O‘zbekiston | 23:44 / 27.09.2019
8909
3 daqiqa o‘qiladi

Allamjonov: «AOKA har bir jurnalist va blogerni huquqlari buzilishidan himoya qilishni davom ettiradi»

Saytimiz muxbirlariga tajovuz qilgan Olmazor tuman hokimining ishdan olingan qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurasul Vahabov bilan bog‘liq voqeaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bosh direktori Komil Allamjonov munosabat bildirdi.

«Xabaringiz bor, bugun «Kun.uz» muxbiriga hujum qilgan Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahabov o‘z lavozimidan ozod qilindi.

Shu munosabat bilan biz yana bir bor ta'kidlaymizki, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi har bir jurnalist va blogerni uning huquqlari buzilishidan himoya qilishni davom ettiradi», — deb xabar qoldirgan Allamjonov o‘z Telegram kanalida.

Eslatib o‘tamiz, Abdurasul Vahabov shu yilning 14 avgust kuni Kun.uz operatori Sherzod Egamberdiyevga hujum qilgan edi. Oradan bir kun o‘tib u Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatiga bergan intervyusida Kun.uz muxbiri Rahmatillo Isroilov muqaddam undan tamagirlik yo‘li bilan yer talab qilgani va buning evaziga katta miqdorda pora taklif etgani haqidagi da'voni ilgari surgan edi.

R.Isroilov o‘zini og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilgani uchun A.Vahabovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, Bosh prokuraturaga shikoyat yo‘llagandi.

Biroq, shikoyatni o‘rganib chiqqan Toshkent shahar prokuraturasi Olmazor tuman hokimi o‘rinbosariga jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgani ma'lum bo‘lgan edi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, bugun Toshkent shahar prokurori tomonidan holat yuzasidan Toshkent shahar hokimi nomiga taqdimnoma kiritilgan, taqdimnoma ko‘rib chiqilishi natijasiga ko‘ra Vahobov egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.

Shuningdek, boshqa holatlar yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan qo‘shimcha tekshirish harakatlari davom etmoqda. Bosh prokuratura shahar prokuraturasining jinoiy ish qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilib, ishni qaytadan ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq bergan. 

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid