Jamiyat | 18:51 / 18.09.2019
75583
9 daqiqa o‘qiladi

TATUdagi «trollar» mashmashasi. Universitet vakillari nega bir-biriga zid izohlar berishmoqda?

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda «troll» atamasi tez-tez ishlatilmoqda. Trolling faoliyati shunday faoliyatki, unda istalgan shaxs soxta va aniqlash imkoniyati yo‘q yoki qiyin bo‘lgan akkauntlar orqali ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikrlarga, yangiliklarga o‘zining salbiy yoki ijobiy fikrlarini berib boradi. Odatda bu faoliyat ma'lum maqsadlarni ko‘zlaydi. Troll atamasi ko‘pincha salbiy obrazlarda gavdalanib kelmoqda.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix) 

16 sentabr kuni jurnalist Dilbar Ismatullayevaning bloger Nurbek Alimovga yo‘llagan murojaati uning telegram kanalida «Xoin kim?!» sarlavhasi ostida e'lon qilindi. Unda Toshkent axborot texnologiyalari universitetida «trollar fabrikasi» tuzilgani haqida aytilgan.

Ismatullayevaning so‘zlariga ko‘ra, unga Toshkent axborot texnologiyalari universitetida prorektor yordamchisi bo‘lib ishlaydigan tanishlaridan biri qo‘ng‘iroq qilgan va unga ijtimoiy tarmoqlarda vatanini himoya qilishi uchun haq to‘lanadigan ish taklif qilgan. Undan pul evaziga soxta akkauntlar ochish, internetda O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar bo‘yicha salbiy ruhda fikr bildirganlarga javoban ijobiy mazmundagi kommentlar yozish so‘ralgan. Keyin uni ishonchli odam sifatida Telegram’dagi «Gruppa 4» deb nomlangan guruhga qo‘shishgan. U guruhga qo‘shilishidan bir soat vaqt o‘tib guruhdan chiqarib yuborilgan. Lekin u bu vaqt ichida yozuvlardan «skrin» olishga ulgurgan.

Surishtiruvda ushbu guruh Toshkent davlat axborot texnologiyalari universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Fayzulla Agzamov tomonidan yuritilishi, u guruh a'zolariga postlar ostiga qanday izoh qoldirish haqida topshiriq berib borish bilan shug‘ullangani ma'lum qilingan. U ayniqsa, prezident va bosh vazir nomiga bildirilgan negativ fikrlarga munosib javob qaytarish kerakligini ta'kidlagan. Unga esa ijtimoiy tarmoqdagi eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgan mavzular havolasi «A.Khodjaev» nomidagi profil tomonidan jo‘natib turilgan.

Guruhning faol a'zosi, universitet matbuot xizmati kotibi G‘ulom Nazarov guruhning boshqa a'zolariga soxta akkauntlar soni ko‘p bo‘lishi lozimligi, ularga doimiy ravishda yangi rasmlar joylab borish kerakligi, aks holda soxta akkauntligi bilinib qolishi mumkinligi, hech kim ularning «troll» ekanini bilib qolmasligi kerakligini tushuntirgan. Guruh a'zolari yuqoridagi ko‘rsatmalarni tushunganliklarini tasdiqlashgan.

Dilbar Ismatullayevaning aytishicha, prorektor yordamchisi sifatida ishlaydigan tanishi oradan biroz vaqt o‘tgach unga Telegram orqali pul haqida yozib qolgan.

U Dilbarga o‘shanda ish boshlaganida hozir 200 AQSh dollari miqdorida pul olgan bo‘lishi mumkin bo‘lganini aytib, o‘zi esa shu vaqt ichida 800 AQSh dollari atrofida mablag‘ olganini bildirgan.

Dilbar Ismatullayeva bunday guruhlar soni ko‘p bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qilib, ularga moliyaviy yordam qayerdan kelayotgani, bu loyihaning boshida kim turganini savol ostiga olgan.

Kun.uz bu masalada izoh olish maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Fayzulla Agzamov bilan bog‘landi.

Fayzulla Agzamov

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday loyihalar har yili talabalar tomonidan turli sohalarda yuritiladi. U «Gruppa 4» ham shu maqsadda tashkil etilgani, guruh a'zolari universtitetning turli fakultetlarida tahsil oluvchi talabalar bo‘lishi talab etilishini aytib o‘tgan. Bu keyinchalik qo‘yilishi mumkin bo‘lgan iste'molchilar talabidan kelib chiqqan.

U guruh nomi nega «Gruppa 4» deb nomlanganiga izoh bera turib, bu 4 nafar tashabbuskor talaba  bilan bog‘liqligini aytib o‘tdi.

«Universitet axborot sohasida faoliyat yuritadigan universitet bo‘lgani bois universitet tomonidan boshqariladigan to‘rtta yoki beshta telegram kanallari mavjud. Ushbu kanallar talabalarga universitet sohasiga oid ma'lumotlar berib borish maqsadida tashkil etilgan.

Bu qizimiz guruhga a'zo bo‘lish vaqtida psixologik tomondan savol-javob qilinib, moliyaviy tarafdan so‘z ochilganda o‘z roziligini bildirgan. Bizga bunday ishtirokchi kerak emasligini tushundik. Chunki, hali bu loyiha ishlab ketadimi yoki yo‘q bilmaymiz. Ertaga men yoki ishtirokchilardan pul so‘rashi mumkinligi sababli bu qizimiz sinovdan o‘tmadi. Bundan tashqari, bu qiz universitet talabasi ham emasdi va unda vatanparvarlik hissi ham jo‘sh urib turmasdi. Shu sababli uni guruhdan chiqarib yubordik», - deydi prorektor.

Prorektordan nega turli nashrlarda chiqqan materiallar ostiga izohlar yozib qoldirish uchun guruhga tashlangani haqida so‘radik. U bu savolga javoban ta'limda bilim bilan birga tarbiya ham berilishi, ijtimoiy tarmoqlarda vatanparvarlik hissi kamayib ketayotgani va bildirilayotgan salbiy fikrlarga ijobiy javob qaytarish fuqaro sifatida vazifasi ekanini aytib o‘tdi.

Nega aynan soxta akkauntlar orqali javob qaytarish zarur bo‘lgani haqidagi savolga esa tayinli javob ololmadik.

Shuningdek, u «A.Khodjaev» profili kimniki so‘ralganda, u o‘z shogirdi, universitetda o‘qiydigan «Azat» ismli talaba ekanini aytdi. Lekin «Azat» bilan uchrashtirishni yoki u rostan ham universitetda o‘qishini tasdiqlovchi biror hujjat ko‘rsatishini so‘raganimizda, xavfsizlik nuqtai nazaridan buning iloji yo‘qligini bildirdi.

U mablag‘ masalasiga to‘xtalib, universitetda bunday loyihalarga mablag‘ yo‘qligi va mablag‘ topilsa universitet o‘qituvchi-professorilarning oyligini oshirishga yo‘naltirilishini qo‘shimcha qildi.

Ijtimoiy tarmoqda «g‘alamis» fikrlarga javoban yozilgan kommentlar «skrin» qilinib guruhga tashlanishi masalasini esa u odatda ijobiy kommentlar o‘chirib yuborilishi bilan izohladi. Biroq rektor o‘rinbosari nima sababdan izohlar «skrin» qilinishini to‘liq tushuntirib bera olmadi.

Shundan so‘ng, guruh a'zosi, universitet matbuot xizmati kotibi G‘ulom Nazarovdan ham izoh oldik.

G‘ulom Nazarov

U bu guruhga qanday tushib qolgani va boshqa holatlarni tushuntirishga harakat qildi. Aytishicha, u guruhga avgust oyining oxirlarida a'zo bo‘lgan. Guruh tashkil qilinishidan asosiy maqsad ta'lim va amaliyotni birlashtirish bo‘lgan. Shuningdek, u jurnalist Dilbarni tanimasligi va guruhda taniydigan insonlari kamligini bildirdi. Biroq u prorektor aytgan talabani - «Azat»ni tanimasligini ham ma'lum qildi.

Yuqoridagi izohlarga qaramay baribir juda ko‘p savollar ochiq qolmoqda. Bu loyihadan asl maqsad nima? Nega talabalarga soxta akkauntlardan kirib izoh yozish ko‘rsatma qilinmoqda? Guruhdagi «A.Khodjaev» profilining egasi aslida kim? Nega universitet buni yashirmoqda?

Prorektor guruhga universitet talabalari a'zo qilinishini aytdi, lekin unda guruhga tashqaridan, jurnalist qiz qanday qilib qabul qilingan? E'lon qilingan materialning audioyozuvlaridagi muloqotda bu bayonotning umuman aksi aytilmoqda. Bu yerda asl yolg‘onchi kim? Texnika yutuqlarini yaratishi kerak bo‘lgan universitet talabalari nega bunday loyihalar bilan band? Matbuot kotibi aytgan gap to‘g‘ri bo‘lsa, nega guruh a'zolari bir-birini tanimaydi?

Agar loyihaga rostdan ham xorij valutasida naqd pul ko‘rinishida mablag‘ ajratilayotgan bo‘lsa, buning ortida kim turibdi va uni kim muntazam ravishda moliyalashtirib bormoqda?

Mazkur holat bilan albatta tegishli tashkilotlar shug‘ullanib, qo‘yilgan savollarga oydinlik kiritadi degan umiddamiz.

Yuqoridagi viderolikda batafsil ma'lumot olishingiz mumkin

Zafarbek Solijonov,
operator Sherzod Egamberdiyev

Mavzuga oid