Iqtisodiyot | 23:50 / 11.09.2019
22902
2 daqiqa o‘qiladi

Aktam Xayitov qishloq xo‘jaligidagi yangi 10 yillik strategiya haqida: «Tan olish kerak, biz shu paytgacha sohada rejasiz ishlab keldik»

Kecha, 10 sentabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda mutasaddilar «Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori ijrosi va mohiyati yuzasidan ma'lumot berib, OAV xodimlari tomonidan berilgan savollarga javob qaytarishdi.

Tadbirda Respublika bo‘yicha ekiladigan ekinlarni tegishli vazirlik va tashkilotlar tomonidan umumiy rejalashtirilmasligi natijasida qishloq xo‘jaligi ekinlarining narx-navosi borasida har yili turlicha holat yuzaga kelishi, shu sababli, dehqonlarning ko‘pchilik holatda iqtisodiy zarar ko‘rishi hamda qachondan ekinlarni to‘g‘ri rejalashtirib ekish ishlari boshlanishi borasida savol bilan murojaat qilingan.

«Bir necha kun avval O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida keyingi 10 yillikka mo‘ljallangan dastur birinchi bor muhokamaga qo‘yildi. To‘g‘risini aytish kerak, shu paytgacha sohada aniq strategiya va rejaning o‘zi bo‘lmagan. 

Shu yilning 1 oktyabriga qadar keng xalq muhokamasiga qo‘yilgan va to‘ldiriladigan mazkur dastur asosida endilikda sohada aniq reja asosida ishlanadi. O‘ylaymanki, rejalashtirish borasida savolingizga mana shu dastur to‘la yechim bo‘la oladi», - deya Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xayitovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid