O‘zbekiston | 18:15 / 06.09.2019
6614
2 daqiqa o‘qiladi

Bo‘sh turgan obektlarni sotishda yangi amaliyot joriy etildi

Bugun, 6 sentabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Davlat aktivlarini tasarruf etish, sanoat sohasidagi aktivlarni boshqarish va baholashning dolzarb masalalari» mavzusida anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mutasaddilari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Agentlik departament boshlig‘i Baxtiyor Haydarov bo‘sh turgan inshootlarni sotish bo‘yicha joriy etilgan yangi usul va sohadagi boshqa yangiliklar haqida ma'lumot berdi.

«Davlat mulkini xususiylashtirishda oldin qo‘llanmagan amaliyot joriy etildi. Bunda davlat aktivlarini sotishda investitsiya vositachilari jalb qilindi. Boshqacha aytganda, bo‘sh turgan inshootlarga xorijlik investorlarning ham qiziqishini orttirishga harakat qilinmoqda.  Shuningdek, xorijiy tajribada keng ishlatiladigan IPO va SPO yo‘li, ya'ni aksiyalarni ommaviy sotish ham qo‘llandi. 2019-2020 yillarda 6ta aksiyadorlik jamiyatining 350 mlrd so‘mdan ortiq miqdordagi aksiyalarini fond birjasiga chiqarish belgilab olindi. Respubdlika bo‘yicha 2018 yil 4 aprelda birinchi marta IPO usuli orqali aksiyalar joylashtirilgandi. Natijada, 3 ming 300dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslar aksiya egalari bo‘lishdi. Yirik korxonalar aksiyalarini mana shu yo‘l orqali sotish rejalashtirilgan», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Haydarovning qo‘shimcha qilishicha, davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish va boshqarish strategiyasi loyihasi ishlab chiqilgan. Unda bir qator yangiliklar o‘z aksini topgan. Osiyo taraqqiyot banki tomonidan jalb etilgan ekspertlar ishtirokida amaldagi yirik korxonada korporativ boshqaruv holati o‘rganildi va uni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Mavzuga oid