Jamiyat | 13:20 / 07.09.2019
23909
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkentning chiqindi qutilarisiz qiyofasi: nega ko‘chalar chiqindi uyumlari bilan to‘la?

Toshkent shahrining markaziy ko‘chalari bo‘ylab yursangiz, toza, tartibli, haqiqiy «poytaxt nafasi» seziladi. Lekin chekkaroq tumanlarning chekkaroq hududlarida, aholi gavjum joylarda chiqindi uyumlari to‘planishi odatiy holga aylangan. Shaharning bir necha hududlarini kuzatib, ko‘chalar chiqindixonalarga aylanib borayotganiga oddiygina chiqindi qutilari yetishmasligi sababligiga guvoh bo‘ldik.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

«Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan hududlarda chiqindi qutilarini joylashtirishning jismoniy va yuridik shaxslar uchun majburiy tartibi belgilangan. Ya'ni:

ko‘p kvartirali uylarning pod'yezdiga kirish yo‘lida — 1ta;

tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar, tashkilotlar, shuningdek, savdo obektlarining binosiga kirish/chiqish yo‘lida — 1-2ta;

metro, yer osti va yer usti o‘tish joylarining har bir kirish/chiqish yo‘lida — 2ta;

aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini va hordiq chiqarishini qondirish uchun mo‘ljallangan obektlarda (madaniyat va istirohat bog‘lari, o‘rmon massivlari, bog‘lar, bulvarlar, xiyobonlar va boshqalar) — obektning har 800 m2 maydonida 1ta va yo‘laklar va yo‘lkalar chizig‘i bo‘ylab o‘rnatilganda bir-biridan 40 metrdan uzoq bo‘lmagan masofada;

bozorlar va savdo obektlarida (supermarket, gipermarket va boshqalarda) — obektning har 250 m2 maydonida 1ta va savdo do‘konlari qatori bo‘ylab o‘rnatilganda — bir-biridan 10 metrdan uzoq bo‘lmagan masofada;

jamoat yo‘lovchi transport bekatlarida — 1-2ta;

avtoturargohlar va avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash maydonchalariga kirish/chiqish yo‘lida — 1-2ta;

davolash muassasalarining hovli hududida — obektning har 700 m2 maydonida 1ta, asosiy alleyalarda esa — bir-biridan 10 metrdan uzoq bo‘lmagan masofada;

chekish uchun maxsus ajratilgan joylarda — 1-2ta;

plyajlar va suv akvatoriyalari (daryolar, ko‘llar, ko‘rfazlar yoki hovuzlar)ga tutash rekreatsiya zonalarida — suv bo‘linishidan 15 m hamda yashil ekinlardan 3-5 m uzoqlikda joylashtirgan holda, obektning har 800 m2 maydonida 1ta;

ko‘p kvartirali uylar atrofidagi hududlarda va markaziy maydonlarda, yo‘lkalarda hamda magistral ko‘chalarning piyodalar zonasi bo‘ylab, shuningdek, ko‘priklarda — hududdan foydalanish intensivligidan kelib chiqib, piyodalar serqatnov hududda — har 50 metrdan oshmagan masofada va odam kam joylarda — har 100 metrdan oshmagan masofada 1tadan chiqindi qutisi bo‘lishi lozim.

Ammo serqatnov, aholi gavjum bo‘lgan hududlarda nainki har 50 metr, har 100-120 metrda ham chiqindi qutilari uchramaydi. Butun boshli katta bozor hududida 1-2ta quti topiladi, xolos. Ariqlarda suv emas, chiqindi oqishiga-ku ajablanmasa ham bo‘ladi. Bular esa nafaqat shaharning ko‘rinishiga putur yetkazadi, balki jiddiy antisanitariya ham.

«Chilonzor» metrosi atrofida tozalash ishlari bilan band bo‘lgan obodonlashtirish xizmati xodimlarining biri aytishicha, yaqin atrofdagi bozor hududida chiqindi qutilari yo‘qligi bois bozordagi sotuvchilar bekatlardagi qutilardan foydalanishmoqda.

— Bekatlarda o‘rnatilgan qutilardan faqat bozordagi savdogarlar foydalanyapti. Kunning birinchi yarmidayoq qutini to‘ldirib chiqindi tashlashadi. Qarabsizki, o‘tkinchi yo‘lovchilar chiqindini yerga, duch kelgan joyga tashlab ketadi. Qutilarni bo‘shatishga ulgurmay qolamiz. Necha marta shikoyat qilganmiz, foydasi yo‘q. Yana o‘zlarining karton va po‘choq boshqa chiqindilarini shu yerga bo‘shataverishadi, — deydi ismi sir qolishni istagan Chilonzor tuman obodonlashtirish xizmati xodimi.

Xuddi shu «Chilonzor» metro bekatiga yaqin hududda, ko‘chaning ko‘zga tashlanadigan qismida kattagina chiqindi uyumi hosil bo‘lgan. Yaqin atrofdagi sotuvchilarning shikoyatiga ko‘ra, har kuni bu «svalka»ni «Maxsustrans» yig‘ishtirib, olib ketadi. Lekin yaqin atrofda chiqindi tashlanadigan joy yo‘qligi bois aholi yana shu yerga chiqindini to‘kishga odatlangan.

— Bu «svalka»dan mahalliy hokimiyatning ham xabari bor. Lekin hech qanday chora ko‘rishmaydi. Bu chiqindi uyumining atrofida kalamushlar o‘ynab yurishiga, badbo‘y hidga ham ko‘nikib boryapmiz.

Chiqindi sababli ko‘chalardagi noxush manzaralar ko‘pincha aholining madaniyatsizligi bilan bog‘lanadi. To‘g‘ri, birov tozalaydigan joyga ko‘ra-bila turib chiqindi tashlash madaniyatsizlikning eng tuban ko‘rinishlaridan biri. Ammo chiqindi qutilari bo‘lmasa, odamlar nima qiladi? Chiqindini sumkasiga soladimi, ariqqa tashlaydimi? Poytaxtda ahvol shunaqa bo‘lsa, viloyatlardan nimani kutish mumkin?!

Saodat Abdurahmonova
Tasvirchi: Doniyor Yoqubov

Mavzuga oid