Jahon | 00:50 / 07.10.2019
58797
14 daqiqa o‘qiladi

Koreya kundaligi. Haydovchilik guvohnomasini atigi bir kunda olish mumkin, lekin...

Janubiy Koreyada haydovchilik guvohnomasini olish tartibi, jarayonda ko‘p uchraydigan muammolar va mavzuga oid tavsiyalar haqida Kun.uz'ning Janubiy Koreyadagi muxbiri Eldor Vohidov «Koreya kundaligi» ruknidagi navbatdagi maqolasida so‘z yuritadi.

Janubiy Koreyada xorijliklar haydovchilik guvohnomasi olish borasida huddi mahalliy aholi kabi teng huquq va majburiyatga ega. Buning uchun bir nechta bosqichlardan o‘tish talab etiladi.

Avtomaktabga qatnash majburiy emas

Haydovchilik guvohnomasini 18 yoshdan oshgan fuqarolar olishi mumkin. Lekin bu – o‘ta murakkab, qiyin jarayon. Shu bilan birga, agar hamma sinovlardan o‘ta olsangiz, guvohnomani bir kundayoq qo‘lga kiritishingiz mumkin.

Imtihonga kirish uchun avtomaktabda maxsus kurslarda o‘qish talab etilmaydi. Bilim va ko‘nikma yetarlicha bo‘lsa, hech qanday qo‘shimcha kurslarsiz imtihonda qatnashish mumkin.

Ko‘pchilik koreyslar testdan muvaqqiyatli o‘tib olish uchun imtihondan oldin 3 kunlik darsga borishni afzal biladi. 3 kunlik dars – taxminan 700-800 dollar.

 

Imtihon

Imtihonga kirishdan oldin talabgorning ko‘z nuri tekshiruvdan o‘tkaziladi. Talabga javob bergan taqdirda, qolgan jarayonlarga o‘tiladi.

Imtihon uch bosqichdan iborat:
1. Nazariy test (Writing test)
2. Amaliy sinov (Driving test)
3. Hal qiluvchi real amaliyot (Road test)

Har bir imtihon uchun alohida pul to‘lanadi va test sanasi belgilanadi.

Testga kirishdan oldin majburiy 1 soatlik darsda qatnashish kerak. Sinfxonaga maxsus blankani to‘ldirib, barmoq izlari orqali ro‘yxatga olingan holda kiriladi.

1. Nazariy test ($7)

Test bo‘lishi rejalashtirilgan kompyuterxonada mobil telefondan foydalanganlar jinoiy javobgarlikka tortilar ekan. Shuning uchun ichkarida suratga olishning imkoni bo‘lmadi.

 

Yozma testni koreys tilidan tashqari ingliz, xitoy, fransuz, nemis va yapon tillarida ham topshirish mumkin. Ingliz tilini tanlab, yo‘riqnomani yarmigacha o‘qib olib, testga kirib ketaverdik.

Test 40ta savoldan iborat. Undan o‘tish uchun 100dan kamida 60 ball to‘plash kerak.

Savollar anchagina murakkab edi. O‘zga davlat qonunchiligi va yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha topshiriqlar surat va videotasvirlarda havola etilgan. Kutilganidek, ilk imtihondan yiqildik, ammo natija yomon emas – 50 ball.

Muvaffaqiyatsiz kechgan testdan so‘ng uyga qaytdik, internet orqali izlab topganimiz – haqiqiy «x variant» bo‘ldi. 1000ta savol-javobi bilan.

Umuman, ushbu tayyor savol-javob testlari tegishli idora tomonidan tayyorlanib, guvohnoma olish istagida bo‘lganlar uchun foydalanishga chiqarilgan.

 

Xullas, ikkinchi urishinishda omad chopib, minimum 60 ball to‘plashga erishdik. Ko‘k muhr bosildi, ilk muvaffaqiyat!

O‘sha kunning o‘zidayoq keyingi bosqich – «drayving test»ga ro‘yxatdan o‘tgan holda, amaliy sinov uchun tayyorgarlikka kirishdik.

2. «Driving test» - maxsus maydonchadagi amaliy sinov ($15)

Haqiqiy «chellenj» mana shu bosqichda boshlandi. Jami 6 marta yiqilishga majbur qilgan test bir qarashda oddiydek, lekin oson emas.

Dastlab 15 daqiqalik tushuntirish ishlari olib boriladi, maxsus tayyorlangan videorolik qo‘yib ko‘rsatiladi.

Uchta bosqich orasidagi eng murakkab bo‘lgani, shubhasiz, amaliy test jarayonlari bo‘ldi. Sinov maydonchasida, maxsus nimchani kiygan holda, taxminan 10 daqiqalik sinov amaliyotini bajarish lozim.

Test mashinasi saloniga qo‘shimcha ravishda kichik monitor va halokat signalini beruvchi moslama o‘rnatilgan va to‘liq avtomatlashtirilgan. Noto‘g‘ri xatti-harakat bajarilgan paytda avtomat tarzda ball yechib boraveradi.

Rulga o‘tishingiz bilanoq, old ko‘zgu, yon oynalar va o‘rindiqni moslab olish tavsiya etiladi. Nazoratchilarning ko‘rsatmasi bilan imtihonga start beriladi.

To‘rtta sinov

Test sinovida qiyinchilik tug‘dirishi mumkin bo‘lgan 4ta mashq bor: Tepalik, favqulodda holat, parkovka, tezlikni oshirish.

Avtomobilni o‘t oldirishdagi xato uchun ham imtihondan chetlatilganlar yetarlicha topildi. Mashina yurgunga qadar ham imtihon bor: old faralarni yoqish va o‘chirish, oynaartgichni ishlatish, uzatmalar qutisidan foydalanish... Qo‘zg‘alish va to‘xtashdan oldin burilish ishorasini berishni ham unutmaslik kerak.

100dan 80 va undan yuqori ball to‘play olganlar imtihondan o‘tgan, deb hisoblanadi. 

Umuman olganda, ballar to‘planmaydi. Har bir qatnashchiga umumiy hisobda 100 ball beriladi va qoida buzilganida ma'lum ball yechib olinaveradi. Jarima ballari miqdori qoidabuzarlikning katta-kichikligiga bog‘liq bo‘ladi.

Avtomobilda haydovchining yolg‘iz o‘zi o‘tiradi. Ko‘rsatmalarni mashina saloniga o‘rnatilgan avtodispetcher berib boradi. Tillarni tanlash imkoniyati bor. Ingliz tilida berilayotgan ko‘rsatmalarni to‘liq anglash biroz mushkul, shuning uchun ba'zida kichik monitordagi matn shaklidan ham foydalanish maqsadga muvofiq.

Yuqorida aytilganidek, bu bosqichda asosiy 4ta chellenjni ko‘rish mumkin.

1. «Aytgandim-a shu tepalikka chiqmaylik deb…» – do‘nglikdagi shart

Eng birinchi duch kelinadigan jiddiy shart – do‘nglikka ko‘tarilish va uch soniya to‘xtab, yana yurishda davom etish. Murakkabligi shunda bo‘ldiki, uzatmalar qutisi mexanik bo‘lgan mashinalar uchun ham qo‘l tormozidan foydalanish diskvalifikatsiyaga sabab bo‘lar ekan. 3 soniya o‘tib, yana qo‘zg‘alayotganda mashina 50 santimetrdan ko‘p ortga yurib ketgan taqdirda ball olib qo‘yiladi.

Havaskor haydovchi bo‘lganim bois deyarli har safar shu tepalikka ko‘tarilgach, bir marotaba mashinani o‘chirib olmasam, o‘ta olmadim… Buning uchun ham jarima ballar bor, albatta.

