Jamiyat | 18:59 / 11.10.2019
88895
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar prokuraturasi Kamolondagi qotillik bo‘yicha ma'lumot berdi

Bir necha kun oldin internetda Toshkent shahrining «Kamolon» mahallasida 26 yoshli yigit 24 yoshli rafiqasi tomonidan bo‘g‘ib o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda ajrashmoqchiligini aytgan er o‘z rafiqasi va uning xushtori tomonidan o‘ldirilgani haqida aytilgandi.

10 oktabr kuni Bosh prokuratura matbuot xizmati ushbu qasddan odam o‘ldirish jinoyati bo‘yicha rasmiy ma'lumot berdi. 

Bugun, 11 oktabr kuni Toshkent shahar o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi boshlig‘i Anvar O‘rmonov Kun.uz muxbiriga ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgan mazkur jinoyatning dastlabki tergov harakatlaridan aniqlangan ma'lumotlarni   taqdim etdi.

«Tezkor-tergov harakatlarida aniqlanishicha, K.A. turmush o‘rtog‘i A.A. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro nizo sababli uni qasddan o‘ldirish haqida qarindoshi O.H. bilan jinoiy til biriktirgan. Jinoiy rejalarini amalga oshirish maqsadida O.H. 4 oktabr kuni soat taxminan 19:00da A.A.ning uyiga kelib, xonadon mehmonxonasidagi stol ostiga berkinib, K.A. bilan birga A.A.ni o‘ldirish uchun qulay fursat kutgan.

O.H. 5 oktyabrga o‘tar kechasi soat taxminan 3:00da A.A.ni uxlagan deb o‘ylab, yotoqxonaga kirgan, biroq A.A. uyg‘oq bo‘lgani sababli uning ustiga chiqib, yuz qismiga chap qo‘li mushti bilan bir necha zarba bergan, so‘ngra oldindan tayyorlab qo‘yilgan dazmol elektr simi bilan bo‘yin sohasidan bo‘g‘a boshlagan. Natijada A.A. O‘ziga bo‘layotgan tajovuzdan himoyalanib, yaqin qarindoshlarini yordamga chaqira boshlagan vaqtda K.A. o‘z turmush o‘rtog‘ining yuziga yostiq bilan bosib, uning nafas yo‘llarini berkitib, A.A.ni qasddan o‘ldirishgan.

Yana shunga aniqlik kiritib o‘tish kerakki, O.H. marhum A.A.ning turmush o‘rtog‘i K.A.ning tog‘asining o‘g‘li, ya'ni qarindoshi hisoblanadi. K.A. oldindan rejalashtirilgan jinoyatni sodir etish maqsadida tog‘asining o‘g‘li O.H.ga uyiga kirishda yordamlashgan. Bu vaqtda esa marhumning uyida ota-onasi, amakisi, buvisi bo‘lishgan. Lekin ular boshqa-boshqa xonalarda bo‘lgan.

Jinoiy ish hujjatlariga ko‘ra, qotil uyga kirib kelishi uchun A.A.ning turmush o‘rtog‘i xonadon eshigi qulfini ochib qo‘yish bilan yordam bergan. Jinoyat haqidagi xabar huquqni muhofaza qilish organlariga 5 oktabr kuni ertalab soat 06:00da kelib tushgan, 1 sutka davomida tezkor tergov harakatlari olib borilib, jinoyat fosh etilgan», deya ta'kidlab o‘tdi bo‘lim boshlig‘i.

Eslatib o‘tamiz, mazkur ish bo‘yicha 2019 yil 7 oktabr kuni O.X. va K.A. jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «p» bandi bilan ayblov e'lon qilingan va ehtiyot chorasi sifatida «qamoq» jazosi qo‘llangan. 

Ayni vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.

Mavzuga oid