Toshkentda «buxanka» non narxi oshdi
Bugun, 15 oktabr kuni, Toshkentda qolipli non (buxanka)ning narxi oshdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Ma'lumotlarga ko‘ra, bir buxanka non do‘kon va bozorlarda 1350-1500 so‘mdan sotilmoqda.
Kun.uz. muxbirlari Toshkent shahrining turli tumanlarida joylashgan 10ta do‘konga borishdi. Ularning 5tasida buxanka non 1500 so‘mdan, 4ta do‘konda 1400 so‘mdan va bittasida 1350 so‘mdan sotilmoqda.
«Kecha ham nonni 1100 so‘mdan sotgandik, bugundan boshlab yangi narxi 1500 so‘mga teng. Nonni sotishdan katta daromad olmaymiz, har bir buxankadan atigi 100 so‘m. Rostini aytganda, narxni oshirmaslik kerak edi. Mijozlar oldida noqulay, ammo boshqa ilojimiz ham yo‘q. Bu narx siyosati», - dedi sotuvchilardan biri.
Faqat bitta do‘konda bir buxanka non 1350 so‘mdan sotilmoqda. Do‘kon egasi unga shunday ko‘rsatma berilganligini aytdi.
«Ertalab non olib kelishdi. Narxi yangicha. Biz nonni 1400 so‘mdan sota boshladik, ammo keyin ikki nafar «kostyumli» kelib, narxni 50 so‘mga tushirishni buyurishdi. Biz shunday qildik», - dedi u.
Darhaqiqat, peshtaxtada non 1350 so‘mdan sotilayotgani yozilgan. Shu bilan birga, sotuvchi «kostyumli shaxslar» qaysi tashkilot vakili ekani haqida ma'lumot berishdan qat'iyan bosh tortdi. Yuqoridagi hodisa Chilonzor tumanida qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, 14 oktabr kuni Vazirlar Mahkamasining «Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Hujjatda qayd etilishicha, I nav unning ulgurji va chakana narxlarini ma'muriy tartibda belgilash narxlarni shakllantirishning to‘laqonli bozor mexanizmlarini joriy qilish imkonini bermayapti va un ishlab chiqaruvchi tashkilotlar ishlab chiqarilgan va sotilgan har bir tonna undan salkam 900 ming so‘m zarar ko‘rmoqda.
Hujjat bilan hukumat don va un narxlarini erkinlashtirishga qaror qildi. Bu, o‘z navbatida, buxanka non narxining 1500 so‘mga oshishiga olib keldi. Oxirgi marta non narxi 2018 yil sentabr oyida oshirilgandi. Bungacha buxanka non ko‘p yillar davomida 600-650 so‘mdan sotilgan.
Yangi qarori bilan shunday tartib o‘rnatildiki, unga ko‘ra 2019 yil 15 oktyabrdan:
“O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi tashkilotlar tomonidan 2019 yil hosilidan tayyorlangan va un ishlab chiqarishga yo‘naltiriladigan bug‘doydan boshqa g‘alla iste'molchilarining barcha toifalariga faqat birja savdolari orqali hech qanday cheklovlarsiz sotiladi. Bunda, g‘allaning boshlang‘ich narxi sotuvchi tomonidan amaldagi xarid narxi, tayyorlash, tashish, saqlash va boshqa xarajatlardan kelib chiqqan holda shakllantiriladi;
davlat xaridlari doirasida sotib olingan bug‘doyni qayta ishlashdan olinadigan un barcha iste'molchilarga hech qanday cheklovlarsiz 100 foiz oldindan to‘lovni amalga oshirish orqali ochiq birja savdolarida sotiladi. Bunda, 2019 yil 1 dekabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan shakllantirilgan ro‘yxatga kiritilgan qolipli non ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga, unni birja savdolarida 30 foiz oldindan to‘lov va yakuniy hisob-kitobni 10 kun ichida amalga oshirishga ruxsat etiladi;
un narxi keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida 2019 yil hosilidan tayyorlangan bug‘doyning tonnasi un ishlab chiqarishga 1 300 ming so‘mdan ulgurji narxlarda sotiladi. Bunda, bug‘doyning o‘rtacha xarid narxi va ulgurji narxi o‘rtasidagi 120 ming so‘m miqdoridagi salbiy farq O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qoplanadi;
“O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi tashkilotlar o‘rtasida un ishlab chiqarishga yo‘naltiriladigan bug‘doyning ichki aylanmasi qo‘shilgan qiymat solig‘isiz ulgurji narxlarda (1 300 ming so‘m) hamda tayyorlash, tashish va saqlash xarajatlari hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
Shuningdek, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab un va qolipli non xarid qilish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun to‘lanayotgan pul kompensatsiyasini quyidagi miqdorlarda belgilash to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi:
yoshga doir va nogironligi bo‘yicha nafaqa, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi va nafaqasi (har bir boqimandaga), bolalikdan nogiron bo‘lgan 16 yoshdan katta shaxslarga nafaqa, 16 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalar va 18 yoshga to‘lmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga nafaqa, shuningdek, belgilangan eng kam yoshga doir pensiyaning miqdoridan kam pensiya oluvchi har bir pensiya oluvchiga beriladigan har oylik pul kompensatsiyasi - 50 ming so‘m;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar parvarishi uchun tayinlangan nafaqa yoki moddiy yordam oluvchi oilaga beriladigan har oylik pul kompensatsiyasi - 50 ming so‘m.
Belgilanishicha, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab 14 yoshgacha bo‘lgan bolalari uchun tayinlangan nafaqani oluvchi oilalarga hamda belgilangan eng kam yoshga doir pensiya miqdorida pensiya oluvchilarga ham 50 ming so‘m miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi joriy etiladi hamda ularning nafaqa va pensiyalari miqdori 50 ming so‘mga ko‘payadi.
Mavzuga oid
18:07
IIV tuzilmasida Doniyor Toshxo‘jayev va yana ikki mansabdor lavozimidan ozod etildi
18:52 / 23.11.2024
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
16:37 / 23.11.2024
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
10:51 / 23.11.2024