Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda yangi bolalar maktablari tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Xalq ta'limi tizimidagi maktabdan tashqari ta'lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Moliya vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining:
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tasarrufidagi texnik ijodiyot, badiiy ijodiyot, o‘lkashunoslik va ekologiya bo‘yicha “Barkamol avlod” respublika bolalar markazlari negizida Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabini;
“Barkamol avlod” tuman (shahar) bolalar markazlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar “Barkamol avlod” bolalar markazlari negizida “Barkamol avlod” bolalar maktablarini;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi va viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari huzuridagi axborot-resurs markazlari negizida “Bolalar kutubxonalari”ni;
2020-2023 yillarda Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida tizimli ravishda bolalar turizmini rivojlantirish maqsadida “Barkamol avlod” bolalar maktablari huzurida 100-200 o‘rinli “Bolalar sayyohlik bazalari”ni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.
Belgilanishicha:
“Bolalar kutubxonalari” umumta'lim muassasalari kutubxonalariga amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatish, o‘quvchilarning milliy va jahon bolalar badiiy adabiyotlari durdona asarlariga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash, ularni kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish, madaniy-ma'rifiy tadbirlarni (“Yosh kitobxon”, “Kitobxon maktab”, “Eng yaxshi kutubxonachi” va boshqalar) tashkil etishga ko‘maklashish;
“Bolalar sayyohlik bazalari” “Barkamol avlod” bolalar maktablarining “yosh sayyoh”, “yosh ekskursovod”, “yosh o‘lkashunos” to‘garak a'zolari uchun o‘lkamiz tarixi, qadimiy va muqaddas qadamjolar, milliy urf-odatlarimiz bilan yaqindan tanishtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va asrash, bolalar o‘rtasida ekologiya hamda sayohat qilish madaniyatini yuksaltirish maqsadida tashkil etiladi.
Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining maktabdan tashqari ta'limni rivojlantirish bo‘yicha asosiy vazifalari etib belgilandi:
yosh avlodni ma'naviy barkamol etib tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishini ta'minlash, bunda ularning san'at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishini oshirish hamda qizlarni ijtimoiy faol hayotga tayyorlashni tashkillashtirish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash orqali bolalarni individual rivojlantirishga qaratilgan dasturlar va uslubiy materiallarni doimiy takomillashtirib borish;
robototexnika, mexatronika, muhandislik va kompyuter dasturiy ta'minoti yo‘nalishlaridagi to‘garaklarni doimiy rivojlantirib borish;
bolalar va ta'lim turizmlarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish;
o‘quvchi-yoshlarning ijodiy ishlarini ommalashtirish, shu jumladan, dunyo bozoriga milliy an'analarimiz asosida “Barkamol avlod” bolalar maktablarining to‘garak a'zolari tomonidan yaratilgan mahsulotlarni olib chiqish maqsadida “Art shop” elektron do‘konlarini tashkil etish va sotuvini yo‘lga qo‘yish;
maktabdan tashqari ta'lim muassasalariga o‘quvchilar qamrovini oshirish, o‘quvchilar qiziqishlariga ko‘ra to‘garaklarni tashkil etish va doimiy faoliyat olib borishini ta'minlash;
bolalarda kasbni egallash bo‘yicha dastlabki bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, tarmoq to‘garaklari faoliyatini metodik ta'minlash, kitobxonlik madaniyatini oshirish uchun maktabdan tashqari ta'lim muassasalari faoliyatini zamonaviy ta'lim dasturlari orqali takomillashtirish;
yetakchi tashkilotlar va oliy ta'lim muassasalari bilan birgalikda “Barkamol avlod” bolalar maktablarida robototexnika va texnik ijodiyot yo‘nalishida foydalanadigan xomashyolar ro‘yxatini shakllantirish va yangilab borish;
bolalar texnik ijodkorligini rivojlantirish uchun xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalari asosida “Barkamol avlod” bolalar maktablarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida “Bolalar texnoparki” loyihalarini tashkil etish;
“Barkamol avlod” bolalar maktablari va “Bolalar kutubxonalari”ning xalqaro hamda respublika tanlovlari g‘oliblarini munosib rag‘batlantirish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish;
tizimda ilmiy va amaliy tajriba almashish ishlarini olib borish maqsadida xorijiy mamlakatlarda xodimlarning malaka oshirishi hamda maqsadli xizmat safarlarini tashkil etish;
bolalar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, ko‘chma kutubxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, bolalar va maktab kutubxonalarini badiiy adabiyotlar bilan ta'minlash tizimini takomillashtirish;
maktabdan tashqari ta'lim muassasalarining bo‘sh turgan bino va yer maydonlaridan samarali foydalanishni ta'minlash uchun davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida maqsadli loyihalarni amalga oshirish.