2. «To‘lbal, to‘lbal, to‘lbal» – favqulodda vaziyatlarda tezkorlikni sinovdan o‘tkazish

Maydonchaga kirdingizmi, bu sinovga shay turishingiz kerak. Imtihon oluvchilar tomonidan istalgan vaqtda «To‘lbal, to‘lbal, to‘lbal», ya'ni halokat signali berilishi mumkin. Bunday vaziyatda zudlik bilan mashinani to‘xtatish (2 soniya) va favqulodda holat tugmasini bosish (3 soniya) sizni ball yo‘qotishdan asrab qoladi.

Biroq, bu shartlarni bajarsam ham, har gal qimmatli 10 ball qulog‘ini ushlab ketaverdi. Keyin bilsam, mashinani qayta yurgizishdan oldin kechiktirmasdan favqulodda holat tugmasini qayta bosib qo‘yish kerak ekan.

3. «Parkovka» – imtihon topshiruvchining ashaddiy dushmani

Bu borada biz kabi debyutantlar ko‘p shikoyat qilmasa ham bo‘ladi, chunki katta tajribaga ega haydovchilar ham aynan shu joyda pand yeyishgani bor gap. 2 daqiqa ichida boshi berk kichik ko‘chada avtomobilni orqa tomoni bilan avtoturargohga joylab, yana qayta olib chiqib ketish talab etiladi.

Yo‘l chetidagi sariq chiziqni bosish – eng ko‘p uchraydigan xatolardan. Buning uchun jarima – 15 ball.

Aynan shu joyda 4 marta imtihonni tark etishimga to‘g‘ri keldi. Bir gal vaqt tugab qolgan bo‘lsa, keyingi safar sariq chiziqni begona qilmay bosib o‘tdik. Bir vatandoshimizning yordami bilan tunda uning mashinasida avtoturargohga joylash rejasini tuzib ham chiqdik hatto.

Shaxsan men qilgan xatolardan biri – mexanik moslamaning orqaga yurgizuvchi uzatmasini e'tibordan chetda qoldirganim bo‘ldi. Men o‘rgangan mashina biroz eski bo‘lgani uchun test avtomobili uzatmalar qutisiga moslashib olishim qiyin kechdi va vaqtdan yutqazdim.

4. Tezlikni oshirish

Bu shartni faqatgina bir marta bajarish «nasib qildi», ya'ni imtihondan muvaffaqqiyatli o‘tgan kunimda. Boisi maydonchadagi eng oxirgi duch kelishingiz mumkin bo‘lgan xavfli sinov – aynan shu. 

Bunda avtomobil tezligini 20dan oshirgan holda taxminan 40 metrcha harakatlanish talab etiladi. Bir qarashda oddiy, lekin shu shartda ham 10 ball jarima sifatida olib qo‘yildi. Sabab – yetarli darajada e'tiborli bo‘la olmaslik oqibatida belgilangan masofani bosib o‘tmay turib, tezlikni kamaytirganim.

Xullas, imtihonning ikkinchi bosqichi men uchun avvaliga eng oddiy tuyulgani, aslida esa eng murakkab bo‘lib chiqqani bilan yodimda qoldi. Undan o‘tish uchun 7 marta urinishimga to‘g‘ri keldi.

Imtihon yakuniga yetishi uchun hal qiluvchi bosqich hali oldinda turgan bo‘lsa-da, hozirgi g‘alaba bilan Koreyada 1 yil mobaynida mashina haydashga ruxsat berilar ekan. Sharti – haydovchiga yonida kamida 2 yillik tajribaga ega boshqa bir haydovchi hamrohlik qilishi kerak.

3. «Road test» – katta ko‘chadagi hal qiluvchi bosqich ($20)

Bu bosqichda imtihon topshiruvchi mashinada yolg‘iz qoldirilmaydi. Baxtga qarshi boshqa ishtirokchilarning amaliyotini kuzatish nasib etmadi.

Biroz bo‘lsa-da ishonch bilan harakatni boshlagandim, lekin katta ko‘chaga chiqishga ulgurmay imtihonni tugatishga to‘g‘ri keldi – qizil chiroqni payqamay qolibman. 

