Jamiyat | 00:39 / 03.09.2019
27313
12 daqiqa o‘qiladi

Alaqo‘yliqliklar «Obod qishloq» bo‘yicha olib borilgan ishlardan norozi: Kitob hokimligi barcha ishlarni qog‘ozda bajarganmi?

Prezidentimizning 2018 yil 29 martdagi «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risida»gi farmoni bilan mamlakatimizdagi har bir tumanda (shahar) ikkitadan, 2019 yildan esa uchtadan qishloqda (mahalla) dastur doirasida keng ko‘lamli ishlar olib borilishi belgilangan.

Mazkur farmon asosida chekka va olis qishloqlar aholisi turmush tarzi, ijtimoiy shart-sharoitlarini yaxshilash, mavjud infratuzilma, kommunikatsiya tarmoqlarini zamon talablariga moslashtirish, maishiy xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan oshirish, qishloqlar qiyofasini o‘zgartirish, pirovardida, odamlar turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan katta ishlar boshlangan edi.

Xo‘sh, belgilangan tadbirlar qanday amalga oshirilyapti? Ishlar sifatli bajarilyaptimi yoki muammolar bormi?

Tan olib aytish kerakki, «Obod qishloq» dasturi asosida olib borilayotgan ishlarni barcha hududlarda birdek olib borilyapti, deb bo‘lmaydi. Belgilangan chora-tadbirlar yakuniga yetmay qolayotgani, bir qator muammolar mavjudligi, bu esa aholining turli e'tirozlariga sabab bo‘lishi holatlari uchramoqda.

Kun.uz tahririyatiga shu mazmundagi navbatdagi murojaat Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanidagi «Alaqo‘yliq» mahallasi aholisidan keldi.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganib, mahalla aholisining e'tirozlarini tingladik.

«Mahallamiz «Obod qishloq» dasturiga tushganini eshitib juda xursand bo‘ldik. Afsuski, bugungi kunda mahallamizda ahvol yaxshilanmayotgani, mavjud muammolar hal qilinmayotganligi bu quvonchimizni yo‘qqa chiqardi. Yo‘llarning ma'lum qismi ta'mirlangan bo‘lsa-da, ichki yo‘llar ta'mirtalab holicha qolmoqda. Yog‘ingarchilik vaqti bu ichki yo‘llar loy bo‘lganidan yurib bo‘lmaydi. Simyog‘ochlar bir ahvolda, o‘zimiz o‘rnatganmiz. O‘zimiz elektr simlarini o‘tkazganmiz. Ichimlik suvida ham ko‘plab muammolar mavjud. Bu muammolar hal qilinmasa, qishloq ahli biror ijobiy o‘zgarishni his qilmasa, «Obod qishloq» dasturidagi loyihalar faqat qog‘ozda qolib ketsa, bundan aholiga nima naf?», — deydi biz bilan suhbatda mahalla aholisi.

Fuqarolarning e'tirozlari asosida «Alaqo‘yliq» mahallasi hududini ko‘zdan kechirdik. Ma'lum bo‘lishicha, ushbu mahalla joriy yilda «Obod qishloq» dasturiga kiritilgan. Ammo o‘tgan vaqt ichida amalga oshirilgan ishlarni haqiqatan ham qoniqarli deb bo‘lmaydi.

Xususan, mahalla hududidagi «Alaqo‘yliq» qishlog‘idagi holatlar achinarli. Ichki yo‘llar yetarlicha ta'mirlanmagan. Ayniqsa, simyog‘ochlarning holatiga «maymunlar yig‘laydi». Sababi, ushbu simyog‘ochlarni (agar simyog‘och deyish mumkin bo‘lsa) kichik-kichik yog‘ochlardan fuqarolarning o‘zi o‘rnatgan. Hattoki, elektr simlarini ham o‘zlari o‘tkazgan. Bu esa xavfli ko‘rinish olgan.

Bundan tashqari, elektr ta'minotidagi doimiy uzilishlar mazkur qishloq aholisini juda charchatgan. Elektr energiyasi bo‘lganda chiroqlar pomidor rangi ko‘rinishida bo‘lar ekan. Bu esa farzandlarini dars tayyorlashi va aholining o‘zi uchun ham qator noqulayliklarni tug‘dirarkan.