Belgilanishicha:
“Barkamol avlod” bolalar maktablarida 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab “STEAM – ta'lim” (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiyalar, Engineering – muhandislik, Art – san'at, Mathematics – matematika) dasturi joriy etiladi;
eksperiment tariqasida har bir tumanda bitta umumiy o‘rta ta'lim maktablarida muassasa moddiy-texnik bazasidan kelib chiqib hamda o‘quvchilar qiziqishiga ko‘ra “Barkamol avlod” bolalar maktablarining tarmoq to‘garaklari tashkil etiladi;
“Barkamol avlod” bolalar maktablari va “Bolalar kutubxonalari”ni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta'mirlash, shuningdek, mazkur obektlarni jihozlash ishlari O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi doirasida nazarda tutiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
2020 yil 1 yanvardan boshlab “Barkamol avlod” bolalar maktablarini maxsus asbob-uskunalar va jihozlar bilan ta'minlash ishlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida “Ta'lim” sohasi uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida va “Barkamol avlod” bolalar maktablarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
200 o‘quvchiga mo‘ljallangan “Barkamol avlod” bolalar maktablari, 100-200 o‘rinli “Bolalar sayyohlik bazalari”, 100 o‘quvchiga mo‘ljallangan “Bolalar kutubxonalari”ni yangidan qurish ishlari belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi va Qurilish vazirligi bilan kelishilgan yakka tartibda tasdiqlangan loyihalarga qat'iy rioya qilingan holda amalga oshiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan belgilangan tartibda qurilish-montaj ishlarini bajarishda shaharsozlik norma va qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat o‘rnatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi tizimidagi maktabdan tashqari ta'lim muassasalari xodimlari va to‘garak rahbarlarini tegishli mutaxassislik yo‘nalishida malaka oshirish tizimini joriy etish maqsadida 2020 yil 1 yanvardan boshlab A.Avloniy nomidagi Xalq ta'limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida Maktabdan tashqari ta'lim tizimi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kafedrasi tashkil etiladi.
Zamonaviy ta'lim texnologiyalari asosida, shu jumladan, masofaviy ta'lim texnologiyalarini qo‘llagan holda ixtisoslashtirilgan to‘garaklar yo‘nalishlari bo‘yicha xalq ta'limi tizimidagi maktabdan tashqari ta'lim muassasalari xodimlarini malaka oshirishning va qayta tayyorlashning amaldagi normalariga muvofiq qayta tayyorlash va malakasini oshirish Kafedraning asosiy vazifasi etib belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Barkamol avlod” bolalar maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkalarini 2020 yil 1 yanvardan:
direktor va direktor o‘rinbosarlari uchun 1,55 baravarga;
to‘garak rahbari uchun 1,5 baravarga oshirish;
instruktor-uslubchilar va uslubchilar mehnatiga haq to‘lash tartibini bazaviy tarif stavkalaridan kelib chiqib amalga oshirish va ularning bazaviy tarif stavkalari miqdorlarini to‘garak rahbarlari bazaviy tarif stavkalari miqdoriga tenglashtirish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.
Mavzuga oid
14:52 / 22.05.2025
Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi tasdiqlandi
10:27 / 22.05.2025
Toshkentda YTHning oldini olish uchun 2 mlrd so‘m ajratiladi
13:54 / 01.05.2025
O‘zbekistonda zamonaviy standartlar asosida kamida 58 ta maktab quriladi
13:31 / 29.04.2025