘rsatilayotgan e'tibordan mamnun ekanini bildirdi. Bosh jamoa ustozi ayni paytda terma jamoa ixtiyorida bo‘lgan futbolchilarning harakatlari va jismoniy holatidan ko‘ngli to‘layotganini ta'kidlab, barcha bir maqsad yo‘lida birlashib, ahil jamoa bo‘lib, bosh maqsad – mundial yo‘llanmasi qo‘lga kiritilishi yo‘lida birgalikda mehnat qilishini alohida qayd etdi.
Qolaversa, Olimpiya terma jamoa bosh murabbiyi Lyubinko Drulovich ham olimpiyachilar qit'a chempionatiga jiddiy hozirlik olib borayotgani, barcha yigitlar oldilaridagi mas'uliyatni to‘la his etib, mashg‘ulotlarda qattiq ter to‘kayotganini aytib o‘tdi.
Futbolchilar nomidan so‘zga chiqqan ikkala jamoa sardori Odil Ahmedov hamda Islom Qobilov terma jamoa a'zolarining barchasi oldinda turgan muhim uchrashuvlarga har jihatdan tayyor ekanini, muxlislar orziqib kutayotgan maqsad yo‘lida tinmay mehnat qilinishini bildirishdi va bu yo‘lda bor kuch-mahorat ishga solinishiga va'da berishdi.
Eslatib o‘tamiz, milliy jamoa JCh-2022 saralashidagi ilk o‘yinni 5 sentabr, shu haftaning payshanba kuni Falastin maydonida o‘tkazadi. «D» guruhidan Saudiya Arabistoni, Singapur va Yaman termalari ham o‘rin olgan.
Olimpiya terma jamoasi esa 2020 yil yanvarda Tailandda o‘tadigan Osiyo chempionatida qatnashadi. Unda dastlabki uchta o‘rinni egallagan jamoalar Tokio Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Mavzuga oid
13:48 / 07.10.2024
Katanets salomatligi yomonlashgani bois Eron va BAA bilan o‘yinlarda jamoani boshqarmaydi
13:48 / 04.10.2024
O‘zbekiston DXX raisi Abdusalom Azizov Ostonada MDH davlatlaridagi hamkasblari bilan uchrashdi
18:25 / 01.10.2024
O‘zbekiston milliy jamoasining BAA va Eronga qarshi o‘yinlar uchun chaqirilgan futbolchilari ma’lum bo‘ldi
22:01 / 17.09.2024