Real hayotdagi avtomobil boshqaruvi – maxsus maydonchadagi sinovlardan sezilarli darajada osonroq. Svetofor chiroqlariga e'tiborli bo‘linsa bas. Imtihondan o‘tish uchun yakuniy balingiz 70dan yuqori bo‘lishi kerak.

Mayda jihatlardek ko‘ringan, lekin muhim sanaluvchi harakat yoki harakatsizlik uchun katta-katta ball olib tashlanadi. Uchinchi urinishda deyarli xato qilmadim va mas'ul xodim hujjatimga ko‘k muhrni bosib berdi. Ana endi erkin nafas olish mumkin edi, g‘alaba!

Aslida, bir kunda ish bitishi mumkin edi…

Afsuski, o‘sha kunning o‘zida guvohnomani olib ketish nasib qilmadi. Pasport olib borish xayoldan ko‘tarilgan ekan. Ertasi kuni surat, pasport va Koreya ID kartasini olib bordim.

Atayin soatga qarab turdim: 6 daqiqa ichida menga Janubiy Koreya haydovchilik guvohnomasini topshirishdi.

Mashina haydashda deyarli hech qanday tajribam bo‘lmagani bois guvohnoma olishim uchun 2 oy vaqt kerak bo‘ldi. Yakuniy g‘alabaga uchun uchta bosqichda jami 13 marta urinib ko‘rishimga to‘g‘ri keldi.

Har gal imtihondan yiqilib, qayta topshirish uchun ariza topshirayotganda yana alohida to‘lov qilinadi. 2 oylik umumiy xarajatim – yo‘lkira bilan birga chamasi 220 dollarga yetdi.

Janubiy Koreya haydovchilik guvohnomasining xorijda amal qilishi

Hujjat xalqaro haydovchilik guvohnomasi sifatida 35ta davlatda hech qanday qo‘shimcha qog‘ozbozliksiz amal qiladi. Avstraliya, Buyuk Britaniya va Kanada shular jumlasiga kiradi. Guvohnoma 10 yil muddatga beriladi.

Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, Janubiy Koreya haydovchilik guvohnomasi 97ta davlatda tan olinadi.

O‘zbekistonda olingan haydovchilik guvohnomasi bilan Koreyada avtomobil boshqarish mumkin

O‘zbekiston fuqarolari o‘z yurtlarida olgan haydovchilik guvohnomasi bilan Koreyada mashina haydash uchun guvohnomani koreyscha variantga almashtirib olishlari kerak.

Koreyada o‘qiyotgan talaba tanishlarimdan biri bu ish 3-4 soatda hal bo‘lishini aytgandi.

Guvohnomasi yo‘q, biryo‘la Koreyada avtomobil boshqarishga ruxsat olaman, deb niyat qilganlar tayyorgarlikka jiddiy yondashganlari ma'qul. Mingtalik testni yod olish, mashinada sinov mashqlariga tayyorgarlik ko‘rish tavsiya etiladi.

Agar moliyaviy imkoningiz bo‘lsa, avtomaktabga qatnashingiz ham mumkin. Lekin eng hamyonbop usul – videokurslar orqali bilim olish va xavfsiz maydonchada tajribani oshirish.

Eldor Vohidov,
Kun.uz'ning Janubiy Koreyadagi muxbiri.

P.S. «Koreya kundaligi» ruknidagi navbatdagi maqola bilan chet ellik talabalarning Koreyada qonuniy ishlashi bilan bog‘liq masalalar va viza turini o‘zgartirishdagi muammolarni yoritish rejalashtirilgan.

Rukndagi turkum maqolalar:

Koreya kundaligi. O‘qishga jo‘nab ketishning ilk taassurotlari

Video: Janubiy Koreyada metro O‘zbekistondagidan qanchalik farqli?

«15 soatlik ish kuni, koreys oshxonasi va o‘zbek shovvozlari». Koreya orzusining ikkinchi tomoni

Koreya kundaligi: O‘zbeklarning muhojirlikdagi hayoti, vatan sog‘inchi, o‘zbekcha o‘rgatilgan koreyslar va boshqalar haqida

Mavzuga oid