O‘zbekiston | 16:36 / 13.06.2024
13732
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar hokimiga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi

Toshkent shahar hokimiga ikki nafar yangi o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Baxtiyor Xalimovich Haydarov Toshkent shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

Baxtiyor Haydarov

Baxtiyor Haydarov 1989 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan. U 2010 yilda Toshkent moliya institutini bakalavriat, 2012 yilda magistratura yo‘nalishlarida tamomlagan.

Tayinlovga qadar O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi Ijtimoiy sohada muhim tashabbuslarni ishlab chiqish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

U yangi lavozimda Hotambek Shokirov o‘rnini egalladi. Muqaddam soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari va Toshkent tumani hokimi lavozimlarida ishlagan Shokirov 2019 yil mayidan buyon Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari edi.

Hotambek Shokirov

Shuningdek, Sanjar Shuhratovich Tojiyev Toshkent shahar hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. 

Sanjar Tojiyev

Sanjar Tojyev 1981 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2003 yilda Toshkent davlat Sharqshunoslik institutini bakalavriat, 2006 yilda magistratura yo‘nalishlarida tamomlagan.

U bugunga qadar «The Mob» MChJda bosh direktor lavozimida faoliyat yuritgan.

2021 yil aprelidan buyon Toshkent shahri hokimining turizm bo‘yicha o‘rinbosari lavozimda ishlab kelgan Faxriddin Dovruqov 2024 yil 3 iyun kuni prezident ishtirokidagi yig‘ilishda tanqidga uchrab ishdan olingandi.

Mavzuga oid