Sport | 12:00 / 24.10.2019
30025
11 daqiqa o‘qiladi

Messining yangi rekordi va Chemberlenning supergollari. YeChLda 3-tur yakunlari

Chorshanba oqshomida Chempionlar ligasida guruh bosqichining 3-tur uchrashuvlari yakunlandi.

«Ayaks»ning ilk mag‘lubiyati

H guruhi
«Lill» — «Valensiya» — 1:1 
(Ikone, 90+5 — Cherishev, 63)

Denis Cherishev Ispaniya chempionati doirasida «Atletiko»ga qarshi o‘yinda omadsiz harakat qilgan bo‘lsada (birinchidan, to‘p uning qo‘liga tekkanidan keyin raqib penalti tepgandi, ikkinchidan u yuz foizlik imkoniyatdan foydalana olmagandi) murabbiy unga imkon berdi.

Lilldagi o‘yinda Cherishev bexato harakat qildi. Gameyrodan ajoyib pas qabul qilib olganidan so‘ng u Madridda bo‘lgani kabi kuchli zarba yo‘llamadi (o‘shanda uning zarbasi darvoza to‘sinidan qaytgandi), shunchaki to‘pni darvozabonning yonginasidan darvoza to‘riga kiritib qo‘ydi. O‘yinning qolgan qismida Denis jamoaga himoyalanishda yordam berdi, Diakabi 84-daqiqada qizil kartochka olib maydondan chetlatilgach, murabbiy Cherishev o‘rniga himoyachi Garayni tushirishga majbur bo‘ldi. Diakabining chetlatilishi o‘yin taqdirini hal qildi, «Valensiya» o‘yinning so‘nggi daqiqasida gol o‘tkazib yubordi, Ikone o‘yinga qo‘shib berilgan beshinchi daqiqada gol urib, ispanlarga guruh yetakchilari qatoriga qo‘shilib olishiga imkon bermadi.

«Ayaks» — «Chelsi» — 0:1 (Batshuayi, 86)
O‘yin arafasida jurnalistlar Frenk Lempard «Ayaks»dan qo‘rqayotganini taxmin qilishgandi. Bunday savolni eshitgan murabbiy jilmayib javob bergandi: hurmat qilish bor, ammo qo‘rquv yo‘q. Eng yaxshi javob maydonda qaytarildi,  londonliklar o‘yinni juda pragmatik o‘tkazishdi. Aytish mumkinki, «Chelsi»ning omadi ham keldi. Ayniqsa, birinchi bo‘limda Ziyoshning uzatmasidan keyin Promes to‘pni darvoza to‘riga joylaganida. Ammo bu vaziyatda VAR Kvinsida mikroskopik ofsayd bo‘lganini qayd etdi.

Yana bir vaziyatda Promes Alvaresni qulay vaziyatga chiqardi, ammo argentinalik himoyachining zarbasidan keyin inglizlarni darvoza to‘sini goldan saqlab qoldi. Ikkinchi bo‘limda futbolchilar almashtirilishidan keyin mehmonlar tashabbusni qo‘lga olishdi. Pulishich tomonidan yaratilgan birinchi golli vaziyatdan Batshuayi foydalana olmadi, ammo amerikalik futbolchining keyingi pasini belgiyalik forvard darvoza to‘riga joyladi.

«Ayaks» yevrokuboklarda shu vaqtgacha 446 daqiqa davomida gol o‘tkazmayotgandi, bu goldan keyin esa bu mavsumdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qildi. Amsterdamliklar so‘nggi marta Chempionlar ligasi yarimfinalida «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda mag‘lub bo‘lgandi.

Suares yana safarda gol urolmadi

 

F guruhi
«Slaviya» Pr — «Barselona» — 1:2
 (Borjil, 50 — Messi, 3. Olayinka, 57, avtogol)

Agar bu turda Krishtianu Ronaldu gol urishda tanaffus qilgan bo‘lsa, Messi Arturning ajoyib pasidan unumli foydalandi. Argentinalik futbolchi bu orqali Chempionlar ligasida qatorasiga 15 mavsumda gol urgan birinchi futbolchi bo‘ldi. Ha, agar ketma-ket emas, barcha mavsumlar hisobga olinganda bunday natija «Real» afsonasi Raul tomonidan ham qayd etilgan, bu borada rekordchi esa Rayan Giggz hisoblanadi, u jami 16 mavsumda YeChLda kamida bittadan gol urgan. Qolaversa, «Slaviya» Messi YeChLda gol urgan 33-jamoa bo‘ldi, bu boradagi birinchilikni Leo Raul va Ronaldu bilan birga bo‘lishib turibdi.

O‘yinning bunday boshlanishi pragaliklarni sindirib qo‘ymadi. Chexlar bu turnirda ancha dadil o‘ynamoqda, agar Ter Shtegenning seyvlari bo‘lmaganida, mezbonlar g‘alaba qozonishi ham mumkin edi. Borjil hisobni tenglashtirganida bu mantiqiy yakunga o‘xshab ko‘ringandi. Qolaversa, Suaresning safarda gol urolmaslik kompleksi mezbonlar foydasiga ishladi. Urugvaylik futbolchi ko‘p vaqtlardan beri begona stadionda gol ura olmayapti va bu seriya bu oqshomda ham davom etdi. Lekin baribir Luisning zarbasi katalonlarga g‘alaba keltirdi, deyarli imkoniyat yo‘q vaziyatda turib, maydondan chiqib ketayotgan to‘pni maydonga qaytarganida to‘p raqib hujumchisi Olayinkaga tegib darvoza to‘riga kirib ketdi.

«Inter» — «Borussiya» D — 2:0 (Lautaro Martines, 22. Kandreva, 89)

Oqshomning eng markaziy o‘yinida Sensi va Roysning yo‘qligi muxlislarni xafa qildi, yakunda Dortmundning yo‘qotishi ahamiyatliroq bo‘lib chiqdi. «Asalarilar»ni Shuls uyaltirdi. U sun'iy ofsayd yuzaga keltirishda xatoga yo‘l qo‘ygach Lautaro Martines hisobni ochdi.

Bu oqshomda Hummels ham o‘zining eng yomon o‘yinlaridan birini o‘tkazdi, 2016 yildan buyon ilk marta «Borussiya» sardori bog‘ichini taqqan futbolchi xatoga yo‘l qo‘yib, penaltiga sababchi bo‘ldi, Martines Byurki bilan duelni boy bergan bo‘lsa-da, milanliklar keyinchalik baribir ikkinchi golni urishdi - qarshi hujumda Kandreva darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi va o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi.

Gollar yomg‘iri guruhi

Ye guruhi
«Genk» — «Liverpul» — 1:4 (Odey, 86 — Oksleyd-Chemberlen, 2, 57. Mane, 77. Saloh, 87)

Chempionlar ligasining amaldagi g‘oliblari Belgiyadagi o‘yinni tetiklik bilan boshlashdi — Oksleyd-Chemberlen 2-daqiqadayoq qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi. Ammo qizillar himoyada xatolarga yo‘l qo‘yishdi, agar «Genk» futbolchilari aniqroq harakat qilishganida birinchi bo‘limdayoq kamida bitta gol urishlari mumkin edi. Samatta to‘pni baribir darvoza to‘riga joylagan vaziyatda esa, arbitr forvard gol urilishidan oldin Milnerga nisbatan fol qayd etgan deb topdi.

O‘yin hujumlarga boy bo‘ldi, ikki tomon ham o‘z vaziyatlaridan foydalanganida, hisob masalan 6:4 yoki 7:5 bo‘lishi hech kimni hayratlantirmagan bo‘lardi. Faqat mezbonlar vaziyat ketidan vaziyatni ko‘kka sovurdi, Yurgen Kloppa jamoasi esa vaziyatlardan foydalanish borasida master-klass o‘tdi. Qolaversa, vaziyatlardan foydalanish juda chiroyli harakatlar bilan amalga oshirildi, ayniqsa Oksleyd-Chemberlenning ikkinchi goli shubhasiz haftaning eng chiroyli goli bo‘ldi. Bu gol «Liverpul»ning Chempionlar ligasidagi yubiley 200-goli edi.

«Zalsburg» — «Napoli» — 2:3 (Holand, 41, penalti, 72 — Mertens, 17, 64. Insine, 73)

Norvegiyalik vunderkind Holand Chempionlar ligasini zabt etishda davom etmoqda. Bu oqshomda uning samaradorlik seriyasini VAR ham, italyanlar darvozaboni Meret ham to‘xtatishga urindi. Ammo Malkyui jarima maydoniga yorib kirgan Xvan Xi Chxanni yiqitganidan keyin belgilangan penaltini Holand aniq ijro etib, turnirdagi gollari sonini 5taga yetkazib qo‘ydi.

Qiziq, bu forvard kelgusida qaysi klub libosini kiyar ekan? Bunday iqtidori bilan Holand Drogbaning natijalariga erishishga qodir, yaqin o‘tmish afsonasi 16 yil muqaddam Chempionlar ligasidagi dastlabki uch o‘yinida 5ta gol urgandi. Norvegiyalik hujumchi esa ikkinchi bo‘limda qanotdan uzatilgan to‘pni boshi bilan ajoyib tarzda darvozaga yo‘llagan holda bu natijani ortda ham qoldirdi

Lekin o‘yinda yana bir qahramon bor edi, Mertens bu o‘yinda dubl qayd etib, «Napoli» safidagi gollari sonini 116taga yetkazdi va klub uchun gol urish borasida afsonaviy Diyego Maradonani ortda qoldirdi. Endi oldinda faqat bir futbolchi, shu yil bahorida Xitoy chempionatiga yo‘l olgan Hamshik qoldi (121). Bundan tashqari, hisob 2:2 ekanligida Mertens Insine g‘alaba golini urishiga yordamlashdi. Neapolitanliklar xursandchiligidan Karlo Anchelottini bo‘g‘ib qo‘yishiga bir baxya qoldi.

Darvozabonning xatosi

G guruhi
«Benfika» — «Lion» — 2:1
 (Rafa Silva, 4.Pitssi, 86 — Depay, 70)

Rudi Garsiya Chempionlar ligasiga qaytishi bu darajada dramatik bo‘lishini kutmagani aniq. «Lion» uning boshqaruvida xarakter ko‘rsata boshladi va Lissabonda hisobni tenglashtirdi, ammo barchasini darvozabon Antoni Lopeshning qo‘pol xatosi chippakka chiqardi. U to‘pni egalllab olgach, uni o‘yinga kiritishga shoshildi, uning uloqtirgan to‘pi to‘g‘ri borib Pitssining oyoqlariga tushdi, u esa uzoq masofadan bo‘lsa-da bo‘sh qolgan darvozani aniq ishg‘ol etdi.

«Leypsig» — «Zenit» — 2:1 (Lyaymer, 49. Zabitser, 59 — Rakitskiy, 25)

«Zenit» Leypsigga guruh yetakchisi sifatida yo‘l olgandi, holbuki YeChL o‘yinlari boshlanishi arafasida ushbu kvartetning yaqqol favoriti Yulian Nagelsman jamoasi bo‘lishi kutilgandi. Liondagi durang va «Benfika» ustidan qozonilgan g‘alaba Rossiya chempioni birinchi o‘rin uchun kurashishini ko‘rsatib qo‘ydi. Endi asosiy masala Bundesliga vakiliga qarshi ikki o‘yinda hal bo‘lishi aniq edi.

«Red Bull Arena»da nimalar bo‘ldi? «Zenit» munosib harakat qildi, birinchi bo‘lib hisobni ochdi, ammo yakunda piterliklar jamoasi RPLda bunday yuqori intensivlikdagi o‘yinlarda ishtirok etmasligi pand berdi. «RB Leypsig» ikkinchi bo‘limda o‘yinda burilish yasadi va o‘zi yaratgan vaziyatlardan unumli foydalanib, guruh yetakchiligini «Zenit»dan tortib oldi.

Mavzuga oid