Jamiyat | 11:50 / 17.09.2019
146914
5 daqiqa o‘qiladi

«O‘qituvchi maktabda o‘quvchini urdi»: Kim qanday fikrda?

Ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘qituvchisi o‘quvchiga qo‘l ko‘targani tasvirlangan video tarqaldi. Samarqand viloyat xalq ta'limi boshqarmasi ma'lumotiga ko‘ra, ushbu voqea Urgut tumanidagi 27-umumta'lim maktabida sodir bo‘lgan.

Voqeaga aniqlik kiritish maqsadida Kun.uz muxbiri mazkur maktabda bo‘ldi. Tuman hokimligi, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi va tuman xalq ta'limi bo‘limi rahbarlari, tumandagi jamoat tashkilotlari rahbarlarini shu yerda uchratdik.

Ma'lum bo‘lishicha, voqea joriy yilning 13 sentabr kuni soat 16:25lar atrofida, 7-«V» sinfida matematika darsi vaqtida bo‘lib o‘tgan.

O‘quvchi J.M. darsga e'tibor qaratmay, sinfdoshlari bilan sho‘xlik qilgan hamda o‘qituvchiga gap qaytargan. O‘qituvchi bu vaziyatda dars o‘ta olmagach uni o‘qituvchilar xonasiga olib borishga qaror qilgan. Ammo o‘quvchi bunga ko‘nmagach, uni urgan.

Ana shu holat tasvirlangan video tarqalgach, bir qator tashkilotlar vakillaridan iborat, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshchiligidagi maxsus ishchi guruh holatni o‘rganishni boshlagan.

Viloyat va tuman xalq ta'limi tizimi rahbarlari bu ishni keskin qoralamoqda. Mahalla faollari va o‘quvchining onasi esa o‘qituvchini jazolash tarafdori emas.

«Qizim o‘qituvchisi uni urgani haqda menga aytmagan ham edi. Hamma ham yoshlikda ustozidan tanbeh olgan bo‘lsa kerak. Tarbiya topsin deb urgandir, o‘qituvchi va maktabga men da'vo qilmoqchi emasman. Muhimi, qizim maktabda yaxshi bilim olmoqda», deydi o‘quvchining onasi Z.P.

Voqea yuzasidan viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonovning fikriga qiziqdik.

«Nima uchun o‘qituvchini psixolog ham deymiz? Har qancha asabiy holat bo‘lmasin u vazmin bo‘lishi, o‘quvchiga qo‘l ko‘tarmasligi kerak. Agar biz bugungi voqeani e'tiborsiz qoldirsak, ertaga u yana boshqacharoq, og‘irroq ko‘rinishda takrorlanishi mumkin. Biz o‘qituvchiga ham, shu holat yuzaga kelgan maktab rahbariyatiga ham chora ko‘rishimiz shart va shunday qilamiz. Bu masala keng muhokama qilinadi. Viloyatda bu kabi holatlarning oldini olish choralarini ishlab chiqamiz», — dedi Samarqand viloyat XTB boshlig‘i Saidahmad Usmonov.

O‘quvchiga qo‘l ko‘targan o‘qituvchi yuqori ruhiy bosim bo‘lgani va shifokorlar unga tibbiy yordam ko‘rsatayotgani sababli u bilan suhbatlashishning imkoni bo‘lmadi.

Videotasvir qanday qilib tarqalib ketdi?

Surishtiruv davomida o‘quvchining onasi farzandi bilan bog‘liq holat tarqalib ketishidan qattiq norozilik bildirdi. Videotasvirlar qanday tarqalib ketgani bilan qiziqdik. 

Ma'lum bo‘lishicha, tumandagi xususiy korxonalardan biri shartnoma asosida maktabga kuzatuv kameralari o‘rnatgan. Kameralarning sozligini tekshirayotgan korxona xodimlari yuqoridagi voqea tasvirlangan qaydlarni ko‘rib qolib telefonga ko‘chirib olishgan va maktab kompyuteridagi bazadan o‘chirishgan.

Shundan so‘ng, ular telefonidagi videoyozuvlarni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborishgan. Tuman xalq ta'limi bo‘limi vakillarining ma'lum qilishicha, korxona xodimlari va maktab ma'muriyati o‘rtasida bajarilgan ishning to‘lovi borasidagi kelishmovchilik ana shu video tarqalishiga sabab bo‘lgan. Ya'ni korxona xodimlari o‘zlari aytgan mablag‘ni olmagach, videoni tarqatib yuborishgan.

Viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov mazkur voqeani eshitgach, zudlik bilan masalani o‘rganib chiqishga kirishganini ma'lum qildi.

«O‘qituvchi yoki direktorni ishdan bo‘shatib yuborish oson. Ammo, avvalo masalani chuqurroq o‘rganib chiqishimiz shart», —deydi Qo‘qonda xizmat safarida bo‘lib turgan R.Qobilov Kun.uz muxbiriga.

Mavzuga oid