O‘zbekiston | 15:29 / 04.10.2019
26613
3 daqiqa o‘qiladi

Nega o‘zbekistonliklar milliy mahsulotni xarid qilmaydi? «O‘zto‘qimachiliksanoat» raisi izoh berdi

Ilhom Haydarov / Foto: KUN.UZ

Chetga eksport qilinadigan va ichki bozorda sotiladigan to‘qimachilik mahsulotlari sifat bo‘yicha farqlanadimi? Nega mahalliy aholi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotni kam xarid qiladi? 

Mazkur masalalarga bugun, 4 oktyabr kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi mas'ullari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida to‘xtalib o‘tildi.

Uyushma raisi Ilhom Haydarovning qayd etishicha, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mashulotlarining sifatlisi xorijga sotiladi, ichki bozorga esa sifati pasti kiritiladi degan qarash asossiz. Ishlab chiqarishda bitta liniya yo‘lga qo‘yilgan, barcha mahsulotlar bir xil sifatda bitta liniyada ishlab chiqariladi. 

“Nega odamlar o‘zimizda ishlab chiqarilgan mahsulotni xarid qilgisi kelmaydi? Bunday holat boshqa davlatlarda ham kuzatilgan. Janubiy Koreyada menga aytib berishgan edi. 20 yil avval ularda ham aholi milliy mahsulotni sotib olmagan ekan. Bizda ham hozir shunaqa holat. Odamlar Turkiyaning, Xitoyning narsasini so‘raydi. Vaholanki, biz 2 mlrd dollarlik mahsulotlarni xorijga eksport qilyapmiz. Xorijlik xaridorlar ham anoyi emas. Sifatli narsani oladi. 1000 dona mahsulotga buyurtma tushgan bo‘lsa, 1100ta chiqaramiz, 100tasi ichki bozorga kiradi. Sifat darajasi to‘liq bir xil”, ─ deydi rais.

Shuningdek, Ilhom Haydarov iste'molchilarning taniqli brendlarga bo‘lgan qiziqishiga o‘z munosabatini bildirdi. 

“Ko‘pgina xaridorlar taniqli brend ishlab chiqargan mahsulotni kiygisi keladi. Hatto sifati uncha yuqori bo‘lmasa ham shu brendni tanlaydi. Brendning taniqliligi sifatning ham a'lo darajada ekanligini bildirmaydi. Ularning narsasini odam bir-ikki oyda almashtirib yuborishi mumkin. O‘zimizning jaydari sochiqlar esa bir yil, undan ham ko‘proqqa xizmat qilib beradi. 

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotning sifatiga ham, talabgorligiga ham hech qanday e'tiroz bo‘lmaydi. Aholi milliy mahsulotdan foydalansa, uning qandaydir aybi bo‘lsa va bizga aytsa, shu kamchilik ustida ishlaymiz, bu esa sifatning oshishiga xizmat qiladi”, ─ deydi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi.

Mavzuga oid