Sport | 18:40 / 09.10.2019
30461
5 daqiqa o‘qiladi

Vadim Abramov: «Yigitlar milliy jamoa uchun jonini berib o‘ynaydi, bunga shubha qilmang»

JCh-2022 saralashidan o‘rin olgan O‘zbekiston — Yaman o‘yinidan oldin har ikki jamoa murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda qatnashgan O‘zbekiston milliy jamoasi murabbiyi Vadim Abramov jamoa yaxshi kayfiyatda ekanini ma'lum qildi.

«Kim bilan o‘ynayotganimizni hamma biladi. Yigitlar qanday holatda turganimizni bilishadi, ochko yo‘qotishga haqqimiz yo‘q. Jangovor tayyorgarlikdamiz desak bo‘ladi.

Bilishimcha, raqibning 10-raqamli futbolchisi o‘ynamas ekan. Bu borada omadimiz kelganmi yoki yo‘q bir nima deya olmayman. Tushunishimcha, ularda oldinda o‘ynaydigan bitta hujumchi qolyapti. Yaman xotirjam o‘ynaydi va oldingi o‘tishga shoshmay, o‘z imkoniyatini kutadi. Ammo shunday o‘yin bilan ular Saudiyaga ikkita gol urishdi, Singapurga ham. Raqibning qarshi hujumlari haqida yigitlarni ogohlantirdik. Ular zamonaviy til bilan aytganda avtobus qo‘yib o‘ynaydi, ammo bunga aldanmaslik kerak.

Yamandagi holat sabab ularda chempionat o‘yinlari bo‘lmasa-da, milliy jamoa futbolchilari doim birga bo‘lishadi. Ularning o‘yinlaridan bir-birlarini yaxshi tushunishlari ko‘rinib turibdi. Biz o‘z imkoniyatimizni bilgan holda o‘ynashimiz kerak, biz O‘zbekistonmiz! Qog‘ozdagi gaplarning barchasini maydonda isbotlashimiz kerak.

Bu mening birinchi o‘yinim ekani raqibga qiyinchilik tug‘dirishiga umid qilaman. Oldingidan boshqacharoq o‘yin ko‘rsatishimizni xohlayman, ammo ochig‘i qanday o‘ynashimizni hali o‘zim ham bilmayman. Olimpiya jamoasiga qarshi o‘yin ham biz uchun foydali bo‘ldi, chunki olimpiyachilarimizni yaxshi jamoa deb aytishimiz mumkin.

Uyda devorlar ham yordam beradi deyishadi, ammo ba'zan devorlar ortiqcha bosim ham yuklaydi. Umid qilaman, muxlislarning tashrifi yigitlarga kuch beradi. Odil uchun oxirgi jahon chempionati saralashi? Menimcha, bunday emas. Odil ertaga asosiy tarkibda maydonga tusha oladimi yo‘qmi bir narsa deya olmayman, chunki u jarohatidan tiklanmoqda.

Bizda hozir aniq vazifa qo‘yilgan — mana shu guruhdan chiqish. Keyingi bosqichda boshqa raqiblar haqida o‘ylashimiz mumkin. Biz faqat natija haqida o‘ylab o‘yinni o‘ylamaslikka ham haqqimiz yo‘q. Ba'zan o‘yinsiz ham natija kelishi mumkin, ammo men chiroyli o‘yin ko‘rsatishimizni ham xohlayman. Men hozir faqat Yaman haqida o‘ylayapman.

Men hozir Kuperning uslubi haqida gaplashmoqchi emasman, men o‘z o‘yinim haqida gapiraman. Yigitlarning barchasi professional, ular mening uslubini to‘g‘ri tushunishadi deb o‘ylayman. Ko‘ramiz, maydonda nimalar bo‘larkin.

Futbolchiga bitta xato yoki bitta o‘yin bilan baho berib bo‘lmaydi. O‘zbekiston milliy jamoasiga kelayotgan har bir futbolchi milliy jamoa uchun jonini berib o‘ynaydi, bunga shubha qilmasangiz ham bo‘ladi. Oldin Maksimni tanqid qilishardi klubda yaxshi o‘ynaydi, milliy jamoada yaxshi emas deb, hozir Odil haqida shanday gapirishadi, ammo ishoning, ularning asosiy maqsadi jamoaning natijasi uchun o‘ynash.

Biz kengaytirilgan ro‘yxatga ko‘p futbolchilarni kiritganmiz, juda ko‘p. O‘yin uslubiga tushadigan futbolchilarni tarkibga jalb qilaveramiz. Olimpiya jamoasida ham milliy jamoa uchun da'vogarlar bor.

«Paxtakor» stadionida o‘ynayotganimiz yaxshi bo‘ldi, chunki bu maydonning holati juda yaxshi. «Bunyodkor» stadioni himoyalanayotgan jamoalar uchun qulayroq. Oldingi safar kelganimdagi jamoani hozirgisi bilan solishtirish qiyin, bir oydan keyin sizga jamoaning imkoniyatlari haqida aniqroq gapirishim mumkin»,— deb murabbiyning so‘zlarini keltirmoqda Tribuna.uz muxbiri.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid