O‘zbekiston | 20:30 / 21.10.2019
48705
2 daqiqa o‘qiladi

DXX Qozog‘iston bilan chegarada avtomashinalar to‘planib qolganiga izoh berdi

Qozog‘istonning «Tajyen» chegara bojxona postidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi «Dovud ota» chegara bojxona postiga kirishdagi yo‘lda tirbandliklar yuzaga kelgan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari matbuot xizmati Qozog‘iston bilan chegaraning shu qismida transport vositalari to‘planib qolgani holati yuzasidan izoh berdi.

«Qozog‘istonning «Tajyen» chegara bojxona postida («Dovud ota» chegara bojxona posti qarshisida) uch kun mobaynida yuzaga kelgan texnik kamchiliklar tufayli, haydovchilardan O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tishda boshqa yo‘nalishni tanlashni so‘raymiz.

Umid qilamizki, qozog‘istonlik hamkasblarimiz yaqin vaqtlar ichida ushbu texnik nosozlikni bartaraf etishadi», deyiladi DXX Chegara qo‘shinlari matbuot xizmati tomonidan Kun.uz’ga berilgan xabarda.

Oktabr oyi boshida ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘istonning «Tajyen» chegara bojxona postidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi «Dovud ota» chegara bojxona postiga kirishda o‘nlab «fura»lar tirbandlik sababli navbatda turib qolayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi. Davlat bojxona qo‘mitasi ushbu xabarlarga munosabat bildirib, bu tirbandliklarga bojxona chegarasi orqali harakatlanayotgan avtotransport vositalari oqimi keskin oshgani bilan izohlagandi.

Bundan avvalroq Davlat bojxona qo‘mitasi Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasi bilan chegarada joylashgan «B.Konisbayev» chegara o‘tkazish punktida qayta qurish va kengaytirish ishlari olib borilishi munosabati bilan «Yallama» posti orqali jismoniy shaxslar va ayrim turdagi transport vositalarining harakati vaqtincha cheklanishi haqida ma'lum qilgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid