Jamiyat | 16:02 / 29.10.2019
25953
4 daqiqa o‘qiladi

«Bu zo‘ravonlik emasmi?!» - Samarqandda xususiy mulk buzilib, egallab olingan

Kun.uz tahririyatiga kelgan murojaat bilan tanishish davomida dastlab voqeaga biroz shubha ham paydo bo‘ldi. Chunki, XXI asrda, qonun-qoidalar bilan (kuch bilan emas) boshqariladigan mamlakatda fuqaro boshqa bir fuqaroning mulkini tortib olib bino qurishiga ishonish qiyin-da.

Ammo o‘rganishlar Samarqandda aslida ham xuddi shunday voqea bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Bino egasi Vahob Vohidovning vakili Munira Vohidova murojaatda zo‘ravonlik holati haqida bayon qilgan.

«Samarqand shahridagi Al-Xorazmiy ko‘chasida joylashgan qahvaxonaga 2016 yildan beri qonuniy egalik qilib kelamiz. Men safarda bo‘lgan vaqtimda, 2018 yil dekabr oyida T.M. tomonidan o‘zboshimchalik bilan avvaliga binomizning atrofi kavlab tashlanib ishlab bo‘lmaydigan holatga keltirildi. Keyin to‘liq buzib tashlandi.

Kelib o‘sha buzgan odamni topib gaplashsam, avvaliga «binoni qayta qurib beraman», dedi. Keyin esa binomiz o‘rnidan qurilgan mehmonxonasidan joy berishini aytdi. Birovning mulkini tap tortmay buzib egallab olgan odam harholda uning binosi ichida tinch ishlagani ham qo‘ymasligi tayin. Shu sababdan bunga ko‘nmadim.

T.M. esa qayerga murojaat qilsam, kelgan vakillarga «o‘rniga bino qurib berdim», deb kelmoqda. Axir, qonunchiligimizda istagan odamning mulkini buzib, o‘rniga buzgan odam xohlagan joydan bino taklif qilish yoki «to‘laydigan pulim yo‘q», deb turib olishi mumkinmi? Bu zo‘ravonlik emasmi?! Men rozi emasman-ku u taklif qilgan joyga?», — demoqda Munira Vohidova.

Bino egasining najot so‘rab Samarqand shahar ichki ishlar idoralariga yozgan arizasi o‘rganilib, jinoyat tarkibi aniqlanmagani sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atishdan rad qilish qarori qabul qilingan.

Holbuki, bu xatti-harakat O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinadi.

Hartugul, Samarqand shahar prokuraturasi IIBning qarorini tergovga qadar tekshiruv harakatlari to‘liq o‘tkazilmagani, qaror shoshma-shosharlik bilan qabul qilinganini bildirib, u qarorni bekor qilgan. Prokuratura tomonidan ish hujjatlarini qo‘shimcha o‘rganish uchun qayta IIBga yuborilgan.

Fuqaroning murojaati Samarqand shahar hokimligi tomonidan ham o‘rganilgan. Hokimlik javob xatida haqiqatan ham T.M. tomonidan birovning mulki buzib tashlangani tasdiqlanib, buzilgan imorat yil yakuniga qadar T.M. tomonidan qayta tiklab berilishi kafolatlanadi, deyilgan. Ammo «qayta tiklab berilishi kafolatlangan» bino o‘rnida hozir T.M. qurgan mehmonxona qad ko‘tarib turibdi.

Mehmonxona ichidan taklif qilingan bir necha xonani olishga esa ikki qavatli kafesidan ayrilgan M.Vohidova rozi emas. 

Tadbirkorning mulki buzib tashlanish arafasida

Buzilgan bino o‘rnida qurilgan mehmonxona

Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid