Light | 21:38 / 25.09.2019
45495
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkentni yayov kezganda: poytaxtning diqqatga sazovor yangi joylari

16-22 sentabr kunlari Yevropa davlatlarida an'anaviy ravishda mobil haftalik sifatida o‘tkaziladi. Keng masshtabli mazkur kampaniya jamoatchilik e'tiborini avtomobillar sonining ortib ketayotganligiga qaratish, odamlarni yayov yurish yoki velosipeddan foydalanishga da'vat qilishni maqsad qiladi. Bu ham sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti, ham ekologiyani asrashni nazarda tutadi.

Joriy yilning mazkur sanalarida Toshkent shahrida ham ilk marotaba Yevropa mobil haftaligi bo‘lib o‘tdi. Ushbu haftalik 19 sentabr ─ metrodan bepul foydalanish kuni hamda 22 sentabr ─ avtomobilsiz kun bilan yodda qoldi.

Yilning faqatgina muayyan sanalarida emas, balki doimiy ravishda piyoda harakatlanishni targ‘ib qilish, avtomobildan foydalanishni kamaytirishni tashviq qilish maqsadida Toshkent shahar hokimligi OAV vakillari uchun press-tur uyushtirdi. Press-tur davomida Toshkent shahrida qad ko‘targan yangi, diqqatga sazovor, kechki sayrbop joylar bilan tanishtirildi.

Butun respublika bo‘yicha sayohatmi? Unda “Navro‘z” bog‘iga!

Toshkent shahri markazida qad rostlagan yangi “Navro‘z” bog‘i o‘zbek milliy qadriyatlari bilan yaqindan tanishish uchun qulay joy hisoblanadi. Bog‘ o‘ziga xos original kompozitsiya asosida bunyod etilgan: O‘zbekistonning har bir viloyati bilan nomlangan “mini ko‘cha”larda hovli-joy kompleksi qurilgan bo‘lib, har bir hovli o‘sha viloyatning tarixiy manzarasi, urf-odatlari, mahalliy liboslari, hatto dasturxonni bezatish uslubigacha namoyish qiladi. Unda qoraqalpoqlarning o‘tovlaridan tortib, Xiva xonlarining xonaqohlarigacha ko‘rish mumkin.

Shuningdek, sof milliy ruhda qurilgan ustaxonalarda hunarmandchilik namunalarini nafaqat tayyor holida ko‘rish, balki shedevrlarning qo‘l mehnati bilan yaratilish jarayonini ham bemalol kuzatish imkoniyati mavjud. Bog‘ markazida madaniy tadbirlarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan amfiteatr ham mavjud.

“Navro‘z” bog‘i o‘zbek hayotining o‘rta asrlardagi madaniy hayotini yaqindan tomosha qilish imkonini beradi. Ham tarixiy bilimlaringiz ortadi, ham oyoqlar chigalini yozib olasiz.

Eyfeldan tortib, qulayotgan Pizagacha ─ River Park

Olmazor tumanidagi Damashq kanali bo‘yida yangi River Park ochilgan. “Navro‘z”da o‘zbek milliy arxitekturasi bilan tanishgan inson, River Park’da jahonni lol qoldirgan binolarning maketini ko‘rishi mumkin bo‘ladi. Damashq kanali sohili bo‘ylab cho‘zilgan bog‘da Piza, Big Ben, Eyfel, Minorayi Kalon kabi binolarning kichraytirilgan modellari o‘rnatilgan.

Mazkur istirohat bog‘i nafaqat madaniy hordiq uchun, balki ijtimoiy-iqtisodiy muhitni yaxshilashga ham xizmat qiladi. Xususan, bog‘ hududida ovqatlanish shoxobchalari, kovorking markazlari bunyod etilgan. Bu esa aholining bandligini ta'minlashga hissa qo‘shadi.

Suzuk ota majmuasi ─ ham ziyorat, ham tijorat

Poytaxtning Samarqand darvoza mavzesida joylashgan Suzuk ota ziyoratgohi yaqin paytgacha mahalliy aholi uchun ham noma'lum bo‘lib kelgan. 2017 yildan boshlab qayta tiklash ishlari olib borilgan mazkur majmua joriy yilning Ramazon mavsumida foydalanishga topshirilgan. Majmua jome' masjidi, muzey, kutubxona, Suzuk ota maqbarasidan iborat. 8 gektar maydonni aylanish chog‘ida ziyoratni amalga oshirish, tomoshabop joylarni ko‘rish mumkin. 

Tarixiy manbalarga qaraganda, Suzuk ota Ahmad Yassaviyning nevaralari hisoblanadi. Asli ismlari Mustafoqul bo‘lib, yog‘och o‘ymakorligi bilan shug‘ullanganlar. Shu bois Suzuk ota hunarmandlarning piri sifatida e'zozlanadi. Shu bilan bog‘liq ravishda, Suzuk ota majmuasining yon tomonida hunarmandlar mahallasi tiklangan. Bu mahallada 30 nafar hunarmandga ustaxonasi o‘zida bo‘lgan uy-joy qilib berilgan. Hunarmandlar o‘z uylaridan uzoqlashmagan holda mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishlari mumkin. Bu hudud mehmonlarning ziyorat va ibodat bilan birga hunarmand oilalar turmushi bilan tanishish, hunarmandchilik namunalarini xarid qilishi uchun ham diqqatga sazovor sanaladi.

Saodat Abdurahmonova

Mavzuga oid