O‘rganishimiz davomida mahalladagi asosiy yo‘llarning bir qismi ta'mirlanganligiga guvoh bo‘ldik. Ammo asosiy yo‘lning bir qismi o‘z ta'mirtalab holda qolib ketgan, bir qismidagi chuqurlar sifatsiz holda yamab ketilgan. Umuman olganda, «Obod qishloq» dasturidagi loyihalar joriy yilda shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, ko‘zga tashlanmaydi.

Mazkur holat yuzasidan izoh olish uchun Kitob tumani hokimligida bo‘ldik. Tuman hokimligi «Alaqo‘yliq» mahallasida dastur asosida olib borilgan ishlar haqida ma'lumot taqdim etdi.

«Dasturga muvofiq moliyalashtirish borasida jami manbalar hisobidan 10,133 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hisobot davrida 3,8 mlrd.so‘m mablag‘ qurilish-ta'mirlash ishlari uchun sarf etildi.

Aholi uy-joylarini ta'mirlash borasida 331 ta yakka tartibdagi uy-joylarda qurilish va ta'mirlash ishlari talab etilib, bunda 1997,0 mln so‘m sarflannishi belgilangan.

Bugungi kunda, 189 ta xonadonda qurilish-ta'mirlash ishlari yakuniga yetkazilib, 1190,0 mln so‘m mablag‘ sarflangan.

Ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash, inshoot va tarmoqlarni barpo etish, rekonstruksiya qilish, joriy va mukammal ta'mirlash uchun jami 467,0 mln.so‘m mablag‘ o‘zlashtirish hisobiga 7 km ichimlik suvi tarmog‘ini va 1 ta suv inshootlarini yaxshilash mo‘ljallangan. Hozirda loyiha smeta ishlari olib borilmoqda.

Elektr ta'minotini yaxshilash maqsadida, mahallalarda 37 km elektr tarmoqlari, 331 dona tayanch ustunlar o‘rnatish hamda 5 dona transformatorlarni yangilash va ta'mirlash rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlar uchun 860,0 mln so‘m mablag‘ sarfi ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda, 17,1 km elektr tarmoqlari, 30 dona tayanch ustunlar o‘rnatilgan hamda 1 dona transformatorlar yangilangan, 12 ta transformator mukammal ta'mirdan chiqarilgan bo‘lib 332,0 mln so‘m mablag‘ sarflangan.

Tabiiy gaz va suyultirilgan gaz bilan ta'minlash borasida aholiga 91 dona suyultirilgan gaz balloni yetkazib berish rejalashtirilgan. Buning uchun 33,5 mln. so‘mlik mablag‘ sarfi rejalashtirilgan.

Hozirda 87 dona suyultirilgan gaz ballonlari aholiga yetkazib berilgan. Ushbu tadbirlar uchun 32,0 mln so‘m pul mablag‘lari sarflangan.

Avtomobil yo‘llarini ta'mirlash borasida 7 km yo‘llarni yaxshilash bo‘yicha jami 1260,7 mln. so‘m mablag‘ evaziga joriy ta'mirdan chiqarish rejalashtirilgan. Loyiha smeta ishlari tayyorlandi. Ko‘cha yo‘laklari va ko‘cha chiroqlari o‘rnatilgandan so‘ng yakunida ko‘chalar asfaltlashtiriladi.

Ijtimoiy infratuzilma obektlari qurish borasida 2 ta (maktab 1 ta, nodavlat MTM 1 ta) obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta'mirdan chiqarish uchun 1320,0 mln so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirgan.

Bugungi kunda, 615,0 mln so‘m moliyalashtirilib qurilish ta'mirlash ishlari boshlangan.

Bozor infratuzilma obektlarini qurish, xususan, 7 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini yangidan barpo etish va 2890,0 mln so‘m mablag‘ evaziga qo‘shimcha 20 tadan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.

Hozirda 1270 mln. so‘m mablag‘ ajratilib, 7 ta loyihada qurilish montaj ishlari amalga oshirilmoqda.

Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish borasida 1 ta yangi bekatlarni barpo etish joriy ta'mirlash rejalashtirilgan hamda ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun 48,0 mln so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan.

Mahalla hududlarini obodonlashtirish borasida 1 km piyodalar yo‘laklarini ta'mirlash, 1 ta chiqindi yig‘ish punktlarini yaxshilash, 2,6 ming kv.m daraxtzor va gulzorlar tashkil etish va bu tadbirlar uchun 79,0 mln so‘m mablag‘ sarfi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, 20,0 mln. so‘m mablag‘ evaziga 1 km ichki irrigatsiya tarmoqlarini yaxshilash hamda 156,3 mln so‘m mablag‘ evaziga 65 dona ko‘cha yoritish ustunlari va lampalarini o‘rnatish, 1,8 km ustunlarga elektr kabeli tortish ishlari rejalashtirilgan. Ko‘cha chiroqlari o‘rnatish uchun hozirda ustunlar yasalmoqda. Ko‘cha chiroqlari o‘z vaqtida o‘rnatiladi.

Hisobot davrida 0,8 km piyodalar yo‘laklarini ta'mirlab, 2,3 ming kv.m daraxtzor va gulzorlar tashkil etish chora-tadbirlari amalga oshirilgan va bu tadbirlar uchun 49,3 mln so‘m mablag‘ sarflangan.

Shu bilan birga, 8,7 mln so‘m mablag‘ sarflanib 0,4 km irrigatsiya tarmoqlarini yaxshilangan», — deyiladi tuman hokimligi taqdim etgan ma'lumotnomada.

«Belgilangan», «qilinadi», «ko‘zda tutilgan» va «rejalashtirilgan» kabi umumiy so‘zlarga boy bo‘lgan ushbu ma'lumotnomadagi holat va biz mahallada ko‘zdan kechirgan haqiqiy ahvol bir-biriga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Agarda ma'lumotnomada keltirilgan rejalar amalga oshganida bu mahalla hozir o‘zgacha qiyofa kasb etgan bo‘lardi.

Hali yil yakuniga yetmadi, deya vaj keltirish mumkin. Ammo yilning to‘qqizinchi oyi ham o‘tib bormoqda. Yog‘ingarchilik kunlar esa yaqin. Qolgan ishlar qachon amalga oshiriladi?

Mahalla aholisining ta'kidlashicha, bu muammolar yuzasidan mahalla raisi A.Xidirovga bir necha marotaba murojaat qilishgan va mahalla raisi qo‘pol so‘zlar bilan ularni haydab yuborgan. Bundan tashqari, murojaatchilar mahalla raisi fuqarolar yig‘inida qarindoshchilikni yo‘lga qo‘yib, yaqinlarini ishlatib kelayotgani va uning ishidan qoniqishmayotganligini bildirishdi.

Ushbu e'tirozlar asosida «Alaqo‘yliq» mahallasi raisi A.Xidirov bilan suhbatlashdik.

«Murojaatchilarning «qo‘pollik qiladi», degan shikoyatlari yolg‘on. «Obod qishloq» dasturiga kelsak, bu tuman hokimligiga bog‘liq muammo. Dasturdagi loyihalarni men emas, hokimlik amalga oshiradi. Bu yerda meni aybim nima? Olsa — ishimni oladi», — deydi biz bilan mahalla raisi A.Xidirov.

Mahalla raisi bilan suhbatda fuqarolar yig‘inida qarindoshi ham ishlayotganini inkor etmadi. Ma'lum bo‘lishicha, uning yaqini bo‘lgan J.Xidirov kotib bo‘lib ishlaydi.

Shu o‘rinda ta'kidlab o‘tish joiz, mahalla raisi xalq va hokimlik o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarishi lozim. Aholi muammolar yuzasidan dastlab albatta, mahalla raisiga murojaat qiladi. Rais bu muammolarni imkoniyat darajasida hal qilishi, aholiga tushuntirish berishi va lozim bo‘lsa tuman hokimligiga bu haqida murojaat qilishi zarur. «Tuman hokimligi qiladi, men emas», — deb o‘zini chetga olish ham to‘g‘ri emas.

Kitob tumanidagi «Alaqo‘yliq» mahallasida «Obod qishloq» dasturi asosida amalga oshirilayotgan ishlar qoniqarli emasligi haqida Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev bilan suhbatimizda ham bildirib o‘tdik.

Viloyat hokimi ayrim hududlarda «Obod qishloq» dasturi asosida kamchiliklar borligini inkor qilmagan holda hududlarda bu borada hududlarda keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta'kidlab o‘tdi.

Kun.uz sayti «Alaqo‘yliq» mahallasida «Obod qishloq» dasturi asosida amalga oshirilayotgan loyihalar, sarflanayotgan mablag‘lar tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganilishi va muammoga viloyat, tuman hokimliklari jiddiy e'tibor qaratishiga ishonch bildiradi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li. 

Mavzuga oid