O‘zbekiston | 15:31 / 16.09.2019
6744
3 daqiqa o‘qiladi

XDP: «Iste'mol savatchasi»ni belgilashda iqlim sharoiti va milliy an'analarni hisobga olish muhim

Bugun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashida navbatdagi videomuloqot o‘tkazildi. 

Markaziy Kengash axborot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda mutaxassislar iste'mol savatida minimal oziq-ovqat savati muhim o‘rin tutishini alohida ta'kidlashdi. Minimal iste'mol savatini belgilash bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Foto: XDP axborot xizmati
Foto: XDP axborot xizmati

Qayd etildiki, aholining munosib hayot kechirishi “yashash minimumi” va “iste'mol savatchasi” asosida daromadlarni aniqlash yo‘li bilan ta'minlanadi. Xalqaro tajribada “yashash minimumi” - odam organizmi normal faoliyat ko‘rsatishini ta'minlash va uning salomatligini saqlash uchun yetarli bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari to‘plamining, shuningdek, shaxsning asosiy ijtimoiy va madaniy ehtiyojlarini qondirish uchun zarur bo‘lgan nooziq-ovqat tovarlari minimal to‘plamining qiymat miqdori hisoblanadi. “Iste'mol savatchasi” esa odam yoki oilaning oylik (yillik) ehtiyojining odatiy darajasi va tuzilmasini tavsiflovchi tovarlarning hisoblanadigan namunaviy to‘plamidir.

“Iste'mol savatchasi”ni joriy qilish bugungi kunda aholi turmush farovonligini oshirish, mamlakatimizda mehnatga haq to‘lashning minimal chegaralarini belgilashda eng dolzarb masala hisoblanadi.

Aholining minimal ijtimoiy standartlarini oshirib borish, eng kam miqdordagi ijtimoiy standartlarni ishlab chiqish, yashash uchun kerak bo‘lgan mablag‘ning eng kam miqdorini aniqlash tizimini joriy etish masalalari katta ahamiyatga ega.

“Iste'mol savati”ni belgilashda issiq yoki sovuq tabiiy-iqlim sharoiti, aholining asosiy ijtimoiy-demografik guruhlari, nooziq-ovqat tovarlar va xizmatlar iste'mol qilinishidagi milliy an'analar, mahalliy xususiyatlarni hisobga olish muhimligi ta'kidlandi.

Shuning uchun Xalq demokratik partiyasi inson salomatligini saqlash, uning hayotiy faoliyatini ta'minlash uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat tovarlar va xizmatlarning namunaviy minimal turlari ro‘yxatini ishlab chiqish bo‘yicha takliflarni o‘rganmoqda, deyiladi XDP xabarida.

Mavzuga oid