O‘zbekiston | 08:21 / 23.09.2019
1792
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek milliy maqom san'ati markazining hududiy bo‘limlari tashkil etiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbek milliy maqom san'ati markazining hududiy bo‘limlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida O‘zbek milliy maqom san'ati markazining hududiy bo‘limlari tashkil etiladi va ularga yuridik shaxs maqomi beriladi.

Hududiy bo‘limlarning asosiy vazifasi etib:

O‘zbekistonda maqom san'atini yanada rivojlantirish, bu borada shakllangan hududiy ijrochilik maktablari va an'analarini, maqom ustozlari, bastakorlari, mohir xonanda va sozandalar ijro meroslarini teran o‘rganish va qayta tiklash;

xalqimizni maqom san'atidan bahramand etish, yosh avlod qalbiga maqom ohanglarini singdirish, ularda milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usini yanada kamol toptirish;

respublikada tanilgan maqom san'ati ustalarining mahorat darslarini tashkil etish va o‘tkazish;

hududiy maqom ijro yo‘llarini puxta egallash hamda eng mukammal ijro namunalarini kelajak avlodga qoldirish maqsadida maqomlarning yangi “Oltin fondi”ni yaratilishiga hissa qo‘shish;

maqom san'atini zamonaviy usullar bilan boyitib talqin etayotgan ijrochilarni, maqom bilimdonlari, musiqashunos olimlar va bastakorlar, hududiy maqom bo‘linmalari xodimlari faoliyatini moddiy va ma'naviy rag‘batlantirish belgilanadi.

Belgilab qo‘yilishicha:

hududiy bo‘limlarni moliyalashtirish mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

hududiy bo‘limlar xodimlar mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha konsert va saroy tashkilotlariga tenglashtiriladi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 19 iyundagi “Davlat madaniyat muassasalari va  davlat arxivlari xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirishning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida” 458-sonli qarorining 3 va 4-ilovalariga muvofiq Maqom markazining ma'muriy-boshqaruv, badiiy-rahbariyat xodimlari, xonandalar va sozandalar lavozim maoshlarini aniqlashda bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari 1,2 koeffitsiyentga oshirilgan holda qo‘llaniladi;

Maqom markazi va uning hududiy bo‘limlariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 28 oktyabrdagi 415-son qarori tatbiq etilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1995 yil 20 oktyabrdagi PF-1280-son Farmoni tatbiq etiladigan Respublika madaniyat muassasalari ro‘yxatiga kiritiladi;

Maqom markazining hududiy bo‘limlari joylarda o‘tkaziladigan tadbirlarga (Davlat tadbirlari bundan mustasno) maqom markazi bilan kelishgan holda va uning ruxsati bilan jalb etiladi;

Maqom markazi tomonidan o‘tkaziladigan konsertlar va tadbirlar bo‘yicha tuziladigan shartnomalar tanlovlarsiz, elektron portaliga joylashtirmasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshiriladi;

yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan Maqom ijrochiligi bo‘yicha o‘tkaziladigan konsertlar dasturi va ssenariysi maqom markazi qoshidagi Badiiy kengash tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda uning xulosasi asosida tashkil etiladi;

konsert ishtirokchilarining ijrochilik mahorati, konsert dasturi va ssenariysini ko‘rib chiqilganligi haqidagi xulosa uchun to‘lov eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida belgilanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid