O‘zbekiston | 00:06 / 11.09.2019
25270
3 daqiqa o‘qiladi

Kengash rahbari fermerlik sohasidagi tez-tez takrorlanuvchi optimizatsiya va beqarorliklarga izoh berdi

Bugun, 10 sentabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda mutasaddilar «Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori ijrosi va mohiyati yuzasidan ma'lumot berib, OAV xodimlari tomonidan berilgan savollarga javob qaytarishgan.

Tadbir davomida O‘zbekistonda yer boshqaruvi fermerlik tizimiga o‘tgandan buyon har yetti-sakkiz yilda fermer xo‘jaliklarining optimizatsiyadan o‘tkazilishi dehqonlar uchun qator noqulayliklarni keltirib chiqarayotgani, fermerlarimiz qachon qo‘rqmasdan, qonunlarga ishonch hamda uzoq yillik reja bilan faoliyat boshlashi mumkinligi, umuman, bu tizim nega bunchalik beqarorligi borasida savol bilan murojaat qilindi.

 «Siz yetti-sakkiz yil deyapsiz, bu ko‘p. Bizda optimallashtirish har uch yilda bo‘lyapti. Biz fermer xo‘jaliklarini yiriklashtirish yo‘nalishiga o‘tdik. Bu yil jami 77 mingta fermerlik qoldi, o‘tgan yili bu raqam 153 mingtani tashkil qilgan edi.  

Men sizga yana bir yangilikni aytaman: Yaxshi bilishimiz kerak, biz qaysi jarayonga ketyapmiz? 2022 yil 1 yanvardan boshlab ko‘p tarmoqli bo‘lmagan fermer – fermer bo‘lolmaydi. Hozirda 60 foiz fermerlar ko‘p tarmoqli bo‘lib olishdi. Bu jarayon davom etadi.

Ayniqsa, bu yerda klasterlar bilan sog‘lom raqobat ketayotgan paytda bizning vazifamiz – fermerlarimizni qo‘llab-quvvatlash», deya O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xayitovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Aktam Xayitov shuningdek, mazkur masala juda dolzarb ahamiyat kasb etishini ta'kidlagan holda, jurnalist bilan batafsil, tet a tet suhbatga rozi ekanligini bildirgan.

Mavzuga oid