Jamiyat | 18:00 / 11.10.2019
55931
3 daqiqa o‘qiladi

Dehqonobodda «Lasetti» «Kamaz»ni ag‘darib yubordi. Qurbonlar bor

Foto: Telegram / @kashuvd

11 oktabr kuni soat 4:00 atrofida Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida M-39 «Olmaota—Toshkent—Termiz» yo‘lining Gumbuloq qishlog‘i hududidan o‘tgan 1262-kilometrida «Kamaz» yuk mashinasi va «Lasetti» avtomobili ishtirokida yirik yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi.

Qashqadaryo viloyati IIB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, YTH oqibatida 3 kishi halok bo‘lgan va 1 kishi shifoxonaga joylashtirilgan.

«2019 yil 11 oktabr kuni soat 04:00larda Dehqonobod tumani Gumbuloq qishlog‘i xududidan o‘tgan «M-39» raqamli «Olmaota-Toshkent-Termiz» yo‘nalishidagi xalqaro avtomobil yo‘lining 1262-km.da «Lasetti» rusumli 75 R 488 NA davlat belgili avtomashina Termiz shahri tomondan harakatlanib kelib, qarama-qarshi tomonidan harakatlanib kelayotgan «Kamaz» rusumli 75 T 303 NA davlat raqam belgili yuk avtomashinasi bilan to‘qnashib ketishi natijasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.     

Natijada uch nafar shaxs hodisa sodir bo‘lgan joyda vafot etgan. Bir nafar shaxs esa turli darajadagi tan jarohati olib, tuman markaziy shifoxonasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Dehqonobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi xabarda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ham hodisa yuzasidan ma'lumot berdi va ushbu YTH 4 kishining o‘limiga sabab bo‘lganini ma'lum qildi.

«11 oktabr kuni soat 04:00lar atrofida Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani «Gumbuloq» MFY hududidan o‘tuvchi «Olmaota – Toshkent – Termiz» yo‘nalishidagi xalqaro avtomobil yo‘lining 1262-kilometrida  «Lasetti» va «Kamaz» rusumli avtomashinalar to‘qnashuvi natijasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. 

Avtohalokat oqibatida jami 5 nafar fuqarodan 4 nafari voqea joyida vafot etgan. Bir nafari, Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani «Hurlik» mahallasida yashovchi, 1967 yilda tug‘ilgan X.B. Dehqonobod tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga yotqizilgan. Bemorga «O‘ng bilak suyagining tipik kismidan yopiq sinishi» tashxisi qo‘yilgan. Ayni paytda shifokorlar unga davo muolajalarini ko‘rsatmoqda.

Ushbu vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qat'iy nazoratga olingan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid