Qurilish materiallari bozoridagi muammolar, yechimlar va istiqbol. Soha rahbari bilan suhbat
Kun.uz tahririyati davlat idoralari va turli tashkilotlar mutasaddi rahbarlari bilan intervyularni davom ettiradi. Qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida korrupsiya bormi? O‘zbek marmari qachon dunyoga dong taratadi? Tsement importi uchun imtiyozlar bekor qilinishi sababi nimada? Sohada innovatsion jarayonlar va yosh mutaxassislar malakasi talabga javob berishi uchun nimalar qilish kerak? «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi boshqaruv raisi Botir Zaripov bilan bo‘lib o‘tgan navbatdagi suhbat shu va boshqa savollar atrofida bo‘ldi.
— Avvalambor, uyushma faoliyati haqida gaplashsak. Bugungi kunda «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi nimalar bilan band?
— Ko‘pchilikka ma'lum, so‘nggi 3 yilda respublikamizda keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. «Obod qishloq», «Obod mahalla» yoki aholi uchun shinam uy-joylar qurilishi, shaharlarimizning obodonchiligini so‘nggi o‘n yillar bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Aynan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga amaliy yordam berish, duch keladigan muammolarni bartaraf etish, sohaga sarmoyalar, ayniqsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish, korxonalarni modernizatsiya qilish, eksportni ko‘paytirish va importni qisqartirish kabi masalalar bizning asosiy vazifalarimizdan hisoblanadi.
— Sir emas, O‘zbekistonda kapital qurilish sohasi juda ham rivojlanib bormoqda. Bu o‘z-o‘zidan qurilish materiallariga bo‘lgan talabni ham oshiradi. Shu nuqtayi nazardan sohani rivojlantirish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
— Albatta, sohaning rivojlanishi uchun eng katta omil huquqiy-me'yoriy hujjatlarning qabul qilinishi. Ushbu qarorlar soha rivojiga katta turtki bo‘ldi. Ikkinchi omil mamlakatimizdagi qazilma boyliklar. Respublika hududidagi mingdan ortiq qazilma boyliklarni sanoat usulida qayta ishlab, katta natijalarga erishyapmiz. Uchinchisi, albatta, mehnatkash xalqimiz va tadbirkorlarning tashabbuslari.
— Qurilish sohasi rivojlanayotgani bois, ayrim mahsulotlarga talab yuqori bo‘ladi. Misol uchun, sement. Statistikaga ko‘ra, bu yil o‘zimizda bunday zavodlar ko‘p bo‘lishiga qaramay, xorijdan ko‘p miqdorda sement import qilingan. Importning o‘rnini bosish so‘nggi 15 yilda kun tartibidan tushmagani inobatga olinsa, bu masala qanday hal etilmoqda?
— Savolingizga javob berishdan oldin ayrim raqamlarga to‘xtalsam. Sohamizda asosiy ijobiy o‘zgarishlar so‘nggi 3 yilda amalga oshirilyapti. Agar 2016 yil bilan joriy yilning kutilayotgan yakunlarini solishtiradigan bo‘lsak, 2016 yilda sohada 8400ga yaqin korxona faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, shu yil oxiriga kelib, bu raqam 10,5 mingga yetishi kutilmoqda. Ikkinchi ko‘rsatkich, bu mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘rsatkichi. 2016 yilda 7 trln 800 mrld so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqilgan. Bu yil yakuni bo‘yicha bu raqam 20 trln so‘mni tashkil etadi. Uchinchi ko‘rsatkich, bu investitsiyalar. Tahlil davrimizda sohaga kiritilayotgan sarmoya 4,5 baravarga oshib, yil yakunigacha 1,5 mlrd dollar investitsiya kiritilishi kutilmoqda, vaholanki 2016 yilda atigi 360 mln dollar investitsiya kiritilgan edi.
— Xorijiy sarmoyadorlar, sir bo‘lmasa, ko‘proq qaysi yo‘nalishlarga e'tibor qaratmoqda?
— Chet ellik sarmoyadorlar birinchi navbatda bozori chaqqon bo‘lgan, qurilish sohasida ko‘p ishlatiladigan materiallarga katta qiziqish bildiradi. Eng avvalo sement ishlab chiqarishga. Ikkinchisi qurilish oynasi. 2016 yilda respublika bo‘yicha 8 mln tonna sement ishlab chiqilgan bo‘lsa, 2019 yil yakuni bilan yiliga 15 mln tonna sement ishlab chiqarish quvvati paydo bo‘ladi. 2018 yilda 3,5 mln tonna sement import qilingan bo‘lsa, peshma-pesh zavodlar ishga tushgani natijasida sement importiga berilgan imtiyozlarga ham zarurat qolmadi. Sentabr oyida 320 ming tonna sement import qilingan bo‘lsa, oktyabrda 50 ming tonna. Lekin bozorda sement narxi deyarli o‘zgarmadi. Ikkinchi asosiy qurilish materiali bu qurilish oynasi. 2016 yilgacha bizda faqat bitta - «Kvars» AJ qurilish va boshqa oyna mahsulotlari ishlab chiqqan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 3taga ko‘payadi. Shulardan bittasi Jizzax viloyatida ishga tushib, qurilish va bezakli oynalar ishlab chiqarilmoqda. Keyingi yilning birinchi choragida «Kvars» korxonasi kengaytirilishi hisobiga bir yilda 22 mln kv.m. qurilish oynasi ishlab chiqarishga erishiladi. Bundan tashqari, Navoiy viloyatida yiliga 10 mln kv.m. qurilish oynasi ishlab chiqaruvchi quvvat ishga tushiriladi.
— Xalq orasida O‘zbekistonda ishlab chiqilgan sement sifatiga ishonchsizlik bildiriladi. Uyushmada qurilish materiallarini ishlab chiqarish sohasida sifatni nazorat qilish qanday yo‘lga qo‘yilgan?
— Albatta, bu savollarni o‘zimiz ham eshitganmiz. Bir narsani aytishim kerak, har bir sement zavodi to‘liq ishga tushishdan oldin mas'ul idoralar tomonidan ularning mahsulotlari tekshiruvdan o‘tkaziladi. Ishchi komissiyaning mazkur zavod me'yoriy talablarga qanchalik javob berishi yuzasidan aktlar tuziladi. Shartlardan yana biri, sement zavodida laboratoriya bo‘lishi kerak. Unda ishlab chiqilayotgan sement sifati doimiy ravishda kompyuter dasturlari vositasida nazoratdan o‘tkazib turiladi. Shu nuqtayi nazardan sifatli sement ishlab chiqarilishi kafolatlangan. Zavoddan hech qachon sifatsiz sement sotuvga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
— Qurilish mavsumi boshlanganida sement narxi qimmatlashadi, qishga kelganda aksincha. Aytmoqchi bo‘lganim, bugungi kunda qurilish materiallari bozori qanchalik shaffof?
— Barcha sement zavodlarimiz o‘z mahsulotlarini birja savdolari orqali sotishga majbur. Birja savdosi shaffof bo‘lib, har qanday tadbirkor o‘z vakili orqali yuqoriroq narx berib, istagancha sement xarid qila oladi. Shu yilgacha qurilish mavsumida sement narxi ko‘tarilishi kuzatilar edi. Biroq, yangi zavodlar ishga tushishi natijasida sement narxi birmuncha barqaror saqlanib turdi. Ya'ni, 2019 yil 1 yanvar holatiga bir tonna sement narxi 471 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 1 iyunda 572 ming so‘mni tashkil etdi, 1 iyulda 476 ming so‘mdan sotildi. 2 oktabr holatiga ko‘ra, bir tonna sement 484 ming so‘mga teng bo‘ldi. Yil boshidagi narx bilan orqadagi farq unchalik katta emas.
— O‘zbekiston qurilish materiallari qaysi mamlakatlarga eksport qilinmoqda va bular qaysi mahsulotlar?
— Atrofimizda juda katta bozor bor. O‘zbekistondan gipsokarton, pardoz toshlari, keramika mahsulotlari va sanfayans, linoleum, shuningdek, tom yopishda ishlatiladigan materiallar ham eksport qilinmoqda. Ozarboyjonga 1 mln dollarga yaqin keramika plitalari yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Afg‘onistonning o‘zi yiliga 200 mln dollarlik mahsulot import qiladi. Biz ushbu bozorni ikki omil, tannarx va sifat bilan egallashimiz mumkin. Shu bilan birga, yaqin 3 yilda eksport miqdorini 4-5 baravar oshirish imkoniyatlari mavjud.
— Italiya marmari, Ispaniya marmari deyishadi. O‘zbekistonda G‘ozg‘on marmar koni bor. O‘zbek marmarining qachon dunyoga dong‘i ketadi?
— Ham og‘riqli va to‘g‘ri savol berdingiz. Biz Alloh bergan tabiiy boyliklardan yetarli darajada foydalana olmayapmiz. G‘ozg‘onda shunaqa toshlarimiz borki, Italiyada ham, Ispaniyada ham yo‘q. Bu yerda ikkinchi masala shuki, SSSR vaqtida marmartoshlar portlatib olingani sababli mikroyoriqlar paydo bo‘lgan va sifat tushgan. Endilikda, Xitoy va Italiyadan yangi zamonaviy tosh kesuvchi arralar va uskunalar keltirildi. Nima uchun Xitoydan kelib Nurotada, Tomdi tumanida zavod ochyapti? U toshimizning sifatini, qadrini va bozordagi narxini bilyapti-ki, shunday qilmoqda.
— Sohada raqobat qanchalik rivojlanmoqda?
— Raqobat kun sayin oshmoqda. Ayniqsa, yirik korxonalar o‘rtasida. Masalan, «Qizilqumsement» 600 marka sement ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa, «Ohangaronsement» 700 marka sement ishlab chiqarmoqchi. Bundan tashqari, mahsulotlar diversifikatsiyasi ham yo‘lga qo‘yilmoqda.
— Uyushma oldida qanday muammolar bor va siz ularga qanday yechimlarni taklif etmoqdasiz?
— Albatta, ish bor joyda kamchilik bo‘ladi. Bizning soha ham bundan istisno emas. Eng katta masala, hududlardagi barcha korxonalar ham to‘liq quvvatda ishlamayapti. Uskuna bor, imkoniyat bor, ammo 30 foiz quvvatda ishlayapti. Vaholanki, u kamida 80-90 foiz quvvatda ishlashi kerak. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Masalan, qazilma boyliklardan foydalanish samarasini olaylik. Ayrim tadbirkorlar kar'yerni olib qo‘ygan, lekin foydalanmaydi. Hozirda, shunday taklif tayyorlayapmizki, bu kabi tadbirkorlar litsenziyasidan mahrum etiladi.
— Sohada mutaxassislar muammosi qanday hal etilmoqda? Hozirgi yetishib kelayotgan yoshlar qurilish materiallari bozorini rivojlantirish talabiga javob beradimi?
— Zamonaviy axborot texnologiyalari rivojlangan davrda ushbu texnikalardan foydala oladigan, chet tillarni yaxshi o‘zlashtirgan kadrlar zarur. Shunday kadrlar yetishtiruvchi markazlarimiz bo‘lsa-da bu yetarli emas. Biz yuqoridagi talablarga javob beradigan kadrlar to‘liq shakllangan deb ayta olmaymiz. Bu bo‘yicha ishlashimiz, zavodlar hududida o‘quv kurslarini tashkil etishimiz kerak.
— Tizimdagi korrupsiya masalasi. Soha qay darajada korrupsiyadan xoli deb ayta olasiz?
— Foizda ayta olmayman, tan olishim kerak. Qolaversa, bu borada mas'ul idoralar ham bor. Lekin, oddiy fuqaro sifatida aytishim mumkinki, ilgarilari tizimda bo‘lgan. Korrupsiya nimadan kelib chiqadi? Jamiyatdagi muhit ta'sir qilishi barobarida qanchalik ko‘p to‘siqlar bo‘lsa, qiyinchiliklar sun'iy yaratilgan bo‘lsa, bu yerda, albatta, korrupsiya bo‘ladi. Tadbirkor litsenziya ololmaganidan keyin, u boshqa yo‘llar bilan borishga harakat qiladi. Bugungi kunda hujjatlarni topshirsa, 10 kunda litsenziyasini olib ketmoqda. Bundan tashqari, ilgari sementni zavodning o‘zi sotgan, kim ko‘proq xizmatini qilib qo‘ysa yoki ko‘proq bersa, o‘shanga sotilgan. Hozir birja orqali sotiladi.
Yoki investitsiya kiritish masalasi. Avval mana bu xizmatni qilib qo‘yasan, keyin ruxsat beriladi, deyishgan. Hozirda bu jarayonlarning barchasi shaffof. Korrupsiya yo‘q deb aytolmayman, lekin bunday salbiy illatlarga barham berish borasida ishlar olib borilmoqda.
— Botir aka, mazmunli suhbatingiz uchun katta rahmat! Uyushma bilan katta marralarni egallashingizga tilakdoshmiz!
Mavzuga oid
17:07 / 31.01.2024
Boqiy Buxoro madaniy-etnografik parki loyihasi haqida ma’lumot berildi
08:53 / 08.02.2022
Buxoro viloyati hokimi yakshanba kuni yig‘ilish o‘tkazgani yuzasidan tekshirish boshlandi
12:50 / 06.02.2022
Buxoro viloyati hokimi dam olish kuni uch tumanda yig‘ilish o‘tkazdi
18:32 / 02.12.2021