O‘zbekiston | 15:40 / 03.10.2019
11900
3 daqiqa o‘qiladi

Sherzodxon Qudratxo‘jayev: «Saylovlar vaqtida madaniyatni unutib turaylik»

Foto: Xalqaro press-klub

Bugun, 3 oktabr kuni, «Poytaxt» biznes markazida «O‘zbekistonning yangilangan saylov qonunchiligi – demokratik saylovlar o‘tkazishning asosi» mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, senatorlar, Markaziy saylov komissiyasi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari ishtirok etishdi. Konferensiyada saylovoldi va saylov jarayonini yoritishda OAVning o‘rni, ayniqsa, partiya nashrlarining faoliyati haqida ham alohida masala muhokama etildi. Davra suhbatiga boshchilik qilgan Markaziy saylov komissiyasi a'zosi Sherzodxon Qudratxo‘jayev saylov jarayonidagi ayovsiz kurashlar, sog‘lom raqobat, OAVning roli to‘g‘risida fikr bildirdi. 

«Hozir ko‘pchilikning fikrini eshitdim: saylov chog‘ida partiyalar madaniyat doirasida, bir-birini hurmat qilgan holda harakatlanishi kerak. Boshqacha aytganda, ular o‘zini ma'lum qolipga solishi lozim. Kechirasiz-u, gap xalq taqdiri, ertangi kuni, iqtisodiy rivojlanishi haqida ketar ekan, blogerlar ijtimoiy tarmoqlarni «yondirayotgan» paytda qanday madaniyat haqida gapirish mumkin? Mayli, partiyalar o‘rtasida tortishuv, bahslarlar bo‘lsin. Haqoratlar bo‘lsa, sud oldida javob bersin. Siyosiy partiyalar oqsuyak ayollarni tayyorlaydigan institut bo‘lmasligi kerak. Saylov chog‘ida madaniyatni unutib turaylik. Demokratik tamoyillar asosida o‘tadigan siyosiy kurashda nomzodlar va keng jamoatchilik (saylovchilar) yeng shimarib astoydil faol bo‘lishi talab etiladi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, Qudratxo‘jayev partiyalar nashrlari o‘z nomzodlarini piar qilishda birmuncha oqsoqlikka yo‘l qo‘yishayotganini tanqid qildi, partiyalar gazetalari yanada faol bo‘lishi kerakligi haqida gapirdi. Partiyalar faqat bosma nashrlardan emas, balki tashviqotning boshqa vositalari, jumladan, ijtimoiy tarmoq imkoniyatlari, internet nashrlardan maksimal darajada foydalanishlari lozimligi ta'kidlandi.

Муҳаббат Маъмирова
Tayyorlagan Муҳаббат Маъмирова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid